Eronning Natanz, Fordo va Isfahon yadroviy obektlari hududida 60 foizgacha boyitilgan 440 kg uran bo‘lishi mumkin. Qozog‘iston mazkur uran zaxiralarini qabul qilish bo‘yicha taklif bilan chiqqan. Bu haqda MAGATE rahbari Rafael Grossi Financial Times gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qozog‘istonning Ust-Kamenogorsk shahrida MAGATE nazoratidagi past boyitilgan uran banki joylashgan. Ushbu zaxira agentlikka a’zo davlatlar uchun favqulodda holatlarda foydalanish maqsadida tashkil etilgan.
Grossining fikricha, aynan shu infratuzilma Eron uranini xavfsiz saqlash uchun mos joy bo‘lishi mumkin. U bunday variant AQSh va Eron uchun ham maqbul bo‘lishi mumkinligini alohida ta’kidlab o‘tdi. MAGATE rahbari o‘tgan hafta Qozog‘iston rahbariyati bilan bo‘lgan uchrashuvida bu masala muhokama qilinganini ham ta’kidlab o‘tdi.











