Jamiyat | 19:01 / 07.08.2017
25584
20 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo yo‘llari: mutasaddilar mazkur masala yuzasidan yo‘llangan murojaatlarga javob qaytarishdi

Foto: Kun.uz

Avval xabar berilganidek, Kun.uz tahririyatining ijodiy jamoasi “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” doirasida Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Viloyat aholisi tomonidan tahririyat elektron pochtasiga kelib tushgan murojaatlarning aksari o‘z o‘rnida o‘rganildi va shu asosda qator maqolalar ham e'lon qilindi. Shu bilan birga, ko‘p sonli murojaatlar Qashqadaryo viloyat hokimligiga ham taqdim etildi va ularga javob olindi. Jumladan, Yo‘l va transport xizmati yuzasidan ham.

Qashqadaryo viloyatining tumanlaridagi katta va ichki yo‘llar bilan bog‘liq murojaatlarga “O‘zavtodaryotrans” agentligi viloyat bo‘limi vakili M.Eshboboyev javob yo‘llagan.

Murojaat: “Assalomu alaykum hurmatli hokimiyatimiz mutasaddilari. Sizga respublikamiz va viloyatimiz ravnaqi yo‘lidagi mashaqqatli xizmatingiz uchun tashakkur aytamiz va omad tilaymiz!

Ma'lumki, 2017 yil 1 fevraldan boshlab Qarshi shahar, O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab soat 07:00 dan 20:00 gacha mikroavtobuslar harakatlanishi man etildi. Ushbu qaror ham boshqalari singari ko‘p jihatlarni hisobga olgan holda xalq manfaati yo‘lida qilinganligi shubhasiz. Ammo ushbu qaror ortidan ba'zi noqulayliklar va muammolar vujudga kelmoqda. Xususan, “Oqtepa” MFYda yashovchilar uchun ham.

"Damas” rusumli mikroavtobuslarga O‘zbekiston ko‘chasida harakatlanish taqiqlanganligi tufayli, ushbu mikroavtobuslar soat 7:00 dan 20:00 gacha mahallamiz ichidan harakatlanishni boshlashdi.

Xususan 44, 37, 6-yo‘nalishli Qarshi-Beshkent, Qarshi-Nishon, 12-marshrutidagilar harakatlanishi oqibatida mahallamizning Yakkasaroy, Oydin va boshqa ko‘chalarida fuqarolar uchun harakatlanish xavfli bo‘lib qoldi: 15-20 yildan bo‘yon qishda loy va yozda changiydigan ko‘chalarni qay ahvolga tushganini endi tasavvur qilib ko‘ring. Chang-to‘zon ko‘tarilishi dastidan nafas olish ba'zida imkonsiz bo‘lib qoladi.

Shuningdek, ushbu mashinalarning aksariyati soatiga 40-50 km tezlik bilan harakatlanadi. Bu esa fuqarolarning ko‘chalarda harakatlanishiga noqulayliklar hamda juda katta xavf tug‘dirmoqda. Eng asosiysi yosh bolalarga to‘la ko‘chalarimizdagi bu tashvishli holat, ularning ko‘chada o‘ynashlarini hisobga oladigan bo‘lsak, ota-onalarni tashvishga solmoqda. Darvoqe, bu borada allaqachon Qarshi shahar hokimligi va Avtomobil va daryo transporti agentligi Qashqadaryo viloyati bo‘limiga murojaat qilganmiz. Afsuski, biron-bir javob olganimiz yuq.

Yuqorida keltirilgan sabab va muammolarni inobatga olib, tahlil qilib, zarur amaliy chora-tadbirlar qo‘llashni so‘raymiz va kutib qolamiz.

Hurmat bilan “Oqtepa” mahallasining Yakkasaroy, Oydin ko‘chalarida istiqomat qiluvchi fuqarolari”.

Qarshi shahar, Yakkasaroy ko‘chasida 37-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan “Damas”lar faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan “Nasaf kelajagi” MChJga ko‘rsatma berildi va 2017 yil 22 iyun kunidan harakat to‘xtatildi.

Bundan tashqari, “Yakkasaroy” ko‘chasi bo‘ylab noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgan avtoulovlarga chora ko‘rish bo‘yicha viloyat IIB YHHB, “O‘zavtodaryotrans” agentligi viloyat boshqarmasiga va viloyat soliq boshqarmasiga ko‘rsatmalar berildi.

Murojaat: “Assalomu alaykum. Men Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani, Xo‘jabog‘ qishlog‘ida yashayman. Qishlog‘imizning ba'zi ko‘chalari nomiga asfalt qilindi. Anchagina qismi esa, ayniqsa, qabristonga boradigan yo‘l qishda loy, yozda chang-to‘zon bo‘ladi. 2017 yil 14 fevraldagi “Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonidan kelib chiqib tegishli chora ko‘rishingizga umid qilaman”.

Tumandagi Xo‘jabog‘ qishlog‘i yo‘li Shahrisabz tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi balansida bo‘lib, uzunligi 3,1 km ni tashkil qiladi. Yo‘l qoplamasi qora qoplamali bo‘lib, 1 km qismi qoniqarli holatda, qolgan 2,1 km qismidagi yo‘l qoplamasida har-xil buzilishlar mavjud.

Mazkur yo‘l Shahrisabz tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 2018 yil manzilli dasturiga kiritilishi va qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.

Murojaat: “Salom. Qarshi tumanidagi To‘qmang‘it namunaviy uy-joy maskanida yashayman. Uyim yaqinidagi "Navo" choyxonasidan Koson tuman Obidida qishlog‘iga ketiladigan yo‘l juda yaroqsiz bo‘lib, avto va yuk mashinalari qatnovi vaqtida chang-to‘zon doimiy ravishda uyimizga yopiriladi. Yosh bolalar nafas olishga qiynalayapti. Shu yo‘lni (hech bo‘lmasa qassobxona oldidagi ko‘prikkacha) asfaltlashtirishni 2 yildan beri so‘rab kelyapmiz. Viloyat hokimligi yordam berib, muammoimiz yechilsa, massiv ahli juda xursand bo‘lardi”.

4N300 "Obidida-Ko‘lbuqa-Xo‘jaqo‘rg‘on" avtomobil yo‘li 0-4 kmni tashkil etib, Qarshi tumani Obidida qishlog‘i ushbu yo‘lning 0-1 km.lari oralig‘ida joylashgan. Ushbu avtomobil yo‘lining 0-3 km.lari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 fevraldagi 33-sonli bayonnomasiga asosan to‘la ta'mirlash ishlari dasturiga kiritilgan bo‘lib, joriy yilda 0-1 km.lari uchun 1,0 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Hozirda "Yo‘l-loyiha byurosi" MChJ tomonidan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari tasdiqlangandan so‘ng, ta'mirlash ishlari boshlanadi.

Murojaat: “Men Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanida istiqomat qilaman. Ilk bor hokimiyat organlariga Internet orqali murojaat yo‘lga qo‘yilganida, Kitob tumani hokimiyatiga yo‘l masalasida savol bergandim. Istiqomat qiladigan ko‘cham, tuman markazidan 500 metr uzoqlikda, lekin u asfalt ko‘rmaganiga 50 yildan oshgan. Shu yo‘l masalasida murojaat qilganimda, hokimiyat mahalla faollarini uyimga jo‘natib, otamga meni murojaat qilmasligimni aytishgan. Bu gaplarni eshitmaganga olib, atayin qayta ikki marta murojaat yuborganman. Tuman hokim o‘rinbosari oxir-oqibat menga telefon qilib, hokimiyatda olib boriladigan ishlar bo‘yicha ma'ruza o‘qigan. Aniq esimda, roppa-rosa 5 daqiqa. U kishining o‘zi menga asfalt yotqizish uchun homiy bo‘lishimni taklif qilgan. Kitob tumanidagi ko‘chalar ta'mirlanadimi?

Hurmat bilan Elbek!

Tuman markaziy ko‘chalari jami 18,8 km bo‘lib, shundan 10 km yo‘l umumfoydalanuv yo‘liga va qolgan 8,8 km Kitob tuman obodonlashtirish boshqarmasi balansida turadi. Umumfoydalanuvga tegishli 10 km uzunlikdagi avtomobil yo‘li joriy yilning aprel-may oylarida yo‘l qoplamasida hosil bo‘lgan uydim-chuqur buzilishlar issiq asfaltbeton qorishmasi bilan (2516 m2 yuzaga 345 tn asfaltbeton qorishmasi) Kitob TYFUK tomonidan 138 mln so‘mlik ish bajarilib, ta'mirlab chiqildi. Shu yilning III choragida 4K303 "Kitob-Miraki" avtomobil yo‘lining 0-1 km qismini Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘la ta'mirlash ishlarini bajarish rejalashtirilgan. Bu ishlar uchun 350,0 mln so‘m mablag‘ sarflanadi. Bundan tashqari, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmasi asosida Charmgar ko‘chasida 1 km uzunlikdagi yo‘l asfaltbeton qorishmasi bilan ta'mirlanadi (ajratilgan mablag‘ 137,0 million so‘m).

Murojaat: “Salom. Shahrisabz tumani qadimiy hamda turizm imkoniyati ulkan bo‘lgan hudud sifatida bugun yanada go‘zallashib bormoqda. Tumanda ko‘p miqdorda aholi istiqomat qiluvchi 102-umumiy o‘rta ta'lim maktabi atrofidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan mitti tumandagi yo‘llar bugungi kunda turli davrlardagi ta'mirlash ishlari sababli sifatsiz ahvolga kelib qolgan. “Yangi bozor” qarshisida joylashgan ko‘chadan mitti tuman hududiga kirilganda ko‘zga tashlanadigan manzara, yo‘lning ahvoli shu yo‘ldan foydalanuvchi Tez tibbiy yordam bo‘limi mashinalari uchun noqulaylik tug‘diradi. Tuman hokimligi ushbu yo‘llar bilan shug‘ullansa maqsadga muvofiq bo‘lar edi”.

Tumandagi 102-maktabga olib boruvchi yo‘l 0,8 km.ni tashkil qilib, tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi balansida turadi. Avtomobil yo‘li asfaltbeton qoplamali yo‘l bo‘lib, oxirgi yillarda doimiy qarov ishlari olib borilmaganligi sababli yo‘l qoplamasida har-xil hajmdagi buzilishlar hosil bo‘lgan. Avtomobil yo‘li Shahrisabz tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan manzilli dasturga kiritilib, loyiha smeta hujjatlari shakllantirilganidan so‘ng, yo‘l qurilish tashkilotlari tomonidan qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Murojaat: “Salom. Qarshi-Muborak yo‘lining Qoraqum-Muborak qismi juda notekis ahvolda. Bu yo‘llar qachon qoniqarli holatda bo‘ladi?”.

Qoraqum-Muborak yo‘li umumfoydalanuv avtomobil yo‘llariga mansub bo‘lib mahalliy ahamiyatdagi yo‘llar toifasiga kiradi (4N292v "Qoraqum-Xitoy" avtomobil yo‘li). Uzunligi 7 km.ni tashkil qiladi. 2017 yil aprel-may oylarida Muborak TYFUK tomonidan joriy ta'mirlash mablag‘lari hisobidan yo‘l qoplamasida hosil bo‘lgan chuqursimon buzilishlar (522 m2 joyga 61 tonna asfaltbeton qorishmasi bilan) chuqurchalar yamab chiqilib, ushbu ishlarga 25 mln. so‘m mablag‘ sarflandi. 2017 yil III chorakda joriy ta'mirlash ishlari hisobidan ushbu yo‘lga 120 tonna asfaltbeton yotqizish yoki 50 mln so‘mlik ta'mirlash ishlari rejalashtirilgan.

Murojaat: “Assalomu alaykum. Qarshi shahri yo‘llaridagi muammolar qachon hal etiladi? Yo‘l qaytadan ta'mirlanadi, bir necha oy o‘tgach yana kavlab, quvurlar o‘tkaziladi, yangi turar joylar qurilayotgan uylarning orqa tarafdagi yo‘llari umuman mashinalar yurib bo‘lmaydigan darajada chuqurlari ko‘p. Bundan tashqari, katta mashinalar haddan ziyod ko‘p kirib chiqishadi.

Yana bir savolim yangi qurilgan uylarning orqasi judayam chang, shamol ko‘tarilganda shu yerda yashovchi barcha uylarga boradi bu changlar, shamol ko‘tarilganda piyoda yurib ham bo‘lmay qoladi. Bizda Qashqadaryo daryosi bo‘lsa, har tong mashina yo‘llariga va qurilishi tugallanmagan va chang haddan ziyod ko‘p ko‘chalarga suv sepishning iloji bor-ku, nega shu ish qilinmaydi? Har tong ertalab suv sepilishini qurilish joylardagi yo‘llarni va chang bartaraf etishni barcha istaydi”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 25 iyuldagi 2010-sonli qarori asosida O‘zbekiston ko‘chasining 0-8 km qismini to‘la ta'mirlash belgilangan bo‘lib, (loyiha-smeta bahosi 38,0 mlrd so‘m) 2014-2016 yillar davomida viloyat hokimligi YaBX injinering Kompaniyasi buyurtmachiligida Koson TYFUK tomonidan 20,0 mlrd so‘mlik ta'mirlash ishlari bajarilgan. Piyodalar yo‘lakchasi, yoritish tarmoqlari, avtobekatlar, suv qochirish lotoklari to‘liq qurilgan. 2017 yilning o‘tgan davrida obektda 1,3 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. Obektda qoldiq ish hajmlari asosan yuqori qatlam qoplama qurish ishlarini tashkil etadi.

Murojaat: “Assalomu alaykum. Qarshi shahri “Qarlubog‘ot” mahallasi J.Manguberdi, Elbek, Zardo‘zlik va boshqa ko‘chalar ko‘p yillardan buyon asfalt qilinmagan. Bor asfalt ham yangi, ko‘p qavatli uylar qurilishidan so‘ng vayron bo‘lgan. Bu haqida MFY raisiga va mahalliy hokimiyatga aytishning kami qolmadi. Kuz, qish, bahorda loy, yozda chang! Sizlardan iltimos, ijobiy yordam berishlaringizni mahalla ahli nomidan so‘raymiz”.

Qarshi shahridagi Manguberdi ko‘chasi (uzunligi 200 metr, eni 6 metr), Zardo‘zlik ko‘chasi (uzunligi 600 metr, eni 8 metr) va Elbek ko‘chalari (uzunligi 400 metr, eni 8 metr) jami 1,2 km uzunlikdagi yo‘llar ichki xo‘jalik yo‘llari hisoblanib, Qarshi shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasi balansida turadi. Yo‘llarning qoplamasi asfaltbeton, oxirgi yillarda doimiy qarov ishlari  olib borilmaganligi sababli yo‘l qoplamasida har-xil hajmdagi buzilishlar, cho‘kishlar hosil bo‘lgan.

Avtomobil yo‘li Qarshi shahar hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan manzilli dasturga kiritilib, qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilishi mo‘ljallangan.

Murojaat: “Salom. Men Complete Universal Service oilaviy korxona rahbari Shuhrat Qurbonov Temirovichman. Biz korxona ehtiyoji uchun pul ko‘chirish yo‘li bilan ikki dona 2017 yilda ishlab chiqarilgan “Damas” avtomobilini xarid qildik. Korxonamiz xizmati bilan O‘zbekiston ko‘chasidan taxminan kuniga 3-4 marotaba yurishga to‘g‘ri keladi. “Damas” avtomobilimizni orqa o‘rindig‘ini ham yechib tashlaganmiz. Shunday bo‘lsa ham Qarshi shahar O‘zbekiston ko‘chasida “Damas” avtomobilini yurishiga DAN xodimlari ruxsat yo‘qligini tushuntirib harakatlangani qo‘yishmayabdi. Bizning maqsadimiz yo‘lovchi tashish emas, balki texnik ta'mirga muhtoj avtomobillarga xizmat ko‘rsatish. Shu masala yuzasidan bizga amaliy yordam bering. Qarshi shahar O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan Milliy bankiga, Birja savdolariga va mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun korxonamiz “Damas” avtomobilini erkin yurishiga ruxsat berishlari masalasini hal etib bering. Oldindan rahmat”.

O‘zbekiston  Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2724-sonli qaroriga asosan viloyat hokimining 2017 yil  14 yanvardagi X-30/01-sonli qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorlar ijrosini ta'minlash, aholiga qulaylik yaratish va yo‘lovchilarni tashish xavfsizligini ta'minlash hamda Qarshi shahridagi yo‘lovchi tashishga ixtisoslashtirilgan korxonalar ishini muvofiqlashtirish maqsadida viloyat hokimining 2017 yil 23 yanvarda qabul qilingan 3-F-sonli farmoyishi asosida Qarshi shahridagi 1-sonli yo‘nalishiga avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Shu munosabat bilan “Damas” avtomobiliga 1-sonli yo‘nalishga ruxsat berish murojaati rad etildi.

Murojaat: “Salom. Men Qarshi tumani, Qovchin MFYda istiqomat qilaman. Bizni anchadan buyon qiynab keladigan muammo bor. Bu mahalla ichidan o‘tgan yo‘l, ya'ni Adolat (eski nomi G‘.G‘ulom) ko‘chasi. Bu ko‘chaning hozirgi holati juda achinarli ko‘rinishga kelib qolgan. Eng achinarlisi, bu ko‘chaning markaziy qismida maktab va maktabgacha ta'lim muassasasi joylashgan. Maktab va maktabgacha ta'lim muassasasiga qish oylari bolajonlar juda qiynalib yetib olishmoqda. Shu masalani mutasaddi rahbarlar bilan yechishda yordam bersangiz! Mahallamiz nomidan rahmat aytib, sizlarga omad tilab qoluvchi Geldiyev Mansur”.

Qarshi tumani Qovchin MFY eski G‘ofur G‘ulom ko‘chasining uzunligi 700 metr, eni 5 metr, tuproqli loy ko‘cha. Qarshi tuman Obodonlashtirish boshqarmasi balansidagi ichki xo‘jalik yo‘li hisoblanadi. Qarshi tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 2018 yil manzilli dasturiga kiritish va qurilish-ta'mirlash ishlarini bajarish choralari ko‘rilmoqda.

Murojaat: “Assalomu alaykum. Men Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumanidanman. Hozirda Toshkent shahrida o‘qiyotganligim, ishlayotganligim va Dehqonobodda ko‘p vaqt bo‘lmaganligim sabab murojaatni aniq yoritib bera olmasligim mumkin.

Dehqonobod tumani “Obod” MFY Sho‘rguzar qishlog‘ida deyarli 10 yildan buyon qishloq aholisi avtomobil harakati uchun Katta O‘radaryo (G‘uzordaryo)da ko‘prik qurib berilishi bo‘yicha murojaat qilishadi, lekin murojaatlar aniq javobini olmagan. Qishloq hududida asfalt yo‘llar uzunligi 0 km. Bu degani asfalt degan narsa umuman kirib bormagan deganidir. Qishloq o‘rtada daryo bilan ajralgan ikki qismdan iborat. Qishloqdagi 12-sonli o‘rta maktabga o‘quvchilar ko‘prik yo‘qligi sabab yomg‘ir, qorli kunlarda qatnay olishmaydi, chunki qishloq tog‘ oldi hududi bo‘lganligi sababli sel kelish xavfi doim mavjud. Qishloq aholisi asosiy magistral (asfalt) yo‘lga chiqish uchun piyoda 3-4 km.lab masofada loyli ko‘chani bosib o‘tishadi. Agar qishloqning ikki qismini bog‘lovchi ko‘prik qurilsa va asfalt yotqizilsa, undan keyingi qishloq transportlari ham aylanma yo‘ldan emas qishloq hududi orqali o‘tgan bo‘lar edi. Natijada qishloqning transport tizimi ham izga tushgan bo‘lardi.

Muhimi, o‘rta maktab va kollej o‘quvchilarining dars jarayoniga bexavotir qatnashi ta'minlanar edi. Oldin ham qishloqda asfalt yotqizilishi va ko‘prik qurilishi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar qilingan, ammo natijasi bo‘lmagan. Mana shu masalani ijobiy hal etib berilishini so‘rab qolaman”.

Dehqonobod tumanidagi Sho‘rguzar qishlog‘i mahalliy ahamiyatdagi 4K  299 "Bozortepa-Boyqo‘rg‘on" avtomobil yo‘lining (yo‘lning umumiy uzunligi 26 km bo‘lib Dehqonobod TYFUK xizmat ko‘rsatadi) 19-23 km.lari oralig‘ida joylashgan bo‘lib, qishloq bilan avtomobil yo‘lini "Katta O‘radaryo"si ajratib turadi. Haqiqatda ham, yo‘lning 21 kilometrida osma ko‘prik, piyodalar harakatlanishi uchun qurilgan bo‘lib,  uzunligi  40 metrni va  eni 0,8 metrni tashkil qiladi. Osma ko‘prik bugungi kunda ta'mirtalab holda.

Mavjud ko‘prik o‘rniga 50-55 metr uzunlikdagi yangi zamonaviy ko‘prik qurilishi zarur bo‘lib, dastlabki hisoblarga ko‘ra, 6,0 mlrd so‘m atrofida mablag‘ talab qilinadi. Hukumat qarorlari asosida Respublika yoki mahalliy byudjyet mablag‘lari hisobiga  manzilli dastur shakllantirilib, loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, moliya manbasi hal qilinsa, qurilish ishlari amalga oshiriladi. Eslatma: yo‘lning 24 km qismida daryo ustida 248 metr uzunlikdagi temir-beton ko‘prik qurilgan.
 
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid