Jamiyat | 20:55 / 23.08.2017
17424
3 daqiqa o‘qiladi

Tailandga qizlarni yuborish bilan shug‘ullangan samarqandlik “odamfurush” ayol ushlandi 

O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan kishilarni keyinchalik xorijda og‘ir sharoitlarda ishlatish uchun yollash bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha tadbirlarning olib borilishi davom etmoqda. 
 
Samarqand shahri hududida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Samarqand viloyati huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari tomonidan Samarqand shahrida yashovchi 51 yoshli Zamira Jumayeva qo‘lga olindi. Tezkor xodimlarning ma'lumotiga ko‘ra, u odam savdosiga ixtisoslashgan uyushgan jinoiy guruhning faol a'zolaridan biri bo‘lgani holda, ehtimoliy qurbonlarni izlash va ularni xorijga, keyinchalik “jinsiy maqsadda foydalanish” maqsadida yuborish bilan shug‘ullangan.

Zamira Jumayeva o‘z tanishlari orqali ishonuvchan ayollarni topib, ularga Tailand davlatining restoranlari va tungi klublarida ofitsiantka sifatida oyiga 5 ming AQSh dollariga qadar bo‘lgan yuqori haq to‘lanuvchi ish va'da qilgan. Uyushgan jinoiy guruhning tashkilotchisi va “tirik” tovarning buyurtmachisi Tailand hududida vaqtinchalik yashovchi samarqandlik boshqa bir ayol (uning ismi tergov manfaati tufayli oshkor etilmagan) bo‘lgan. U O‘zbekistondagi ehtimoliy qurbonlarga elektron aviachiptalarni sotib olgan va yuborgan.

Qizlarni yuborish ishlari avvaliga “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab avtomashinada, so‘ng “Toshkent-Bangkok” aviareysi orqali amalga oshirilgan. Bangkok shahriga yetib kelgan qurbonlarni UJGning Markaziy Osiyo davlatlaridan bo‘lgan boshqa a'zolari kutib olishgan.

Zamira Jumayeva ko‘rilgan chora-tadbirlar yordamida Samarqand shahridan navbatdagi qizni Toshkent shahriga avtomashinada olib ketayotgan paytda, YPX postlaridan birida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Z.Jumayevaga nisbatan ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoiy kodeksining 135-moddasi 3-qismi (Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid