O‘zbekiston | 14:35 / 25.08.2017
6620
4 daqiqa o‘qiladi

Senat biznes-ombudsman to‘g‘risidagi qonunni ma'qulladi

Foto: Senat.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n birinchi yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi qonunni ma'qulladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 maydagi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti ta'sis etildi, uning faoliyatining huquqiy mexanizmlari belgilab berildi. 

Tadbirkorlikni, tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatining amalga oshirilishida ishtirok etish, ularni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, qabul qilingan hujjatlarning tadbirkorlik sohasiga ta'sirini baholash, qabul qilingan hujjatlarning tadbirkorlik faoliyati rivojiga ta'siri samaradorligini baholash, bu sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflarni tayyorlash Vakilning asosiy vazifalari etib belgilangan. 

Qonun Vakilga sohada nazoratni amalga oshirish, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlariga shubhasiz rioya etilayotganligi ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha keng vakolatlar beradi. Xususan, u davlat organlarining (tashkilotlarining) qarorlari, ular mansabdor shaxslarining tadbirkorlar huquqlarini buzuvchi harakatlari ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi, ularning faoliyatini tekshirish qonuniyligi ustidan monitoring o‘tkazadi, arizalar va da'volar bilan sudlarga murojaat qiladi, davlat organlarining majlislarida ishtirok etadi, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. 

Shu bilan birga, qonunda Vakil tomonidan ko‘rib chiqilmaydigan masalalar ham belgilangan. Tadbirkorlar o‘rtasidagi iqtisodiy nizolar, oilaviy, mehnat va tadbirkorlik bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar, shuningdek, sudning, tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovni, surishtiruvni va jazo ijrosini amalga oshiruvchi organlarning vakolat doirasiga kiradigan masalalar shular jumlasidan. 

Tadbirkorlar manfaatlariga daxl qiladigan eng muhim, dolzarb masalalarni hal qilishda Vakilning mustaqilligini ta'minlash maqsadida Vakil qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etaladi. U Prezidentning roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki ma'muriy jazo choralariga tortilishi mumkin emas. 

Vakil instituti qonunga muvofiq nafaqat mamlakatimiz tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoyasini, balki O‘zbekiston Respublikasida o‘z biznesini yuritayotgan xorijiy kompaniyalar huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoyasini ta'minlashi lozim. Senatorlarning fikricha, bu O‘zbekistonning investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini oshirishga, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi. 

Senatorlar tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchi, suddan farqli o‘laroq, yangi institutning joriy etilishi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini hal etishda tadbirkorlar rolini oshirishda o‘ta muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidladilar. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid