O‘zbekiston | 12:33 / 15.08.2017
20542
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 14 avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash Instituti faoliyatini tashkil etish choralari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qaror matni davlat rahbari saytida keltirilgan

Hujjat bilan Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etildi.

Institut – davlat muassasasi bo‘lib, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etilmoqda. Akademiya O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda Institut ta'sischisi hisoblanadi.

Muassasa faoliyati yoshlar muammolarini o‘rganish, bu yo‘nalishda ilmiy-tadqiqot va tahliliy faoliyatni olib borish, shuningdek, istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga yo‘naltirilgan.
 
Shu bilan birga, davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi tashkilotlari, jamoat tashkilotlarining istiqbolli yosh kadrlarini qayta tayyorlash taxminan 4 oylik davomiylikka ega dastur asosida, asosiy ish joyidagi faoliyatlarining to‘xtatib turilishi orqali olib boriladi, keyinchalik belgilangan namunadagi diplom beriladi. Istiqbolli yosh kadrlarning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari esa – davomiyligi 1 oyni tashkil etuvchi qisqa muddatli dastur asosida, asosiy ish joyidagi faoliyatlari to‘xtatilgan va to‘xtatilmagan holda o‘tkaziladi, keyinchalik ularga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi o‘quv kurslaridan o‘tish istagida bo‘lgan tinglovchilarni tanlab oladi. Ular davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvchi tashkilotlari, shuningdek, jamoat tashkilotlari tomonidan tavsiya etiladi. Nomzodlar 30 yoshgacha bo‘lishi, tayanch oliy ma'lumot va kamida 2 yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi lozim. Tanlov suhbatdan o‘tkazish va test orqali amalga oshiriladi.

Asosiy faoliyatlari to‘xtatilgan holda ta'lim oluvchi Institut eshituvchilarining bu davrda asosiy ish joyidagi lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qolinadi.

Institut direktori maqom bo‘yicha Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi prorektoriga tenglashtiriladi, u Akademiya rektori tomonidan Prezidentning yoshlar siyosati bo‘yicha Davlat maslahatchisi tavsiyasi asosida lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

Institut xodimlariga Akademiyaning tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan ish haqi va sharoitlari, shuningdek, tibbiy ta'minot shartlari qo‘llaniladi. Bundan tashqari, direktor oylik tarif stavkasining 100 foiziga qadar bo‘lgan ustama o‘rnatishi va boshqa moddiy rag‘batlantirish choralarini qo‘llash huquqiga ega. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid