Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xarob bo‘layotgan, tiriklar tomonidan egallanayotgan qabristonga mutasaddilar e'tiborsiz
Aslida bu ariza ham odatdagidek yer masalasi bo‘lib, kimdir unga firib berganu, yerini ololmayotgandir deb o‘ylagandim. Ammo...
— 2015 yilning noyabr oyida onam vafot etdilar, — deya gap boshladi Talliota mahallasi Qiyot qishlog‘ida yashovchi fuqaro Islomxon Toxirov. — Onamni qo‘yish uchun qabrni qazishganda qabrdan suv sizib chiqdi. Onamni qabrga taxta, ko‘rpacha va plyonka qo‘yib dafn qildik. Oradan hech qancha o‘tmasdan bir kuni onam tushimga kirib, butun tanasi suv bo‘lib yotganligidan shikoyat qildilar. Ana shundan so‘ng mening tinchligim yo‘qoldi...
O‘tganlarni doimo eslab turish va ularga istig‘for aytish, xoki turoblari mangu qo‘nim topgan qabrlarini ziyorat qilib, ozoda tutish, haqlariga duo qilish tiriklarning islomiy va insoniy burchidir. Afsuski, ayrim fuqarolar o‘z manfaatlarini ustun qo‘yishi natijasida insonlarning ruhi poklari qo‘nim topgan qabrlarning buzilishiga sabab bo‘lmoqdaki buni shunchaki so‘z bilan ta'riflab bo‘lmaydi.
Tayloq tumani Talliota mahallasi Qiyot qishlog‘ining «Kattabog‘» qabristoni ham bugun ayrimlarning manfaatlari evaziga jiddiy zarar ko‘rish ostonasida turibdi. Qiyot qishlog‘ining «Kattabog‘» qabristoni chor atrofi suv bo‘lib, bir tomondan «Qorasuv» kanali, ikkinchi tomondan «Mohinur Manzura» fermer xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun 120 metrli ariq, uchinchi tomondan «Murivat Mezon» fermer xo‘jaligining uzunligi 140 metr, eni 10 metr va chuqurligi 2.5–3 metrga boradigan sun'iy tarzda yaratilgan baliqxonasi qurilgan. To‘rtinchi tomondan esa, qabriston uchun ajratilgan yerni Tulliota mahallasida yashovchi fuqarolar noqonuniy tarzda egallab olib, shaxsiy manfaatlari uchun g‘alla va boshqa ekin ekishi natijasida qabristondagi qabrlar suvga to‘lib bormoqda.
— Bizni qiynab kelayotgan muammo yuzasidan bir yilu yetti oydan beri 14 ta ariza yozdik. Tumandagi eng kichik tashkilotdan tortib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni va virtual qabulxonasigacha murojaat qildik, — deydi Islomxon aka.— Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsada biror bir ijobiy o‘zgarish bo‘lmadi. Yuborilgan arizalarga kelgan javob xatlarining hammasida qabriston atrofidagi ariqlar, baliqxona noqonuniy qurilganligi, qabriston yeri ham o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aytilsada, biroq muammoning yechimiga kelganda hech qaysi bir tashkilot «labbay» deb javob bergani yo‘q.
Yurtimizda har yili muborak ayyomlar, qutlug‘ kunlar munosabati bilan umumxalq hasharlari o‘tkazilib, qabristonlar obodonlashtiriladi. Nahotki, Tayloq tuman hokimligi, tuman musulmonlar idorasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar salkam ikki yildan beri Qiyot qishlog‘i «Kattabog‘» qabristonining muammosiga parda ortidan qarab kelayotgan bo‘lsa?! Tadbirlarda, uchrashuvlarda qabristonlarni obodonlashtirish, uning atrofini ko‘kalamzorlashtirish borasida saotlab bong urishni bilamizu, mana shunday muammolarga kelganda o‘zimizni ortga tortamiz. Fuqarolarning murojaatlarini faqat quruq qog‘ozdagina hal etib qo‘yamiz. Islomxon Tohirov tomonidan yozilgan arizalar ham mutasaddi tashkilotlar tomonidan faqatgina javob xati bilan «hal» etilgan xolos.
Tayloq tuman yer resurslari va Davlat kadastr bo‘limi boshlig‘i A. Jumaqulovning 2015 yil 12 dekabrda yo‘llagan javob xatini o‘qib ochig‘i hech nimaga tushunmadim. Xatda arizani o‘rganish holati quyidagicha bayon etilgan: (Javob xati tahrirsiz holda havola etilgan) «Sizning arizangiz yuzasidan uzingizning ishtirokingizda kabriston atrofidagi yer maydonlari urganilib chikildi urganish jarayonida arizada kabristonga ziyon keltirayotgan deb takidlangan arik va zovurlar kabristonning garb tomonida joylashganligi ma'lum buldi. Bundan tashkari kabristonning shimoli-shark tomonidan korasuv kanali utganligi xamda ushbu korasuv kanalini garb tomonidagi ya'ni arizada kursatib utilgan arikka suv chikarish maksadida dimiktirilganligi sababli asosan kabristonga ushbu korasuv kanalining dimiktirilganligi sababli kabristonga suv sizib borayotganligi ma'lum buldi. Ushbu xolatlarni inobatga olgan xolda bugungi kunda foydalanib kelinayotgan fermer xujaliklari raxbarlari va axoli suvni dimiktirmasdan pastki tomondan arik olib suv olishlari mumkinligi tushuntirilganligini ma'lum kilaman».
Samarqand viloyati yer resurslari va Davlat kadastri boshqarmasi boshlig‘i S. Hakimov 2016 yilning 12 yanvar kuni I. Toxirovga quyidagi mazmunda javob xati yo‘llagan: Tayloq tumani Tepaqishloq massivida faoliyat ko‘rsatayotgan «Mohinur Manzura bog‘i» fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydoniga boruvchi suv ariqdan qabristonga suv o‘tganligi sababli, ariza muallifi Tohirov Islomxon tomonidan ko‘mib, yopilganligi ma'lum bo‘ldi. Ushbu holatlarni inobatga olgan holda «Murivat Mezon» fermer xo‘jaligiga qarashli mavjud eski ariq o‘rnidan «Mohinur Manzura bog‘i» fermer xo‘jaligi rahbariga ariq olib, ekinlarni sug‘orish imkoniyatlari borligi tushuntirib berilganligini ma'lum qilamiz.
Tayloq tuman sanitariya-epidimologiya nazorati markazi bosh vrachi A.Pardaqulovning2017 yilning 10 may kuni javob xati:O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash Vazirligining 0298-11-sonli «Qabristonlarni joylashtirish va saqlash to‘g‘risida»gi, 0227-07-sonli «O‘zbekiston sharoitida aholi punktlarini loyihalash, qurish va joylashtirish to‘g‘risida»gi sanitariya me'yor va talablariga asosan qabristonlar atrofida sanitariya himoya zonasi 100 metr deb belgilangan. Shunga asosan qabriston yonidagi 2 metr masofada qazilgan qariq mazkur me'yor talablariga zid ekanligini ma'lum qilaman.
Samarqand viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Z.Jamolovning javob xati:
«Tayloq tumani Talliota MFYga qarashli Qiyot qishlog‘i xududida joylashgan «Kattabog‘» qabristoniga yaqin masofaga joylashgan «Murivat mezoni» fermer xo‘jaligi tomonidan noqonuniy ravishda qabristonga 6 metr uzoqlik masofada 2.5x10 metr kenglikda baliqxona tashkil qilish maqsadida hovuz qazilganligi aniqlandi.
Ushbu hududdan «Qorasuv» kanalining irmog‘i 50 metr, sug‘orish arig‘i 6 metr oraliq masofadan oqib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 7 apreldagi 174-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasidagi suv omborlar va boshqa suv havzalari, daryolar, magistral kanal va kollektorlarning shuningdek, ichimlik suv ta'minotining davolash va madaniy-sog‘lomlashtirishda ishlatiladigan suv manbalarining suvni muxofaza qilish zonalari haqida»gi Nizomi talablari bo‘yicha Qorasuv kanali irmog‘i va sug‘orish arig‘i irrigatsiya tarmog‘i suvning himoya mintaqasi 12 metr etib belgilangan. Tashkil qilinayotgan baliqxona qabristonga yaqinligi uchun qurilishi man etiladi. Tashkil etilgan baliqxona uchun hovuzlarni ko‘mdirish tabiatni muxofaza qilish qo‘mitasi vakolatiga kirmasligini ma'lum qilamiz».
Samarqand viloyati Davlat sanitariya epidimologiya nazorati markazi bosh vrachi O. Boyqobilovning 2016 yilning 22 dekabrida yo‘llagan javob xati:
«Kattabog‘» qabristoni bir yon devoridan 50 metr oraliq masofada Qorasuv kanali oqib o‘tishi, ikkinchi yon tomondan Barnoyeva Manzura fermer xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun qabriston devoridan 2-3 metr oraliq masofada 120 metr uzunlikdagi ariq o‘tganligi, shuningdek, «Murivat Mezoni» fermer xo‘jaligiga qarashli baliqxona uchun qabriston devoridan 5-6 metr oraliq masofada eni 10 metr, uzunligi 140 metr va chuqurligi 2-3 metrdagi baliqchilik bilan shug‘ullanish uchun suv hovuzi qazilganligi oqibatida hozirgi paytda qabriston xududi ichidan qabrlar qazishda yerosti suvlarining yer yuzasiga sizib chiqib muammolarni keltirib chiqishiga olib kelmoqda va ushbu mahallada yashovchi aholining haqli e'tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu qabriston atrofida sanitariya himoya zonasini buzilishi, ya'ni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 0298-11-sonli «Qabristonlarni joylashtirish va saqlash to‘g‘risida»gi, 0227-07-sonli «O‘zbekiston sharoitida aholi punktlarini loyihalash, qurish va joylashtirish to‘g‘risida»gi sanitariya me'yori va qoidalari talablarini buzilishiga yo‘l qo‘yilgan. Sanitariya me'yori va qoidalari talablari bo‘yicha sanitariya himoya zonasi 100 metrdan kam bo‘lmasligi lozim.
Shu sababli «Kattabog‘» qabristoni atrofida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tezda bartaraf etish maqsadida viloyat hokimligiga amaliy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida ma'lumot kiritildi.
Tayloq tuman hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A. Egamovning javob xati:
«Katta bog‘» qabristoni 2011 yilda tuman yer mulk kadastr xizmati tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, kadastr xujjatlarida qabriston xududidan xo‘jalik ariq-zovurlari o‘tmagan. Xo‘jalik ariq-zovurlari qabriston chegara xududidan qancha masofada joylashishini tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi guruhi, tuman DSENM va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan xulosa berilishini ma'lum qilamiz.
Yuqorida nomlari keltirilgan tashkilotlar qabriston atrofida qazilgan ariq va baliqxona amaldagi qonun talablariga zid ravishda qurilganligini ta'kidlasada, biroq, qabriston atrofidagi ariq haligacha mavjud bo‘lib, baliqxona faoliyati hamon davom etib kelayotganligini qanday tushunish mumkin? Nahotki tuman hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar mavjud qonunlarning buzilayotganligiga loqaydlik bilan qarab tursa?
— «Kattabog‘» qabristoniga 1.3 gektar yer maydoni qo‘shib berilgan, — deya so‘zida davom etdi Islomxon Tohirov. — Afsuski, Talliota qishlog‘ida yashovchi fuqarolar Shodiyev Amri 0.24 ga, Umarov Shodmon 0.08 ga, Umarov Sherali 0.06 ga yerni noqonuniy tarzda egallab olgan. Bu borada ham ko‘p tashkilotlarga murojaat qildik. Ammo natija bo‘lmadi. Meni bir savol qiynaydi. Qabriston uchun ajratilgan yerni egallab olgan fuqarolarning vijdoni bormikan? Ularni oxirat o‘ylantirarmikan? Axir hammaning borar yeri bir qarich yer-ku?
Haqiqatdan ham «Kattabog‘» qabristonining yeri Talliota qishlog‘ida yashovchi Shodiyev Amri, Umarov Shodmon va Umarov Sherali tomonidan egallab olingan bo‘lib bu borada Tayloq tuman hokimi P.Ahmedov 2017 yilning 30 yanvar kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Tayloq tumanlararo sudining raisi G.Esanovaga da'vo arizasi yuborgan.
Da'vo arizasida, Tepaqishloq QFY Qiyot qishlog‘ida joylashgan aholi umumiy foydalanishdagi Tepaqishloq massivi yeridan foydalanish xaritasining 109-konturdagi «Kattabog‘» qabristoning 0.06 gektar yer maydonini Talliota mahallasida yashovchi fuqaro Umarov Sherali tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda egallab olib, yakka tartibda uy-joy qurib olganligi aniqlanib, 2017 yil 4 yanvar kuni hujjatlashtirilgan. O‘zbekiston Respublikasi «Yer kodeksi»ning 91-moddasida «o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini qaytarish sudning hal qiluvchi qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi» qayd etilgan. Yuqoridagilarni inobatga olib fuqaro Umarov Sherali tomonidan Tepaqishloq QFY Qiyot qishlog‘ida joylashgan aholi umumfoydalanishdagi Tepaqishloq massivi foydalanish xaritasining 109-konturdagi «Kattabog‘» qabristonining yer maydoni Talliota mahallasida yashovchi fuqaro Umarov Sherali tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda egallab olib, yakka tartibda uy-joy qurib olganligi aniqlandi va egallab olingan yer maydoni qonunsiz egaligidan qaytarib olib ushbu yer maydonini «Kattabog‘» qabristoniga qaytarish lozim ekanligi keltirib o‘tilgan.
Xuddi shu mazmundagi da'vo arizasi «Kattabog‘» qabristonini o‘zboshimchalik bilan noqonuniy tarzda egallab olib g‘alla ekini ekib olgan Umarov Shodmon va Shodiyev Amrilarga nisbattan ham yuborilgan. Ammo negadir mazkur da'vo arizasini Fuqarolik ishlari bo‘yicha Tayloq tumanlararo sudi tomonidan ko‘rib chiqilishi paysalga solinib kelinmoqda. Natijada yuborilgan da'vo arizasi mana olti oydirki javobsiz qolib kelyapti.
Xo‘sh, tuman hokimligi tomonidan «Kattabog‘» qabristonining yeri Talliota qishlog‘i fuqarolari tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy tarzda egallab olinganligi to‘g‘risida da'vo arizasi yuborilsa-yu, nega Fuqarolik ishlari bo‘yicha Tayloq tumanlararo sudi bu ishni ko‘rib chiqishni istamayapti? Axir oradan yarim yil o‘tib bo‘ldiku? Tuman hokimligi bu masalaga qachon jiddiy yondoshadi?
— Prezidentimizning «jurnalistlar mening yordamchilarim, haqiqat himoyachilari», degan so‘zlarini eshitib, tuman hokimligining «Qo‘shchinor» gazetasiga mazkur muammoni olib chiqishni so‘rab murojaat qilgandim, deydi Islomxon aka. — Aka, qo‘ying! Ortiqcha bosh og‘riqni nima keragi bor? — deb javob berdi gazeta xodimlaridan biri. Shu javobni eshitdimu jurnalistlarga bo‘lgan ishonchim ham yo‘qoldi. Siz ham o‘zingizni jurnalistman deb tanishtiryapsiz-u, ochig‘i Qiyot qishlog‘idagi «Kattabog‘» qabristoni muammosini gazeta yoki televideniyega ko‘tarib chiqishingizga ishonmayapman.
Farhod Norbo‘tayev,
jurnalist
Mavzuga oid
23:04 / 13.06.2026
Samarqandda Rossiyada ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun test markazi ochiladi
10:50 / 12.06.2026
Samarqandning olis tumanlariga investitsiyalar jalb etiladi
17:46 / 10.06.2026
Samarqand tumanlari qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashgan hudud sifatida rivojlantiriladi
17:45 / 05.06.2026