O‘zbekiston | 20:53 / 11.08.2017
46959
3 daqiqa o‘qiladi

Alisher Sa'dullayev ishga qabul qilish bo‘yicha e'lon berdi

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev feysbukdagi sahifasida ishga qabul qilish bo‘yicha e'lon berdi.

Xalq Ta'limi Vazirligining O‘quvchilar va Yoshlar bilan ishlash boshqarmasi yangi ish o‘rnini e'lon qiladi:
Lavozim: Psixolog/boshqarma boshlig‘i 
Talablar: Psixologiya mutaxassisligi bo‘yicha bakalavr diplomi; bolalar psixologiyasi yo‘nalishida kamida 3 yillik kasbiy malaka. 
Tillar: o‘zbek va rus tillarini mukammal darajada bilishlik. Qo‘shimcha sifatida ingliz tilini ham biluvchilarga afzallik beriladi.

Shuningdek, qo‘shimcha afzallik ushbu sohada ilmiy izlanishlar olib borgan, tadqiqot xulosalari gazeta va jurnallarda chop etilgan, xalqaro konferensiyalarda qatnashgan talabgorlarga beriladi. 

Talabgorlarni saralash jarayoni 3-bosqichda o‘tkaziladi. 

1-bosqich: 15 avgust soat 13:00gacha talabgorlarning 'CV' yoki Rezyumelar [email protected] yoki feysbukdagi shaxsiy messenjerim orqali qabul qilinadi. 

2-bosqich: saralab olingan talabgorlar 4 kun ichida "Yoshlar orasida suitsid muammosi va uning yechimi" va "Yoshlar orasida jinoyat muammosi va uning yechimi" mavzularida insho taqdim etishadi. O‘z insholarida talabgorlar aynan vazirlik xodimi sifatida ushbu muammolarning yechimi uchun qanday amaliy ishlar olib borishlari, o‘zlarining rejalarini bayon etishlari lozim. 

3-bosqich: Saralab olingan insho egalari vazirlikka suhbatga chaqiriladi. 

Qo‘shimcha ma'lumotlar: Psixolog/boshqarma boshlig‘i faqatgina nazariy faoliyat, zarur metodik qo‘llanmalarni ishlab chiqish bilan cheklanib qolmay, O‘zbekiston yoshlarining maktabgacha ta'lim muassasasidan boshlangan hayotini mukammal darajada ko‘ra biladigan, nazariyani hayotiy/amaliy tatbiq eta biladigan, progressiv inson bo‘lish zarur. Bu lavozim egasi o‘z ustida tinmay ishlaydi, ish sifati va talabchanlikni yuqori qo‘yadi; ish faoliyati davomida viloyat hamda chet davlatlariga safarlar uyushtirib, o‘rganilgan holatlarni chuqur tahlil qiladi va vazirlikka tegishli xulosalarini beradi. Shuningdek, psixolog/boshqarma boshlig‘i bolalar psixologiyasi bilan ish olib boruvchi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatib, hamkorlik ishlarini olib boradi. Bundan tashqari, vazirlik tasarrufidagi boshqa boshqarmalar, muassasa va tashkilotlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, o‘z ishida ularning tavsiyalaridan ham foydalanadi.

Bizning jamoaga keling, vatanimiz ravnaqiga o‘z hissangizni qo‘shing va bir umrlik ajoyib kasbiy malakani qo‘lga kiriting!

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid