O‘zbekiston | 21:00 / 17.08.2017
29335
8 daqiqa o‘qiladi

Qachongacha arosatda yuramiz?

O‘zbekiston lotin alifbosida qolgani yaxshimi yoki kirill alifbosiga qaytish kerakmi? Ayni vaqtda o‘zbekistonliklar shu mavzuni keng muhokama qilmoqda. Tafsilot.uz saytida shu mavzudagi yana bir maqola nashr etildi.

Istibdod yillarida milliy mustaqillik uchun kurash tilga rasmiy — davlat tili maqomini berish uchun kurashdan boshlangani ko‘pchilikning yodida. 1989 yil 21 oktabr kuni «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi.

Oradan ikki yil o‘tib, mustaqillikka erishilgandan so‘ng lotin alifbosiga o‘tish harakatlari boshlandi, buning uchun tegishli hujjatlar ham qabul qilindi, o‘tish muddatlari belgilandi, biroq qaysidir sabablarga ko‘ra bu ish oxiriga yetmay qoldi va ushbu muammo haqida gapirishga og‘zaki taqiq qo‘yildi.

So‘nggi bir yil ichida mamlakat hayotida ro‘y bergan voqealar oshkoralikka yo‘l ochayotgani sababli boshqa masalalar qatori ushbu muammo ham tilga olina boshladi va tez orada uning hal bo‘lishiga umid uyg‘ondi. Adabiyotshunos Shuhrat Rizayev yaqinda «Kitob dunyosi» gazetasi orqali mamlakat prezidentiga murojaat qilib, boshqa masalalar qatori alifbo muammosini ham ko‘tardi. Ushbu o‘ta nozik, shu bilan birga, hal etilishi mamlakat rahbariyatining siyosiy irodasini talab qiladigan masala ijtimoiy tarmoqlarni junbishga keltirdi.

Hatto shu kunlarda asli O‘zbekistonda tug‘ilmagan o‘zbeklarning ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston prezidentiga murojaati internetda shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda: «Biz lotin yozuvi orqali ota yurtimiz O‘zbekiston bilan qayta bog‘lana oldik!.. Biz O‘zbekistonda tug‘ilmagan o‘zbeklar kuni kecha o‘zbekistonlik bir adabiyotshunos «kirill yozuviga qaytaylik» degan ochiq xatni sizning qabulxonangizga yuborganini eshitib, haqiqatan yana ma'naviy aloqamiz uziladi degan xavotirga bordik» (uslub va imlosi saqlandi).

Albatta, Shuhrat Rizayevday olimning ushbu muammoni hal etishni istab, taklifni o‘rtaga tashlagani durust — past-balandni biladi. Biroq uning «lotin alifbosi, mutaxassislar fikricha, tilimiz tabiatiga unchalik muvofiq emas» degan gapini adabiyotshunos olimning gapi deyish qiyin. Agar bu taklifni u emas, biror matematik yoki kimyogar olim o‘rtaga tashlaganda, filolog emas-da deb tushunsa bo‘lar edi. Lekin tuppa-tuzuk olimning ko‘ra-bila turib, alifbo haqida bunaqa fikr bildirishi odamni o‘yga toldiradi.

Keling, gapning po‘skallasini aytaylik: yangi alifbomizning bugungi ahvoli uchun alifbo emas, o‘zbek tilidagi tovushlarni ifoda etish uchun mos harflarni tanlay olmagan, o‘zlaricha aravaning g‘ildiragini yangidan «kashf qilgan» tilshunos olimlar aybdor.

Oddiy xalq ham ulardan ijodkorroq ekanki, ijtimoiy tarmoqlarda «sh»ni «w»(dabl-yu) harfi bilan yozmoqda. Hatto ayrim kishilar sh (sh), ch (ch), g‘ (g‘), o‘ (o‘) harflari o‘rniga boshqa tillardagi , , , singari harflardan foydalanmoqda. Ammo kompyuterda ishlaydiganlar ularni yozish uchun ayni paytda qabul qilingan alifbomizda va binobarin klaviaturada bo‘lmagani bois boshqa tillar klaviaturasidan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Agar o‘sha paytda alifboni mana bunaqa tuzasan deb biror vallomat buyruq bergan taqdirda ham, janob vallomat, o‘zbek tilida mana buncha tovush bor, ularni lotin alifbosida mana bunaqa harflar bilan ifoda qilish mumkin deb aytsa bo‘lar edi-ku? Shunda xalq bunday arosatda qolib ketmas, chorak asrdan beri ikki alifbo o‘rtasida sarson bo‘lmas edi.

Filolog sifatida Shuhrat Rizayevga yaxshi ma'lum bo‘lsa kerakki, iste'moldagi kirill alifbomiz ham kamchiliklardan xoli emas. Unda rus tilidan o‘tgan va o‘zbek tilining tabiatiga mutlaqo yot, ya'ni ikki tovushni ifodalaydigan harflar (ts, yo, yu, ye) va hech bir tovushni ifodalamaydigan harfi bor. Vaholanki, ularning o‘rniga yetishmayotgan unli tovushlarni ifoda qiluvchi harflarni, negadir kirill alifbomizga o‘gay bo‘lib, kirmay qolgan (ng) tovushini kiritsa bo‘lar edi.

Fonetika ilmining yirik mutaxassislaridan biri bo‘lgan SamDU professori, rahmatli Xudoyberdi Doniyorov bir zamonlar o‘zbek (kirill) alifbosidagi unli harflar mavjud tovushlarni ifoda qila olmasligini, fonetikamizda 9 ta tilorqa, tiloldi, qisqa va uzun unli tovush borligini tinmay gapirib yurar, tarafdorlarim qancha ko‘p bo‘lsa, bu ish shuncha amalga oshadi deguvchi nekbin edi.

Afsuski, alifbo o‘zgarib ham, chorak asr mustaqil bo‘lib ham murod hosil bo‘lmadi.

Shu turishda ura-urachilik davom etaversa, yaqin orada hal bo‘lishi ham dargumon. O‘zi mustaqil bo‘lib, alifbosini eplay olmagan millatni, to‘g‘rirog‘i, uning olimlarini qanaqa tushunish mumkin?

Shu o‘rinda Shuhrat Rizayev taklif qilayotgan ikkinchi masala, ya'ni «fursat o‘tmasidan kirillni asosiy, lotinni ikkinchi alifbo sifatida qonunlashtirish» mutlaqo kurakda turmaydigan gap.

Birinchidan, Serbiya bilan O‘zbekistonni hisobga olmaganda, hech bir tilda biryo‘la ikkita alifbodan foydalanilmaydi. Bu aholi uchun noqulayliklar tug‘dirishi barobarida iqtisodiyot uchun ham ko‘tara xarajat — har bir qonun hujjati yoki boshqa narsalarni ikkita alifboda chop qilish kerak.

Ikkinchidan, afsuski, bugungi kunda lotin alifbosiga o‘tish-o‘tmaslik tilshunoslik qolib, geografik siyosat, mustaqillikni saqlab qolish-qolmaslik masalasiga aylandi.

Hali ham imperiyani qo‘msayotgan ayrim yirik mamlakatlar millatchilari — ular qatorida o‘zimizning ruschadan boshqa tilni eplab gapira olmaydigan va o‘zbekligidan or qiladiganlar guruhi ham bor — chorak asr mustaqil bo‘lgan xalqlarning ichki ishlariga ham burun tiqishni o‘ziga kasb qilib olgan.

Misol izlab uzoqqa borish ham shart emas. Shu kunlarda qardosh qozoq xalqining lotin alifbosiga o‘tmoqchi bo‘layotgani sabab ularning paytavasiga qurt tushib qoldi. Qozog‘iston mustaqil davlat bo‘lsa, alifboni o‘zgartiradimi, ertaga davlatning boshqa boshqaruv tizimiga o‘tadimi, nima ishing bor deydigan mard yo‘q.

Bugungi kirill alifbosida savod chiqargan va umr bo‘yi unda yozilgan kitoblarni o‘qigan ziyolilarni, shu jumladan, Shuhrat Rizayevni ham tushunsa bo‘ladi. Ularning lotin alifbosida o‘qish ko‘nikmasi yo‘q. Lekin millat, uning manfaati, mustaqilligi, egamenligi hamma narsadan ustun turishi kerak emasmi?

Barcha turkiy xalqlar lotin alifbosiga o‘tib bo‘lgan yoki o‘tayotgan paytda biz orqaga qaytsak yoki hozirgi arosatdagi holatimizni ikki alifbo to‘g‘risidagi qonun bilan mustahkamlaydigan bo‘lsak, ustimizdan hamma kulmaydimi?

Mahbuba Ibrohimova
«Iste’mol madaniyati» gazetasining
2017 yil 16 avgustdagi sonidan olingan

Mavzuga oid