19:28 / 30.08.2017
9151

«Biz Vengerning xo‘rlanishiga guvoh bo‘lmoqdamiz». Ekspertlar «Arsenal»dagi muammolar haqida

Foto: twitter.com/@campeones_ua

Londonning «Arsenal» klubi Angliya premer-ligasining yangi mavsumini o‘ta muvaffaqiyatsiz boshladi. Birinchi turda «Lester»ni bazo‘r mag‘lubi etgan (4:3) Arsen Venger shogirdlari keyingi turlarda «Stok Siti» va «Liverpul»ga safar qilib, 0:1 va 0:4 hisoblarida yutqazdi. Bu natijalardan keyin jamoa 3 ochko bilan 16-pog‘onada joylashgan.

Oxirgi kunlarda jamoa tarqoq holatga keldi. Futbolchilar o‘rtasida muhit ko‘ngildagidek emas. Xususan, jamoa yetakchisi Aleksis Sanches «Liverpul»ga qarshi o‘yinda bor kuchi bilan harakat qilmadi (murabbiy uni o‘yin davomida almashtirishga majbur bo‘ldi) va uning jamoadoshlari bundan qattiq norozi bo‘lib, rahbariyatdan uni sotib yuborishni so‘rashmoqda. Ayni vaqtda u «Manchester Siti»ga o‘tishi bo‘yicha muzokaralar ketmoqda. Bundan tashqari, jamoaning yana bir yetakchisi Aleks Oksleyd-Chemberlend ham jamoani tark etish arafasida. Unga «Chelsi» va «Liverpul»dan taklif bo‘ldi, ammo futbolchi London klubida o‘ynashni istamadi, bunga «Chelsi» uni «Arsenal»dagi kabi qanot himoyachisi sifatida o‘ynatishni rejalashtirgani sabab bo‘ldi. 24 yoshli futbolchi esa hujum chizig‘ida harakat qilishni istamoqda va unga «Liverpul» varianti ma'qul kelmoqda.

Yozgi transferlar yakuniga yetmoqda va agar bu futbolchilar klubdan ketadigan bo‘lsa, ularning o‘rni to‘ldirilmay qolishi mumkin. Qolaversa, Arsen Venger bu yozda transferlar bozorida faol bo‘lmadi va faqat ikki futbolchini tarkibga jalb etdi. Bular «Lion»dan 52 million yevroga xarid qilingan Aleksandr Lyakazett hamda «Shalke»ni erkin agent sifatida tark etib, «Arsenal»ga tekinga kelib qo‘shilgan Sead Kolashinats.

«Arsenal»dagi bu vaziyatda taniqli ingliz ekspertlari o‘z munosabatlarini bildirishmoqda.

Xususan, «Liverpul»ning sobiq futbolchisi Jyeymi Rednapp, «Arsenal»ning sobiq futbolchisi Ian Rayt «to‘pchilar»ning yangi mavsumdagi imkoniyatlari haqida so‘zlashgan.

«Venger tushib qolgan bu vaziyat menga Muhammad Ali va Larri Holms o‘rtasidagi jangni eslatmoqda. Ali – haqiqiy afsona, ammo u o‘z raqibi tomonidan xo‘rlangandi. Bu unutishni istaydigan holating. Bu holat ayni vaqtda Venger bilan ro‘y bermoqda. Unga hozirda yordam bera oladigan hech kim yo‘q», – degan Rayt.

«U Yevropadagi eng kuchli mutaxassislardan biri. Arsen Venger bizning mamlakatda tarix yaratdi, ammo bu davr poyoniga yetmoqda. Buni qabul qilish juda qiyin.

Venger 20 yil davomida bir maromda ishladi. Angliyada ser Aleks Fergyusondan boshqa hech kimni u bilan tenglashtirib bo‘lmaydi», – degan Rednapp.

Bu mavzuda «Manchester Yunayted»ning sobiq futbolchisi, hozirda televideniye eksperti sifatida ishlayotgan Gari Nevill ham fikr bildirgan. U Aleksis Sanchesning «Manchester Siti»ga o‘tishini bema'nilik deb baholagan. Ayni vaqtda «shaharliklar» ushbu futbolchi uchun 70 mln yevro taklif qilishmoqda. Shuningdek, uni Rahim Sterling bilan almashtirishlari ham mumkin.

«Liverpul»ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin «Arsenal»da vaziyat juda og‘irlashdi. Ko‘p futbolchilar ketish haqida o‘ylay boshlashdi. Sanches jamoadan ketishni istayotgani aniq, endi uning yoniga Shkodran Mustafi va Aleks Oksleyd-Chemberlen ham qo‘shildi.

«Manchester Siti» Sanches uchun 70 mln yevro yoki Rahim Sterlingni bermoqchi ekani haqida aytishmoqda. Albatta, moliyaviy tomonini hisobga olsak, bu juda yaxshi kelishuv bo‘ladi. Ammo Sterling Sanchesning o‘rnini bosa olmaydi. Rahim «Arsenal»ni kuchaytira olmaydi.

Ko‘rinib turibdiki, Aleksisning transferini Xosep Gvardiol istamoqda. Venger uni saqlab qolishga urindi, ammo Sanches qolmoqchi emas», – degan Nevill.

Biroz oldinroq «Arsenal»ni Kiran Gibbs tark etgani va «Vest Bromvich» safiga borib qo‘shilgani ma'lum bo‘ldi.

Top