Jahon | 11:51 / 02.01.2023
10186
3 daqiqa o‘qiladi

Chet elga chiqishi cheklangan rossiyalik qarzdorlar soni 8 mln kishiga yetdi

2022 yilda qarzlari tufayli mamlakatni tark etish taqiqlangan rossiyaliklar soni 8 million kishiga yetdi. Bu 2021 yil oxiriga nisbatan deyarli ikki baravar ko‘p.

Foto: Interfaks

2022 yil oxiriga kelib, Rossiya fuqarolari orasida chet elga chiqishi cheklangan qarzdorlar soni 8 million kishiga yetdi, deb xabar bermoqda TASS davlat axborot agentligi 1 yanvar, yakshanba kuni Rossiya Federal sud ijrochilari xizmatiga ("FSSP") tayanib. Bu ko‘rsatkich fuqarolarning qarzlari tufayli mamlakatdan chiqib ketishiga cheklovlar joriy etilganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Ushbu ta’sir o‘lchovi 15 yil oldin ishlay boshlagan.

"FSSP" agentlikka ma’lum qilishicha, 2021 yil dekabr oyida 4,6 million ijro jarayonida sayohat cheklovlari mavjud edi, ammo 2022 yil yozining boshiga kelib, 5,5 million rossiyalikning chiqib ketishi cheklangan deb tan olingan. So‘nggi 10 yildagi umumiy dinamika chet elga chiqish taqiqlangan rossiyalik qarzdorlar sonining ko‘payishini ko‘rsatadi. 2013 yilda sayohatga chiqish mumkin bo‘lmaganlar ro‘yxatida 300 mingga yaqin kishi bo‘lgan bo‘lsa, 2016 yil oxirida ularning soni 1 millionga, 2019 yilda esa 3,4 millionga yetdi.

2020 yilda Rossiya sud ijrochilari sayohat cheklovlarini qarzdorlarga ta’sir qilishning samarali chorasi sifatida baholadilar. Agar qarz 30 ming rubldan oshsa, sud ijrochisi shaxsning Rossiyadan chiqib ketishini cheklashi mumkin, qarzning ayrim turlari uchun cheklovlar 10 ming rubldan boshlanadi. Chegarada qarzdor tegishli ma’lumotlar bazasida qarzni to‘lagani to‘g‘risidagi belgi paydo bo‘lmaguncha, hatto viza bo‘lsa ham, chiqib ketishiga ruxsat etilmaydi.

2021 yilning yozidan boshlab Rossiya Davlat dumasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan taklif etilgan va Rossiya hukumati tomonidan ma’qullangan qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda, unga ko‘ra, chet elga chiqishi cheklangan qarzdorlardan chet el pasportlari qarzlari to‘langunga qadar olib qo‘yilishi mumkin.

Bundan tashqari, tashabbus mualliflari familiyasi, ismi, tug‘ilgan sanasi yoki jinsini o‘zgartirgan rossiyaliklarning xorijiy pasportlarini avtomatik ravishda bekor qilishni taklif qilishgan. Biroq, qonun loyihasi Davlat dumasiga taqdim etilganidan beri ko‘rib chiqish natijalari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Mavzuga oid