18:09 / 16.08.2017
29771

Arablararo urushlar: zamonaviy dunyoda arab mamlakatlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan beshta yirik qurolli to‘qnashuv

Foto: Islom.uz

Tarix turli voqealarga guvoh. Uning ochilmagan qirralari shu qadar ko‘pki, bilganing sari o‘ziga maftun etib boraveradi. Shu bilan birga senga olam-olam bilim manbai ham bo‘la oladi. Joriy yilning 10 avgust kuni Abdul Qodir ibn Mas'udning arab mamlakatlari tarixiga bag‘ishlangan tarixiy maqolasi e'lon qilindi. Shahnoza To‘raxo‘jayeva tarjimasi asosida tayyorlangan maqola info.islom.uz sayti tomonidan taqdim etilgan. Quyida ana shu maqola havola qilinmoqda.

Fors ko‘rfazidagi inqiroz shu darajaga yetdiki, Qatar hukumati tomonidan Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarining talablari bajarilmasligi ortidan ayrim kuzatuvchilar bu ikki davlatning Qatarga qarshi harbiy bosqin boshlashi ehtimoli haqida gapira boshladi.

Ayni paytda mutaxassislarning fikricha, bu talablar shunday ifodalangandiki, ularni bajarish imkonsiz bo‘lib, harbiy aralashuvni naqd qilib qo‘yadi.

“Arablar arablarni o‘ldiradilar, ularning shaharlarini vayron qiladilar  va arab qonini daryo qilib oqizadilar” – bir necha o‘n yillar davomidagi arab hayotining qayg‘uli manzarasi bu, sabablari esa yerga ko‘mib tashlangan va bizning nazarimizdan pinhon. Aynan shu tufayli ham biz bugun boshimizdan nimalar o‘tayotganini anglash uchun tarix ummonining tubiga sho‘ng‘ishimizga to‘g‘ri keladi. Axir, bugun o‘tmishning qornida paydo bo‘ladi, tarix esa haqiqatni bilishni istaganlar uchun ustozdir. Quyidagi dokladda Qatarga harbiy bosqin ehtimoli muhokamasi eng qizg‘in nuqtaga yetgan bir sharoitda biz zamonaviy dunyoda arab mamlakatlari orasida bo‘lib o‘tgan beshta eng yirik qurolli to‘qnashuvni yodga olamiz.

1962 yil Yamandagi urush

Yamanliklar tomonidan “26 sentabr inqilobi” deyiladigan Yaman urushi o‘tgan asrning 60-yillarida boshlandi va 1967 yilgacha – Misrning mag‘lubiyati yoki 1967 yilgi “Naqsa” (olti kunlik urush – muh. izohi)gacha  – davom etdi.

Urush respublika tuzumi tarafdorlari imom Al-Badr saroyini o‘rab olishlari bilan boshlandi, buning natijasida Mutavakkil qirolligi qulatildi, imom esa Saudiya Arabistoniga qochdi. Ammo Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni va Iordaniya o‘z tarafdorlarini 1970 yilgacha qo‘llashda davom etdi, bu vaqtda Jamol Abdul Nosir respublikachilar tomonida bo‘ldi. Bu bilan u o‘z nazarida Misr va Suriya tomonidan tuzilgan birlashgan respublikaning parchalanishi ortida turgan Saudiya Arabistoniga qarshi “ochko” ishlab olmoqchi edi. Bundan tashqari, uning maqsadi arab o‘lkalarida sotsializm g‘oyalarini targ‘ib qilish hamda unda o‘zi ilgari surayotgan panarabizm g‘oyalariga mos tarzda Misrga xayrixoh tuzumlar joriy etish edi.

Yaman monarxlik davlati edi va rasman Yaman Mutavakkillik qirolligi deb atalardi. Monarxiya britan mustamlakasi bo‘lgan, ayrim amirlar 1958 yil Misr va Suriya o‘rtasida tuzilgan Birlashgan Arab Respublikasi tarkibiga kirish istagini bildirganlarida, Yaman qiroli bunga qarshi chiqdi va ularni mamlakatdan quvib yubordi. 1961 yil Birlashgan Arab Respublikasi parchalanib ketgach, Jamol Abdul Nosir Suriya bilan birlashgan davlat qurish loyihasining muvaffaqiyatsizligida Saudiya Arabistonini aybdor hisoblab, undan o‘ch olish uchun Yaman qiroliga qarshi shafqatsiz urush boshladi.

Misr Prezidenti Jamol Abdul Nosir Qohirada 1956 yil/© AP Photo

Urush 1962 yil boshlandi. 1968 yil, Misrning bir yil avvalgi mag‘lubiyatidan so‘ng (hodisa “naqsa”, ya'ni mag‘lubiyat nomi bilan mashhur), asosiy harbiy amaliyotlar to‘xtagan bo‘lsa ham, Yaman urushi 1970 yilgacha, ya'ni sakkiz yil davom etdi. Yaman qiroli mamlakatni tark etdi va Saudiya Arabistonidan panoh topdi, o‘sha yerdan turib Saudiya Aarabistoni, Iordaniya va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarning qo‘llab-quvvatlashi bilan Misrga qarshi harbiy harakatlarni boshqarib turdi.

Misr Yamanda harbiy g‘alabaga erishdi va bu davlatning rivojlanishiga yordam berdi. Ammo g‘alabaning bahosi haqida gapiriladigan bo‘lsa, u juda yuqori bo‘ldi – Yaman urushida Misr o‘zining zamonaviy tarixi davomida eng katta yo‘qotishlarga duch keldi. Misr armiyasi butunlay holdan toydi, qariyb 26 ming askar o‘ldirildi, buning natijasida Yamanni Vetnam deb atay boshladilar. Misrning bu urushga sarflagan moliyaviy xarajatlariga kelsak, u 40 million Misr funtiga teng bo‘ldi.

1963 yil Marokash va Jazoir o‘rtasidagi “qum urushi”

“Marokashliklar bizni qirib tashlamoqdalar”, – Jazoir prezidenti Ahmad Bin Balla mamlakat fuqarolari qarshisida so‘zlagan nutqida Marokashning Jazoir sahrosidagi niyatlari haqida gapirarkan, aynan shunday ifodani qo‘lladi va shu mashhur ibora 1963 yil Marokash va Jazoir o‘rtasida avj olgan “qum urushi”ga guvoh bo‘lganlarning ongiga mustahkam joylashib oldi. Bu Jazoir mustaqillikni qo‘lga kiritganidan bir yilu uch oy o‘tgandan so‘ng sodir bo‘ldi. Nizo oldidan ko‘p haftalar davomida chegaralarda to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan, bu oxir-oqibat ikki davlat armiyalari o‘rtasida Tinduf va Xasi-Bayda chegaralarida qurolli ziddiyatlarga olib kelgandi. Keyin ixtilof Marokashning Figig vohasiga ko‘chib o‘tdi va Arab davlatlari ligasi hamda Afrika birdamlik tashkiloti (ABT)ning aralashuvi bilangina barataraf etildi. Shunday qilib, 1964 yil tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishdi, biroq urush o‘z ortidan Marokash va Jazoir o‘rtasida to hanuz kuzatilayotgan tarang munosabatlarni qoldirdi.

Mazkur urushning detallari haqida gap ketganda, Marokash qiroli Hasan II Jazoir mustaqillikni qo‘lga kiritgach, u yerga tashrif buyurgani, mamlakat prezidenti Bin Ballani chegaralarga doir bahsli maasalalarni hal etish yuzasidan Jazoir muvaqqat hukumati bilan avvalroq imzolangan bitimga rioya etishga chaqirganini ta'kidlash lozim. Shundan keyin ikki mamlakat o‘rtasida axborot urushi boshlandi: Jazoir Marokashni hududda o‘z ta'sirini kuchaytirishga urinyapti deb hisoblardi, o‘z navbatida, Marokash bu ayblovlar ortida arab monarxiyalariga qarshi muxolif harakatlarni qo‘llaydigan va bu tuzumlarni reaksion deb hisoblaydigan Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir turibdi, deb o‘ylardi. Marokashning “Istiqlol” partiyasi Jazoirning  ayblovlarini rad etdi, Misr va Jazoir qirollikka qarshi axborot kampaniyasini boshlab yubordilar. Ayni paytda 1963 yil o‘z hududiga Jazoirning uchdan bir qismini kiritgan “Katta Marokash” xaritasi e'lon qilindi, bu ikki davlat o‘rtasida haqiqiy urush boshlanishiga olib keldi. Jazoir kuchlari Xasi-Bayda hududiga hujum qildilar, natijada o‘nlab marokashlik askarlar halok bo‘ldi. Bunga javoban Marokash hukumati Jazoirga bunday hujumlarga chek qo‘yish maqsadida rasmiy delegatsiyasini jo‘natdi, ammo biron natijaga erisha olmadi. Oqibatda muzokaralar amalga oshmadi va mamlakatlar urush jari yoqasiga kelib qoldi.

1970 yil sentabri. “Qora sentabr”

“Qora sentabr” – 1970 yil ro‘y bergan fojialarni shunday atashadi. Shu oyda Iordaniya qiroli Husayn ibn Talal Falastin tashkilotlari tomonidan Iordaniyadagi monarxiya tuzumini ag‘darishga urinish deb iddao qilgani harakatlarga qarshi choralar qo‘lladi. Bu ziddiyatning manbasi 1968 yil Iordaniya va Isroil o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Karamadagi janglar natijalariga borib taqaladi. O‘shanda Isroil falastinliklar tomonidan Iordaniya hududidan amalga oshirilgan hamlalarga javoban Iordaniyaning  Karama qishlog‘iga hujum qilgan edi. Jang Isroilning mag‘lubiyati bilan yakunlandi, ammo bu hodisa Falastin jangovar guruhlari va Iordaniya xavfsizlik kuchlari o‘rtasida 1968 yil o‘rtalaridan 1969 yil oxirigacha davom etgan besh yuzdan ortiq qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi.

1970 yil 9 iyun kuni qirol Husayn korteji Amman markazi bo‘ylab harakatlanayotganda, unga nisbatan muvaffaqiyatsiz suiqasd harakati bo‘ldi. “Al Husayniy” masjidi minorasiga yashirinib olgan snayper qirol mashinasiga qarata o‘t ochdi, o‘qlardan biri qirolni himoya qilishga uringan Zayd al-Rofeining orqasiga tegdi. Bu hodisa mamlakat xavfsizlik kuchlari bilan Falastin guruhlari o‘rtasida 1970 yil fevralidan iyunigacha davom etgan to‘qnashuvlarga olib keldi. Natijada mingga yaqin inson halok bo‘ldi. Qirol Husayn mamlakat ichkarisidagi Falastin guruhlariga qarshi qaqshatqich zarba berish lozimligini tushundi.

Lekin Suriya Falastin jangarilarini himoyalash uchun ziddiyatga aralashishga qaror qildi. Shu maqsadda Iordaniyaga uchta tank brigadasi, bitta “kommandos” brigadasi, falastinlik jangarilar guruhi, shuningdek, 200 dan ortiq T-55 tanklari jo‘natildi. Natijada urush bir oyga cho‘zildi, o‘n minglab inson, asosan, falastinliklar, qurbon bo‘ldi, Falastin jangarilari esa mamlakatdan surib chiqarildi.

"Falastin xalq ozodlik fronti" guruxi a'zolari
© Wikipedia, Thomas R. Koeniges

1977 yil Misr-Liviya urushi

Misr-Liviya urushi – 1977 yil aprel va may oylari Misr hamda Liviya munosabatlari taranglashgach shu yilning iyul oyida ikki mamlakat o‘rtasida ro‘y bergan qisqa muddatli chegara ziddiyatidir. Xullas, iyul oyida polkovnik Qaddofiy Liviyada ishlayotgan 225 ming misrlikka 1 martgacha mamlakatni tark etishni buyuradi, aks holda, hibsga olish bilan tahdid qiladi. Ko‘p o‘tmay ikki mamlakat chegara qo‘shinlari o‘rtasida otishmalar, ketidan yer usti va quruqlik zarbalari ham boshlandi. 24 iyuldayoq Jazoir prezidenti Xuari Bumediyen vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish haqida bitimga kelindi.

Harbiy harakatlarning boshlanishiga “Qohiraga marsh” deb nomlangan hodisa sabab bo‘ldi. Misr va Isroilning diplomatik yaqinlashuviga qarshi chiqqan o‘z hukumatining qo‘llashi ortidan 1977 yil 20 iyulda minglab liviyaliklar Misr chegarasi tomon yo‘l oldilar. Liviya yetakchisi Muammar Qaddofiy arab xalqlarining qayta tiklanishi va birlashuviga qarshilik qilayotgan chegaralarni buzishga chaqirdi, jumladan, Misrning yangi prezidenti Anvar Saodatni Kamal Abdul Nosirdan yuz o‘girgan deb hisoblab,  Jamol Abdul Nosir qarashlariga ergashgan holda,  ikki mamlakatning birlashishini yoqladi. Liviya yetakchisi Misr xalqi ham o‘z prezidentiga qarshi chiqadi deb o‘yladi, chunki Saodatning Isroil bilan aloqalarni yaxshilash harakati ortidan yuzaga kelayotgan xalqning noroziligini kuzatib turgan edi. Misr chegarachilari namoyishchilarni to‘xtatganlarida, Liviya artilleriya bo‘linmasi Misr chegara punktlari tomon o‘t ochdi.

24 iyulda Jazoir rahbari hamda Falastin yetakchisi, Falastin ozodlik tashkiloti rahbari Yosir Arofatning vositachiligi bilan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishildi. 1977 yil 25 iyulda urush harakatlari to‘xtatildi, ammo shunga qaramay ular orasidagi kelishmovchilik saqlanib qoldi. 1977 yil avgustida harbiy asirlarni almashish amalga oshirildi, bu Misr va Liviya o‘rtasidagi munosabatlarni yanada taranglashtirdi.

Boshqa arab davlatlariga kelsak, ular ziddiyatga nisbatan qarama-qarshi pozitsiyalarni egalladilar. Misrni qo‘llovchi konservativ tuzumlar Liviyaning harakatlarini Misr suverenitetini buzish deb baholadilar, millatchi arab davlatlari esa Isroil-Misr yaqinlashuvini tanqid qilib, Liviya tomoniga o‘tdilar. Keyinroq bu ko‘plab arab davlatlarining Misrga nisbatan boykot e'lon qilishiga va uning Arab davlatlari Ligasiga a'zoligini muzlatib qo‘yishlariga olib keldi. Bu Anvar Saodatning Isroilga tashrifi va tomonlar o‘rtasida Kemp-Devidda tinchlik bitimi imzolanishidan keyin ro‘y berdi.

1981 yil Saodatning o‘limidan va Husni Muborakning mamlakat prezidenti etib tayinlanishidan so‘ng  Liviya-Misr aloqalari bo‘yicha qo‘mita tuzildi. Uni Misr va Liviya munosabatlari koordinatori lavozimiga tayinlangan Ahmad Qaddof ad-Dam boshqardi.

Fors ko‘rfazidagi ikkinchi urush

Amerika Qo‘shma Shtatalari boshchiligidagi xalqaro koalitsiya tomonidan boshlangan urush prezident Saddam Husayn boshqarayotgan Iroq davlatining 1990 yil Kuvaytga bostirib kirishidan so‘ng boshlandi. O‘shanda Kuvayt hukumati Iroq neftini o‘g‘irlashda va Iroq hukumatiga nisbatan fitnada ayblangan. Urush 40 kun davom etdi va Iroq qo‘shinlarining Kuvaytdan siqib chiqarilishi, Iroqning harbiy va iqtisodiy salohiyati qisqarishi, shuningdek, keyinchalik Iroqda insonparvarlik bilan bog‘liq ahvolning yomonlashuviga olib kelgan blokada jazosi bilan yakunlandi.

Bu ziddiyatning ildizi 1932 yil Iroqning Birlashgan Qirollikdan mustaqil bo‘lib chiqishiga borib taqaladi, Kuvayt esa 1961 yilga kelib britaniyaliklardan mustaqillikni oldi. Kuvayt mustaqilligi e'lon qilingandan bir hafta o‘tib Iroq rahbari Abdul Karim Qosim Kuvayt hududiga da'volarini e'lon qildi, bu xalqaro inqirozga olib keldi. Arab davlatlari ligasi Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Sudan qurolli kuchlaridan iborat arab qo‘shinlarini Kuvaytga yuborib vaziyatga aralashdi. Abdul Karim Qosim o‘z da'volarini Kuvayt Iroqning bir qismi bo‘lgani va undan Britaniya mustamlakachiligi davrida tortib olingani bilan asosladi. 1963 yilning 4 noyabrida Iroq Kuvaytning mustaqilligini va o‘rnatilgan chegaralar doirasida suverenitetini tan oldi, Eron-Iroq urushi davrida esa Kuvayt va Saudiya Arabistoni Iroq hukumatiga iqtisodiy yordam ko‘rsatdi. Jumladan, Kuvaytning shu urush davomida Iroqqa yordami hajmi qariyb 14 milliard dollarga yetdi.

Bag‘dod bu qarzni OPeK tomonidan neft qazib olish hajmining tushirilishi va buning oqibatida neftning narxi oshishi ortidan to‘lashni rejalashtirgandi, ammo narxlar pastligicha qolaverdi, bu esa Saddam Husaynning Kuvayt Iroqqa zarar yetkazish uchun ataylab neft qazib olish hajmini oshirdi, degan ayblovni ilgari surishiga olib keldi. Voqealar xavfli tus ola boshladi: Saddam Husayn Kuvaytni Rumayloda joylashgan sherikchilikdagi neft konining Iroqqa tegishli qismidan (Kuvayt qismi Ratka deb nomlanadi) noqonuniy neft qazib olishda aybladi. Prezident  Saddam Husayn sakkiz yilga yaqin davom etgan Eron-Iroq urushining maqsadi arab dunyosining sharqiy chegaralarini himoya qilishdan iborat edi, demak, Kuvayt va Saudiya Arabistoni Iroq bilan qarzlarni to‘lash borasida kelishishi yoki umuman ulardan voz kechishi kerak, dedi.

1990 yilning 2 avgustida Iroq armiyasining katta bo‘linmalari Iroq-Kuvayt chegarasini kesib o‘tdi. Kuvayt hududida Iroq bronemashinalari va tanklari keza boshladi, ular mamlakatning asosiy markazlari ustidan nazorat o‘rnatdilar, shundan so‘ng Saddam Husayn Kuvaytni Iroqning o‘n ikkinchi viloyati deb e'lon qildi. Kuvayt amiri Shayx as-Saboh Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodga qochdi, u yerda qochqinlikdagi Kuvayt hukumatini boshqara boshladi, bu vaqtda esa Iroq yetti oy davomida Kuvaytni tasarrufida ushlab turdi.

"Cho‘ldagi bo‘ron" operatsiyasi, harbiy gospital o‘rnatilishi
© AP Photo, Mikami

Amerika Qo‘shma Shtatlari Kuvaytni ozod etish bo‘yicha 38 mamlakatdan iborat koalitsiyani boshqardi. Koalitsiya amaliyoti “Sahrodagi bo‘ron” deb nomlandi va 1991 yilning 16 yanvari tongida, Iroq BMT xavfsizlik kengashining Kuvaytdan qo‘shinlarni bir sutka davomida olib chiqib ketish talabini bajarmagach, boshlandi. Amerika boshchiligidagi koalitsiya qo‘shinlari butun Iroq hududini havodan jadal bombalay boshladi. 43 kun  davomida jami  109867 ta, ya'ni kuniga  2555  ta aviazarba berildi, bunda hammasi bo‘lib 60624 tonna bomba ishlatildi.

Iroq bu zarbalarga 17 yanvar kuni Isroil tomonga uni ham urushga jalb etish maqsadida yettita “Skad” raketalarini yo‘llash bilan javob qaytardi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistonining Daxron va Ar-Riyod shaharlariga ham qator raketalar otildi. Iroqning Saudiya Arabistonidagi eng mashhur nishonlaridan biri Daxrondagi Amerika harbiy bazasi bo‘ldi. Iroq raketa zarbalari natijasida 28 nafar Amerika askari halok bo‘ldi. Boshqa arab davlatlari ham Iroqqa qarshi urushda ishtirok etdilar, ayni paytda, Jazoir va Marokash betaraf bo‘lib qoldi. Iroqni qo‘llagan davlatlar ham bo‘ldi, masalan, Iordaniya kabi.

Kuvaytni ozod etish uchun qo‘shin jo‘natgan mamlakatlar orasida Misr, Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazining boshqa davlatlari ham bor edi. Iroq tomonidan yo‘qotishlar statistikasiga kelsak, raqamlar juda xilma-xil, ammo qurbonlar soni o‘rtacha 70 dan 100 minggacha boradi. Bundan tashqari, 30 ming Iroq askari asir tushdi, to‘rt mingta tank, 3100 qurol, 1856 ta askar tashishga mo‘ljallangan avtomobil, shuningdek, 240 ta samolyot yakson qilindi. Bu zamonaviy dunyoda arablararo eng mashhur va shafqatsiz urush bo‘lib tarixda qoldi.

Fors ko‘rfazida yangi arablararo urush ehtimoli

Qatar yoki boshqa istalgan davlatga harbiy aralashuv mustaqil davlatning ichki ishlariga aralashish huquqi bilan bog‘liq masaladir. Shaklan aralashuvmi yo mazmunan, qat'i nazar, na Saudiya Arabistonida, na Birlashgan Arab Amirliklarida bunday huquq yo‘q. Bu ikki davlatning Qatardan ortiq joyi ham, bunday bosqin uchun alohida sabab ham mavjud emas. Masalan, Yamanda harbiy harakatlarning tashabbuskori qonuniy hukumat edi, Qatarga harbiy aralashuvning maqsadi esa mavjud e'tirof etilgan tuzumni o‘zgartirishdir, shu sababli u xalqaro miqyosda qonuniy xarakterga ega bo‘lmaydi.

Saudiya Arabistoni va BAA Qatardagi vaziyatga faqat BMT tomonidan tegishli rezolyutsiya berilgan taqdirda aralashishi mumkin, ammo Qatarning ittifoqchilari naqadar ko‘pligini inobatga olsak, buni amalga oshirish deyarli imkonsiz, bundan tashqari, hududiy va xalqaro raqobatning hamma ikir-chikirlarini ham e'tiborga olish kerak.

Ma'lum bo‘ladiki, Qatarga harbiy aralashuv kuzatuvchilarning kun tartibida turmayapti. Yuqorida aytilganidek, mavjud xalqaro voqelik sharoitida bu xalqaro huquq nuqtai nazaridan imkonsiz narsa, chunki bunday aralashuvga yo‘l beradigan qonuniy hukumatning tegishli so‘rovi ham, BMT rezolyutsiyasi ham yo‘q. Yana bir muhim jihat Qatarning ittifoqchilik borasida keng tarmoqli aloqalaridir. Turkiyadagi besh ming askar joylashgan harbiy bazani, shuningdek, Amerikaning inqirozni bartaraf etish uchun muzokaralar boshlash chaqirig‘ini ham e'tibordan qochirmaslik kerak.

Saudiya Arabistoni va BAA tomonidan ishora qilingan aralashuv Qatarning hozirgi hukumatini ag‘darish va uni tashqi siyosati o‘z manfaatlariga mos keladigan boshqa hukumat bilan almashtirishni ko‘zlab qilingan ishdir. Biroq buni tashqaridan aralashuv emas, faqat ichki to‘ntarish yo‘li bilan amalga oshiirish mumkin. Lekin buning ehtimoli juda kam, chunki bunday to‘ntarish Fors ko‘rfazidagi mavjud monarxiya tuzumlari uchun potensial xavf tug‘diradi. Agar bu davlatlardan birontasida to‘ntarish bo‘lsa, boshqalari ham xavf ostida qoladi.

Mavjud tuzumni ag‘darish maqsadida harbiy aralashuv qilish ehtimoli Qatar uchun zidditning ilk kunlari haqiqiy xavf tug‘dirgan edi, ayniqsa o‘sha paytda Qo‘shma shtatlaring bu masalada pozitsiyasi aniq bo‘lmaganini hisobga olsak. Qatar rahbariyatining ahvolni ichdan beqarorlashtirishga qarshi chora o‘laroq mamlakatga turk harbiy qo‘shinlarini kiritishga ruxsat berish qarori shundan dalolat. Boshqa tarafdan, bu tajovuzkorlarga nisbatan ham harbiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Qatar Fors ko‘rfazidagi mavjud inqoroz sharoitida to‘ntarish xavf solib turgan yagona davlat emas. Xususan, Saudiyaning BAA bilan aloqalari ham ko‘p miqdordagi portlovchi muammolar bilan xarakterlanadi. Bular orasida Amirliklarning Yaman ishlariga aralashuvi, BAA bilan Eron o‘zaro aloqalarining kuchayishi kabilarni sanash mumkin. Bularning bari, amirlikliklar va saudiyaliklar orasida o‘tmishdagi ziddiyatlarni hisobga olsak, Fors ko‘rfazida shafqatsiz urush boshlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Faqat bu urush Saudiya Arabistoni va BAA o‘rtasida bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top