22:06 / 26.08.2017
8213

Zilzila sabab Neapol sohillaridagi yer sathi to‘rt santimetrga pasaydi

Foto: pronedra.ru

Dushanba kuni Tirren dengizining Iskia orolida ro‘y bergan zilziladan so‘ng Kazamichchola-Terme kurort shahri hududidagi yer sathi deyarli to‘rt santimetrga pasaygan, deb xabar qilmoqda italiyalik olimlar.

Elektromagnit tasvir instituti tadqiqotchilari Yevropaning Sentinel-1 va COSMO-SkyMed sun'iy yo‘ldoshlari orqali o‘lchovlarni amalga oshirishgan. Koinotdan olingan ma'lumotlar asosida zilzila o‘chog‘i yaqinida gruntning sezilarli darajada cho‘kkanligi aniqlangan. 

Iskia orolida yer silkinishi 21 avgust kuni Toshkent vaqti bilan 23:58 da ro‘y bergan. Avvaliga Italiya geofizik va vulqonshunoslik milliy instituti 3,6 magnitudali zilzila haqida xabar qilgan, biroq yarim tundan so‘ng ular o‘z baholashlarini qayta ko‘rib chiqib, magnituda 4,0 ballga teng bo‘lganini aytishdi. Zilzila o‘chog‘i Iskia g‘arbiy sohilidan bevosita yaqin joyda, dengiz qa'rida 5 km chuqurlikda bo‘lgan. Seysmologlarning fikricha, birinchi silkinishdan so‘ng 20 dan ziyod kuchsiz aftershok ro‘y bergan. Zilzila oqibatida ikki ayol qurbon bo‘lgan, 39 kishi jarohatlangan va 2,6 ming kishi boshpanasiz qolgan.

Sentinel-1 sun'iy yo‘ldoshlari Yerning yuqori aniqlikdagi radar xaritalarini yaratadi. Ilgariroq ularning yordamida bir qator zilzilalar natijasida tuproq siljishi haqida ma'lumotlar olingan, shuningdek, KXDR tomonidan 2016 yilda sinalgan yadro zaryadining quvvatini baholash imkonini beruvchi ma'lumotga ega bo‘lingan.

Mavzuga oid
Top