O‘zbekiston | 14:30 / 23.08.2017
56722
3 daqiqa o‘qiladi

Josuslikda ayblanib qamalgan Erkin Musayev ozodlikka chiqarildi

Foto: Amnesty International

Birlashgan millatlar tashkiloti o‘zlarining sobiq xodimi Erkin Musayevning qamoqdan ozod qilinganini olqishladi. E.Musayev 2006 yilda O‘zbekistonda hibsga olingan edi va qamoqxonada 11 yil o‘tkazgan.

Hibsga olingan chog‘ida Musayev BMT rivojlanish dasturi va Yevropa ittifoqi qo‘shma dasturining menejyeri lavozimida ishlab turgan edi, deb xabar beradi BMT yangiliklar markazi.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Mudofaa Vazirligining sobiq xodimiga nisbatan davlatga xoinlik qilish, josuslik, BMT mablag‘larini talon-toroj qilish ayblari qo‘yilgan edi.

Musayev o‘z aybini to‘liq inkor etgan, lekin unga 15 yillik qamoq jazosi tayinlangan edi. BMT rivojlanish dasturidagilarning aytishicha, bu ayblovlarning birortasiga asos bo‘lmagan.

BMTning asossiz hibsga olishlarni tekshirish bo‘yicha ishchi guruhi 2008 yildayoq sud majlisi adolatsiz va noxolis o‘tgani, Musayevning qo‘lga olinishi o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgani haqida xulosa bergan edi.

Erkin Musayevning taqdiri borasidagi masalani BMTning boshqa mustaqil ekspertlari, inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita a'zolari, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha so‘nggi uch Oliy bosh komissari ham ko‘targan edi. 2012 yilda BMTning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Musayevga nisbatan shafqatsiz munosabatlar va qiynoqlar haqidagi xabarlar yuzasidan O‘zbekiston hukumatini mustaqil va xolisona tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan. Xususan, BMTdagilar unga nisbtan «alohida nazorat» qo‘llanilayotgani, mahbus kaltaklanayotgani va tibbiy yordamdan mosuvo etilganidan tashvishda ekanligini bayon qilishgan edi.

«Ayni paytdagi Oliy bosh komissar Zayd Ra'd al-Hussayn shu yilning may oyida O‘zbekistonga qilgan tashrifi chog‘ida Musayev ishini prezident Shavkat Mirziyoyevga eslatgan. Bu BMT Oliy bosh kosmissarining O‘zbekistonga ilk tashrifi edi», — deydi BMT inson huquqlari boshqarmasi ishlovchi Liz Trossel.

Al-Hussayn Shavkat Mirziyoyev prezidentlik lavozimini boshlaganidan buyon bir qator siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarilganligi faktini olqishlagan. Oliy bosh komissar jiddiy savollar keltirib chiqaruvchi sud majlislari natijasida uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan boshqa «vijdon tutqunlari»ni ham ozod qilishga hukumatni chaqirgan.

Mavzuga oid