Jahon | 11:32 / 03.08.2017
5557
3 daqiqa o‘qiladi

Keniyada prezidentlik saylovi: Bilish kerak bo‘lgan asosiy nuqtalar

Kelasi hafta Afrikaning sharqiy davlatlaridan biri - Keniya Respublikasida prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi.

8 avgust kuni o‘tkazilishi belgilangan siyosiy tadbirda amaldagi prezident Uhuru Kenyatta o‘z nomzodini ilgari surishi va ikkinchi besh yillikda ham mamlakatni boshqarishi kutilmoqda. Hozirgi hukumatga o‘zini muxolifat deb bilgan Raila Odinga ham siyosiy kurashlarda uning qo‘li baland kelishidan umidvor. Avvalgi saylov kampaniyasida 55 yoshli Kenyatta barchasini osonlikcha uddalashi bashorat qilingan bo‘lsa, bu safar vaziyat biroz boshqachadek ko‘rinmoqda. Agar u saylovlarda yutmasa, demak ikkinchi mavsumga saylanmagan ilk Keniya prezidenti bo‘lib tarixda qoladi.

Bundan besh yil ilgari, Odinga saylovdagi firibgarliklar uchun Oliy sud oldida javob berishga majbur bo‘lgan, voqealar rivojida Uhuru prezident etib saylangan edi. Garchi kutilayotgan siyosiy voqeada 8 kishi nomzodi tasdiqlangan bo‘lsada, Raila Odinga va Uhuru Kenyatta asosiy nomzodlar hisoblanadi. E'tiborli jihati, Odinga Keniyaning ilk prezidenti Jomo Kenyattaning farzandi, Raila esa birinchi vitse-prezidentining o‘g‘lidir.

Keniya mahalliy qonunchiligiga ko‘ra, prezident umumiy saylovchilarning 50 foizdan ortiq ovozini to‘plashi so‘raladi. Shuningdek, mamlakatdagi 47 birliklarning har birida nomzod 25 foiz ovozdan kam bo‘lmagan qo‘llab-quvvatlanishga ega bo‘lishi lozim. Agar bunday vaziyat kuzatilmasa, saylov natijasi bekor qilinadi. Bunday holat esa Keniya tarixida kuzatilmagan.

Mamlakatda yoshlar ishsizlik darajasi 22.2 foiz atrofida bo‘lib, ikki raqib ham ish o‘rinlarini yaratish borasida katta va'dalar berishga majbur bo‘lmoqda. Agar umumiy aholining 80 foizdan ortig‘i 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan tashkil topgani hisobga olinsa, bu mushkul vazifadir. Mustaqil ekspertlar tomonidan 2008 yil tarqatilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Keniyadagi ishsizlik ko‘rsatkichi butun aholining 40 foizdan oshib ketgan edi. BMT tarqatgan ma'lumotlariga ko‘ra, keniyaliklarning 45,5 foizi qashshoqlikda umr kechiradi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid