Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Yuraklaringda yo‘qmi hozirgi siyosatni qo‘llab-quvvatlash?» - Prezident Farg‘onadagi vaziyat uchun mutasaddilarga tanbeh berdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugungi videoselektorda Farg‘ona viloyatidagi vaziyatga to‘xtaldi.
«Kun» muxbiri xabar berishicha, prezident viloyat hokimini yoshlar muammolari bartaraf etilmayotgani uchun tanqid qilgan.
«Farg‘ona viloyatida voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichlari o‘sgan.
Shuncha gap gapirilayapti, baribir bolalar o‘zini osyapti. Majlisda o‘tirmasdan shular bilan gaplashilganda edi, osmasdi o‘zini.
2017 yilning o‘tgan 7 oyida voyaga yetmaganlar tomonidan 129 marta jinoyat sodir etilgan, 24 bola o‘z joniga qasd qilgan. Viloyatdagi shahar va tumanlarda voyaga yetmaganlarni yashirincha diniy o‘qitish holatlari aniqlangan.
Biz nima deymizu, bu nima gap?», degan prezident.
Prezident Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov, Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva, «Nuroniy» jamg‘armasi raisi Shuhrat Jalilov va Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevdan bu holat uchun izoh so‘ragan.
«24 kishi o‘zini osibdi. 129 bola jinoyat sodir etyapti. Kim javob beradi?
Bitta narsani so‘rayapman sizlardan: Yoshlar tarbiyasi. Avtobusda yuringlar, uyma-uy yuringlar, jar solinglar.
Charchadingizmi, Tanzila Kamalovna? Charchagan bo‘lsangiz, menga ayting. Charchaganlar bilan ishlashga toqatim yo‘q», degan prezident.
Shundan so‘ng prezident Farg‘ona hokimiga yuzlanadi.
«Qani qilgan ishlaring? Qani natija? Ertaga kech bo‘ladi, janob G‘aniyev.
Yashirincha diniy o‘qitishlar davom etmoqda. Aytgan gaplarimizni targ‘ib qilmadinglar. Bir marta Farg‘onada bunday ishlar bo‘lmaydi deb maqola chiqarmadinglar.
Qog‘ozda ekanda, yuraklaringda yo‘q ekanda hozirgi siyosatni qo‘llab-quvvatlash, janob G‘aniyev?..», degan prezident.
Shundan so‘ng prezident viloyat hokimi haqida iliq fikrlar ham bildirgan.
«Farg‘ona viloyati haqida tanqidiy fikrlar bildirdik. Lekin bunday fidoiy insonlar, xalq xizmatidagi odamlar kam bo‘ladi.
Bu o‘zimizning odam. Qo‘lidan juda ko‘p ish keladi. Bugungi kunda juda katta ishlar qilmoqda, bundan xabarimiz bor.
Hamma ham xato qiladi. Xato qilmaydigan odam yo‘q. Xato qilgan bo‘lsa, bu kechvoramiz degani emas. Eng ishonchli odamlarimizdan biri Farg‘ona viloyati hokimidir», degan prezident.
Shundan so‘ng, prezident mas'ul mutasaddilarga joylarda ma'naviy muhitni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 10 kun muhlat bergan.
Mavzuga oid
08:24 / 04.06.2026
Farg‘onada membranali suv havzasida bir kishi cho‘kib ketdi
16:15 / 23.05.2026
“Maqsad sari” shina tortgan bola: uning otasiga chora ko‘rilishi mumkin
08:24 / 20.05.2026
Farg‘ona va Namanganda yirik miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi
11:41 / 19.05.2026