17:28 / 04.08.2017
8643

Qozog‘istondan so‘nggi 10 yilda 10 mlrd dollarlik o‘g‘irlangan pullar olib chiqib ketildi

Qozog‘istonda so‘nggi 10 yilda o‘g‘irlangan mablag‘larni xorijga olib chiqish bo‘yicha 36 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Kazakhstan Today ma'lum qildi.

"Jinoyatchilar 10 mlrd dollarni o‘marishgan va ularni xorijga olib chiqib ketishgan. Bu YaIMdan 8,1 foizga teng", - deya xabar berishgan Qozog‘iston bosh prokuraturasidan.

"Bizning bu ishdagi eng zaif tomonimiz – malakali tergovchilarning yo‘qligi. Ular xorijiy davlatlarga so‘rovlarni to‘g‘ri tuzish, aktivlarga xatlov qo‘yish va ularni vatanga qanday qaytarilishini bilmaydilar. Xorijiy hamkasblar bilan qalin aloqa yo‘q", - deya ta'kidlab o‘tishgan idoradan.

Shu bilan birga, mamlakat bosh prokuraturasidan aytilishicha, o‘tgan yilning oktabridan aktivlarni qaytarish bo‘yicha loyihani amalga oshirish boshlandi. Birinchi navbatda akademiya bazasida BMT boshqarmasi va AQSh elchixonasi ko‘magida 169 tergovchiga ta'lim berildi, shuningdek, 10 nafar milliy murabbiylar tayyorlandi.

"Xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qilish organlari bilan ma'lumotlarni tezkor almashish maqsadida Yevropa va Osiyoning ma'lumot almashish bo‘yicha jahon tarmoqlariga ulandik. Endilikda, rasmiy yozishmaga vaqt sarflash va javobni uzoq kutish kerak emas", - deya qayd etishgan prokuraturadan.

Shuningdek, xabar qilinishicha, tegishli idoralar bilan xorijdan jinoiy daromadlarni qaytarish bo‘yicha uslublar ishlab chiqildi. Bunda AQSh, Singapur, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Kanada kabi davlatlarning tajribasiga tayanildi.

"Qo‘shma ishlar natijasida 60 million dollarga xatlov qo‘yildi. Ayni damda ularni qaytarish bo‘yicha harakat qilmoqdamiz", - deya xabar berishgan mamlakat bosh prokuraturasidan.

 

Top