Jamiyat | 20:57 / 09.08.2017
17219
2 daqiqa o‘qiladi

Kaliforniyadagi plyajda paydo bo‘lgan ulkan bulut odamlarni qo‘rqitib yubordi

Foto: SS0

YouTube’da Kaliforniyaning Santa-Kruz shahri plyajidan olingan videoyozuv paydo bo‘ldi. Unda noyob tabiiy hodisa qayd etilgan.

Plyajda hordiq chiqarayotganlardan biri birdaniga qorong‘i bosa boshlagan osmon va tez yopirilib kelayotgan ulkan bulutni tasvirga olishga muvaffaq bo‘lgan. Bu bulut o‘zi bilan birga kuchli shamol, qum bo‘roni va qo‘rquv olib kelgan – voqea guvohlari yuz bergan hodisani "qiyomat qoyim" deb atashgan.

Voqea ishtirokchilarining videoga izohlarda yozishlaricha, odamlar bulut ularning ustiga tushishi yoki girdob hosil qilishidan qo‘rqib, sarosimada plyajdan qocha boshlashgan. Biroq ularning aytishicha, bo‘layotgan voqealar qanday shiddat bilan boshlangan bo‘lsa, shu kabi tez yakun topgan. 

"Soyabonlar uchib ketdi, yuzim qum bilan qoplandi, odamlar shoshilinchda plyajni tark eta boshladilar. Bir necha daqiqadan keyin tumanli bulut yonimizdan o‘tib ketib, quyosh barq urdi", deb izoh bergan video muallifi.

Bulut paydo bo‘lishining turli taxminlari bildirilgan. Ba'zilar hattoki bulut orasida koinot kemasi yashirilgandi, degan taxminni ham bildirishgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid