O‘zbekiston | 12:10 / 27.08.2017
18057
3 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: Birjaning Toshkentdagi bosh idorasiga sayohat

25 avgust kuni "O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi" AJ markaziy idorasida OAV vakillari uchun maxsus press-tur tashkil etildi. Mazkur tadbirda jurnalistlar O‘zRTXB faoliyati, kelajakdagi istiqbollari, shuningdek, birjaning elektron tijoratdagi o‘rni bilan yaqindan tanishishdi. 

O‘zRXTB - elektron savdolar operatori bo‘lib, yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan kompaniyadir. Kompaniya mijozlar manfaatlari va talablariga javob beradi. 

Birjaning markaziy binosi so‘nggi yillarda rekonstruksiya qilinib, AT infratuzilmasi modernizatsiya qilingan. Bu esa, o‘z navbatida, xizmatlarni kengaytirish, ularning samaradorligini oshirish va mijozlar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga yordam beradi.  

TV studiyada yuqori texnologik data-markaz, lokal-hisoblash tarmog‘i va avtomatlashtirilgan ish o‘rinlari yaratilgan.

Savdo zali rangli elektron tablo hamda zamonaviy axborot monitorlari bilan jihozlangan. Ta'mirlash ishlaridan so‘ng brokerlar maydoni kengaytirilib, ish o‘rni 150dan 250ga ko‘paytirildi.

Front-ofisda mijozlarni qabul qilish zonalari yaratilgan. U yerda qulay elektron navbat terminali, ma'lumotlarni olish uchun LED monitorlar va axborot kiosklar o‘rnatilgan. Mazkur interaktiv yondoshuvlar natijasida har bir mijoz mutaxassis yoki broker bilan osongina muloqot qilishiga yordam beradi. Shuningdek, birjaning barcha faoliyati muntazam tahlil etib boriladi. 

Korporativ o‘quv markazida xodimlarga birja sohasi bo‘yicha kerakli bilim va ko‘nikmalar berib boriladi.

Ma'lumotlarni qayta ishlash markazi esa yuqori talablarga javob beradigan elektr tarmog‘i, avtomatik tarzda o‘zgaruvchan ikkita mustaqil elektr quvvati manbaiga ega. Elektrenergiya manbai to‘la o‘chirilgan holatda avtomatik tarzda dizel-generatorga o‘tkaziladi. Shuningdek, bu yerda birja xodimlari uchun kutubxona ham mavjud. 

Hozirda kompaniyada elektron birja savdolaridan tashqari, yarmarka savdolari onlayn rejimda faoliyat yuritadi. Birjada har kuni 40 milliard so‘mlik bitimlar tuziladi, 4mingga yaqin kliring tranzaksiyalari amalga oshiriladi. 

Yangi infratuzilmani modernizatsiya qilish birja server uskunalari bandligini 80 foizdan 25 foizgacha qisqartirdi. Yangi data-markaz 15 savdo platformasini to‘xtamay ishlashini ta'minlaydi. 2017 yilning shu kuniga qadar, birjada 5,7 mingdan ortiq yangi mijoz ro‘yxatdan o‘tgan. 

Ma'lumot o‘rnida: 2017-2018 yillarda O‘zRTXB Xorazm, Jizzax, Navoiy filiallarida ham kapital ta'mirlash ishlari olib boriladi. Sirdaryo viloyatida esa birjaning yangi idorasi quriladi.

Mavzuga oid