Jamiyat | 18:12 / 04.08.2017
9204
4 daqiqa o‘qiladi

Sifat bo‘yicha ekspert-auditorlar attestatsiyadan qanday o‘tkaziladi?

O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktorining buyrug‘i bilan Sifat bo‘yicha ekspert-auditorlarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Sifat bo‘yicha ekspert-auditorlarni attestatsiyadan o‘tkazish:

•  ularning professional malakasi va kasbiga munosibligi darajasini xolisona baholash;
•  zimmasiga yuklangan vazifalar, funksiyalarni bajarish yuzasidan mas'uliyatini, sifatni baholash faoliyatining samaradorligini oshirish;
•  sifat bo‘yicha ekspert-auditorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini berish maqsadida amalga oshiriladi.

Oliy ma'lumotli, muvofiqlik sertifikati va sifatni baholash sohasida 3 yildan kam bo‘lmagan ish stajiga ega bo‘lgan, sifatni baholash sohasida malaka oshirgan, shuningdek sertifikatlashtirishdan o‘tgan sohasi bo‘yicha jami 4 marta akkreditatsiya va inspeksiya nazoratlarida ishtirok etgan mutaxassislar attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Sifat bo‘yicha ekspert-auditorlar har 3 yilda attestatsiyadan o‘tkazilishi kerak.

Attestatsiyani o‘tkazish uchun “O‘zstandart” agentligi bosh direktori buyrug‘iga asosan  9 nafardan iborat Attestatsiya komissiyasi tuziladi. Attestatsiya komissiyasining yig‘ilishi har 3 oyda 1 marotaba o‘tkaziladi va uning a'zolarining kamida 2/3 qismi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Nomzod ariza bilan quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

•  shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport) nusxasi;
•  nomzodning tasdiqlangan shakl bo‘yicha anketasi;
•  oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplomning ko‘chirma nusxasi;
•  akkreditatsiya va inspeksiya nazoratlarida ishtirok etganligini tasdiqlovchi buyruq nusxalari;
•  ish stajini tasdiqlovchi hujjat (mehnat daftarchasi);
•  ish joyidan tavsifnoma;
•  xodimni sertifikatlashtirilganligi to‘g‘risidagi muvofiqlik sertifikati nusxasi.

Attestatsiyaning o‘tkazilish joyi va vaqti to‘g‘risida nomzod kamida 10 kun oldin xabardor qilinadi. Barcha zarur hujjatlarni taqdim etgan nomzod attestatsiyaga uzrsiz sababga ko‘ra kelmagan taqdirda unga navbatdagi majlisda attestatsiyadan o‘tkazilish uchun yana bir bor imkoniyat beriladi.

Attestatsiya suhbat ko‘rinishida o‘tkaziladi.

Nomzodning bilimlari va ish tajribasini hisobga olib quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:

•  nomzodni attestatsiyadan o‘tgan deb e'tirof etish va unga guvohnomani berish;
•  nomzodni attestatsiyadan o‘tmagan deb e'tirof etish va unga guvohnomani berishni rad etish.

Attestatsiya natijalari komissiya a'zolari orasida ovoz berish jarayoni tamom bo‘lgandan keyin darhol e'lon qilinadi.

Komissiya qaroridan norozi bo‘lgan nomzodlar attestatsiya natijalari e'lon qilingan kundan boshlab 10 kun ichida Apellyatsiya komissiyasiga ariza (shikoyat) bilan murojaat qilishlari mumkin.

Guvohnomaning amal qilish muddati — 3 yil. Guvohnoma blankalari qat'iy hisobot beriladigan hujjatlar hisoblanadi, himoyalanganlik darajasiga, hisobga olish seriyasiga va tartib raqamiga ega bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid