Jahon | 20:49 / 17.08.2017
11255
3 daqiqa o‘qiladi

Dushanbeda o‘quvchilarni 10-sinfga qabul qilishda "tozalash" ishlari olib borilmoqda

Tojikiston ta'lim va fan vazirligi poytaxtdagi 9-sinfni tugallagan maktab o‘quvchilari uchun alohida majburiy attestatsiya o‘tkazishga qaror qildi. Attestatsiyadan o‘ta olmaganlar 10-sinfga qabul qilinmaydi, ular tugallanmagan o‘rta ma'lumot haqidagi attestatni olib, maktabni tark etishga mahkum. News.tj shu haqida xabar berdi. 

Dushanbedagi 9-sinf bitiruvchilari deyarli butun yoz mavsumi davomida imtihonlarga tayyorlanish va ularni topshirish bilan band bo‘lishdi - dastlab bitirish imtihonlari, keyin esa 10-sinfda o‘qishni davom ettirish uchun kirish imtihonlari. Kirish imtihonlari yakunlariga ko‘ra qancha o‘quvchi saralab olingani hozircha noma'lum. Ta'lim vazirligida test sinovlari o‘tkazilmagani, faqat suhbat bo‘lgani ta'kidlansa-da, o‘quvchilarning ota-onalari test imtihonlari o‘tkazilgani, ba'zi o‘quvchilarning maktabni tark etishga majbur bo‘lgani haqida aytishmoqda. 

Umuman olganda bunday "saralash" o‘tkazilishiga joriy yilning yanvarida ikki o‘smirning pichoqbozligidan keyin qaror qilindi. O‘shanda o‘smirlar "jangi" ikki nafarining o‘limi bilan tugagandi. 

2017 yilning 30 martida Ta'lim va fan vazirligi Dushanbedagi o‘rta maktablarda o‘qishni davom ettirishning yangi tartibini belgilab bergan. Endilikda o‘quvchilarning  10-sinfda o‘qishni davom ettirishi uchun ularning 9-sinf bo‘yicha baholari va majburiy attestatsiya natijalariga qaraladi. 

Ta'lim vazirligida gap to‘laqonli qo‘shimcha imtihonlar emas, faqat suhbat haqida ketayotgani alohida ta'kidlangan. 

Vazirlikning o‘rta maktab ta'lim boshqarmasi boshlig‘i Abdujabbor Aliyevning ma'lum qilishicha, 10-sinfga saralash bo‘yicha talablar faqat o‘g‘il bolalarga nisbatan qo‘llaniladi. "Bola yaxshi baholarga o‘qigan bo‘lsa-yu, xulqi qoniqarsiz bo‘lsa, maktab tartib-qoidalarini buzgan bo‘lsa, 10-sinfga qabul qilinmasligi mumkin", - deydi Aliyev. 

"Qiz bolalar esa, 9-sinf yakunlari bo‘yicha qanday o‘rta ball olishlaridan qat'i nazar, o‘qishni davom ettirishlari mumkin". 

Mavzuga oid