Jahon | 23:45 / 18.08.2017
13867
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyadagi teraktlar: politsiyachi bir o‘zi 4 terrorchini yo‘q qilgani ma'lum bo‘ldi

Foto: REUTERS

Ispaniya huquq-tartibot idoralari xodimi 17 avgustda Kambrils shahrida piyodalarga mashinada hujum qilgan 4 terrorchini yakka o‘zi yo‘q qilgani ma'lum bo‘ldi. 

Ma'lum qilinishicha, voqea Kambrils sohilbo‘yida Barselonadagi teraktdan bir necha soat keyin yuz bergan. Terrorchilar Audi A3 mashinasida piyodalar ustiga bostirib borib 4 kishini urib ketgach, politsiya postiga borib urilishgan.

Terrorchilar mashinadan chiqib, odamlarga hujum qila boshlashgan. Ular jumladan bir politsiyachiga jarohat yetkazishgan. Shunda yaralangan politsiyachining sherigi o‘zini yo‘qotib qo‘ymay, terrorchilarga qarata o‘q uzgan va ulardan 4 nafarini o‘ldirgan. Ta'kidlanishicha, hammasi bo‘lib besh terrorchi bo‘lgan. Yana bir terrorchi olingan jarohatlardan keyinroq o‘lgan.

Politsiyachi nomi oshkor etilmayapti, biroq shunisi ma'lumki, u psixologik yordam so‘rab murojaat qilgan.

17 avgustda Barselonada furgon haydovchisi piyodalar ustiga bostirib borgan. Bir necha soatdan keyin shunday terakt Barselonadan 100 km cha uzoqlikda joylashgan Kambrilsda amalga oshirilmoqchi bo‘lgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid