Jahon | 14:21 / 16.08.2017
14382
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Sladkoye ko‘li Qozog‘istonga nega «berilganiga» izoh berdi

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Novosibirsk viloyati bo‘yicha chegara boshqarmasi Sladkoye ko‘li nima uchun Qozog‘iston hududiga o‘tkazilganini tushuntirib berdi. Ma'lum qilinishicha, ko‘l vaqt o‘tishi bilan qurib qolgan, bu yerdagi davlat chegarasi esa o‘zgarmagan, deb xabar bermoqda RIA «Novosti».

«Mahalliy aholi davlat chegarasi ko‘lning o‘rtasida bo‘lishiga o‘rganib qolgan, hamda uning qirg‘oqlariga ov maqsadida borishni kanda qilishmagan. Biroq, demarkatsiyadan so‘ng ma'lum bo‘lishicha, ko‘l so‘nggi yillar davomida shu darajada qurib qolganki, hozir chegara uning aynan qirg‘og‘idan o‘tadi», - deya xabar bergan chegara boshqarmasi matbuot xizmati vakili.

Ta'kidlanishicha, tuman ma'muriyatining xabari aynan shu bilan bog‘liq bo‘lgan, u mahalliy fuqarolarga ko‘lning qurib qolishi tufayli davlat chegarasi qirg‘oqda ekani bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borgan. Demak, ko‘l yonida ov qilish ham man etildi.

«Shu tariqa, Rossiya Qozog‘istonga hech narsa bermadi. Chegara esa avvalgi joyidan o‘tgan», - deya aniqlik kiritishdi Federal xavfsizlik xizmatidan.

Avvalroq Qozog‘iston Rossiya Sladkoye ko‘lini «sovg‘a qilgani»ni inkor etgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid