Jahon | 08:33 / 29.08.2017
4128
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda MAGATEning kam to‘yintirilgan uran banki ochiladi

Illyustrativ foto

Qog‘ozistonda seshanba kuni atom energiyasi bo‘yicha Xalqaro agentlikning (MAGATE) kam to‘yintirilgan uran banki ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. U yadro sinovlariga qarshi harakatlar Xalqaro kuniga bag‘ishlangan (29 avgust).

Kam to‘yintirilgan uran banki Ust-Kamenogorskdagi Ulbinsk metallurgiya zavodi bazasida joylashadi. MAGATEning bu joyni tanlashiga sabab – korxona kerakli infratuzilma, texnologiyalar, yuqori malakali kadrlar va yadro materiallari bilan ishlash bo‘yicha boy tajribaga ega. Ayni damda zavod jahonda uranli, berilliyeli, tantalli mahsulotni atom energetikasi, elektronika va metallurgiya sanoati ehtiyojlari uchun ishlab chiqaruvchilar orasida tan olinganlardan biri hisoblanadi. U “Kazatomprom” milliy kompaniyasi tarkibiga kiradi.

Dunyo tashabbusi

Qozog‘istonda kam to‘yintirilgan uran bankini joylashtirish bo‘yicha taklif respublika prezidenti Nursulton Nazarboyevning tashabbusi hisoblanadi. U yadro qurolidan xoli dunyoga erishishga yo‘naltirilgan. Bankni tashkil etishdan asosiy maqsad – MAGATEning o‘z majburiyatlarini qoidalarni buzmagan holda bajarayotgan a'zo-davlatlariga yadro yoqilg‘isini kafolatli yetkazib berishni ta'minlash bo‘yicha mexanizmni yaratish. Shu tariqa bankning tashkil etilishi global xavfsizlikni mustahkamlashda yordam berishi lozim.

"MAGATE yadro yoqilg‘i banki to‘yintirish darajasi 4,95 foizgacha bo‘lgan kam to‘yintirilgan uran zaxirasiga aylanadi. Bu keyinchalik ko‘plab energetik reaktorlar uchun yoqilg‘i tayyorlash uchun qo‘yiladigan talablarni qondirishda kerakli o‘zgaruvchanlikni ta'minlaydi. Agentlik KTUni standart jarayonlar asosida xarid qiladi", - deya xabar bergan Qozog‘iston TIV matbuot xizmati.

Ta'kidlanishicha, KTU mamlakatlarga jo‘natish paytida dolzarb bo‘lgan bozor narxlari bo‘yicha yetkazib beriladi. Zaxiralarni yaratishdan maqsad – bank o‘z yadro dasturlari ularning iqtisodiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan sabablar tufayli yopilishi mumkin bo‘lgan davlatlar uchun so‘nggi vositaga aylanishida. 

Xavfsizlikka rioya etish

Ekspertlarning ta'kidlashicha, Ust-Kamenogorskda KTU bankini joylashtirish ekologiya, xavfsizlik va mintaqa aholisi uchun xavf tug‘dirmaydi. Qayta ishlab bo‘lingan yadro yoqilg‘isi respublika hududiga qaytarilmaydi. Uranni olib o‘tish va saqlashdagi xavfsizlik maxsus konteynerlardan foydalanish hisobidan ta'minlanadi. 

"Konteynerlar MAGATE sertifikatlariga ega va hattoki juda kuchli tabiiy ofatlar hamda texnogen falokatlarga ham bardoshli etib tayyorlangan. Ular 80-100 yil foydalanishga mo‘ljallangan. Material boshqa davlatlar hududidan ham olib o‘tiladi, shu sababdan 2015 yilning iyunida Rossiya, 2017 yilning mayida esa XXR bilan kelishuv imzolandi", - deya ma'lumot berishgan TIV matbuot xizmatidan.

Loyihani moliyalashtirish

Qozog‘iston tashqi siyosat idorasi ma'lumotlariga ko‘ra, miqdori taxminan 150 mln dollar bo‘lgan bu loyiha qator davlatlar va tashkilotlarning ko‘ngilli ravishda pul o‘tkazishi hisobidan moliyalashtirilmoqda. Masalan, Amerikaning "Yadro tahdidini kamaytirish bo‘yicha tashabbus" (Nuclear Threat Initiative) fondi 50 mln dollar, AQSh - 49,54 mln, Birlashgan Arab Amirliklari va Kuvayt – 10 mln.dan, Norvegiya - 5 mln, Yevroittifoq – 25 mln yevroga qadar mablag‘ o‘tkazib bergan. Hozirgi bozor narxlari hisobga olinsa, 150 mln dollar taxminan 60-80 tonna KTUni sotib olish va uni Qozog‘istonga yetkazib berish uchun yetarli bo‘ladi. 

MAGATE uranning yuridik egasi hisoblanadi. Shu bilan birga, Qozog‘istonda faqatgina yadro materiallarini saqlash bo‘yicha xarajatlar bo‘lishi mumkin, boshqa chiqimlar ko‘zda tutilmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid