Butunjahon yadroviy assotsiatsiyasi ma’lumotlariga asoslangan infografikada 2015–2024 yillar davomida mamlakatlar kesimida uran qazib olish hajmlari tahlil qilingan.

2024 yilda Qozog‘iston 23 ming 270 tonna uran qazib chiqarib, dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchi maqomini saqlab qoldi. Bu jahon bo‘yicha umumiy ishlab chiqarish hajmining uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Mutaxassislar bu natijani mamlakatdagi boy qumtosh konlari hamda an’anaviy usullarga nisbatan arzon va samarali bo‘lgan quduqli ishqorlash texnologiyalarining qo‘llanilishi bilan izohlamoqda. Shuningdek, Qozog‘iston uran zaxiralari bo‘yicha ham dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaydi.



Kanada 2024 yilda 14 ming 309 tonna uran ishlab chiqarib, ikkinchi yirik yetkazib beruvchiga aylandi. Mamlakatda pandemiya yillarida konlarning yopilishi sababli ishlab chiqarish keskin qisqargan edi. Biroq Cigar Lake va McArthur River kabi yirik loyihalarning qayta ishga tushirilishi sohaning tez tiklanishiga turtki berdi.

Namibiya ham o‘z mavqeini mustahkamlab, 2024 yilda 7 ming 333 tonna uran qazib oldi. Yirik ochiq konlar, xorijiy investitsiyalar oqimining ko‘payishi va yadroviy yoqilg‘iga bo‘lgan talabning o‘sishi mamlakatni uran bozoridagi eng tez rivojlanayotgan ishtirokchilardan biriga aylantirdi.