09:58 / 03.08.2017
18421

GM Uzbekistan “Sirdaryoavtotexxizmat” xodimi firibgarligi bilan bog‘liq holatga izoh berdi

GM Uzbekistan kompaniyasi Facebook’dagi sahifasida Ikkinchi jahon urushi faxriylariga berilgan sertifikatdan foydalanish orqali avtomobillarni sotishda firibgarlik bilan shug‘ullangan “Sirdaryoavtotexxizmat” MChJ xodimi Abdumurod Haqberdiyevning qo‘lga olingani haqidagi xabarga izoh berdi.

Axborotda aytilishicha  “GM Uzbekistan” AJ korrupsiyaning istalgan ko‘rinishini qat'iy qoralaydi va bizning korxona faoliyatiga aloqador bo‘lgan va avtomobillarning realizatsiyasi jarayonida noqonuniy ravishda boyishga harakat qiluvchi istalgan mansabdor shaxs yoki tashkilotga nisbatan murosasiz pozitsiyasi haqida ma'lum qiladi”.

Bundan tashqari, qayd etilishicha, kompaniya tomonidan korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘rilgan. Ular orasida savdoning yangi tizimi, shartnoma olish uchun murojaatlarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazishni joriy etish, avtomobillarni taqsimlashda shaffoflikni ta'minlash, shuningdek, GM Uzbekistan va dilerlik korxonalarining barcha xodimlari o‘rtasida keng tushuntirish ishlarining olib borilishi bo‘yicha tadbirlar bor.

“Bizning korxona va barcha dilerlik tashkilotlarning har bir xodimi noqonuniy boyish maqsadida korrupsiya va firibgarlikning istalgan ko‘rinishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yozma majburiyatni o‘ziga olgan”, - deyiladi kompaniya axborotida.

Bunday majburiyatlar avtomobillarni sotish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan individual dilerlik kelishuvlariga kiritilgan. Ushbu holatlar noqonuniy boyish usullaridan foydalanish bo‘yicha qandaydir faktlar aniqlansa, turli javobgarlik choralari, xususan, barcha shartnoma majburiyatlarini bekor qilishni nazarda tutadi.

Kompaniya axborotida qayd etilishicha, Abdumurod Haqberdiyev dilerlik tashkilotlarining barcha xodimlari kabi, 2017 yilning yanvarida yozma ko‘rinishda bu majburiyatni o‘z bo‘yniga olgan. “Biroq shunga qaramay, ushbu shaxs noqonuniy harakatlari oqibatlari qanchalik jiddiy ekani va jinoiy xatti-harakatlar uchun jazo muqarrarligi tamoyilini oxirigacha anglamagan ko‘rinadi”, - deyiladi axborotda.

Shu bilan birga, ta'kidlanishicha, aniq bir shaxsning ushbu harakatlari alohida holat bo‘lib, “GM Uzbekistan” AJ avtomobillarining realizatsiyasi butun tizimiga ekstrapolyatsiya qilinmasligi lozim. 

“GM Uzbekistan” AJ ushbu hodisa bo‘yicha to‘liq surishtiruv o‘tkazishda huquq-tartibot va sud organlariga yordam berishga tayyorligini ma'lum qilgan.

Top