22:10 / 01.09.2017
9618

Qochoq jazosini oldi

Rossiya Federatsiyasi vakolatli organlarining iltimosnomasiga asosan, Oltoy o‘lkasi hududida jinoyat sodir etib, Buxoro viloyati hududida yashiringan O‘zbekiston fuqarosi Samijon Aliyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olindi. U Buxoro viloyat prokuraturasi organlari tomonidan xalqaro huquq normalari va milliy qonunchilikka muvofiq tergov qilindi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Aniqlanishicha, S.Aliyev 2013 yilda Rossiya Federatsiyasining Oltoy o‘lkasi Biysk shahriga ishlash maqsadida borib, bir necha yil rizq-nasibasini halol topib yuradi. Uning ishlari yurishib, kreditga “Toyota Karolla” rusumli avtomobil sotib oladi va odam tashish faoliyati, ya'ni taksichilik bilan shug‘ullana boshlaydi.

O‘zga yurtda bir necha yil yurib, o‘zini erkin his qila boshlagan S.Aliyev o‘sha kuni avtomashinasini xavfsizlik kamarini taqmasdan boshqaradi. Ko‘chada harakatlanib ketayotgan avtomobilni yo‘l harakati xavfsizligi xodimi to‘xtatadi.

-  Yo‘l harakati xavfsizligi qoidasini buzib kelayapsiz, - dedi YHXB xodimi A.Safonov. – Hujjatlaringizni bering.

Shu paytda S.Aliyevning miyasiga: “Pul bilan hammasini hal qilsa bo‘ladi”, degan fikr keldi-yu, topshirayotgan hujjatlari ichiga 500 Rossiya rublini solib, o‘zini bilmaganga soldi.

O‘z kasbiga sodiq Aleksandr Safonov pora taklif qilayotgan haydovchiga ovozini balandlatdi.

-  Bu nima? – dedi pulga ishora qilib.

-  Aka, yordam bering...

S.Aliyev qancha yalinib-yolvormasin, A.Safonovni nafs yo‘liga kirita olmadi. Aksincha, YHXB xodimi uning qilmishi haqida vakolatli organlarga xabar berdi va S.Aliyev pora berishga suiqasd qilish jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

S.Aliyev bu yurtdan chiqib ketsam, hamma ishlar bosti-bosti bo‘lib ketadi, deb qattiq yanglishdi. Tergov-surishtiruv jarayoni davom etayotgan paytda, u qochib, yurtimiz hududiga qaytib kelib, yashirinadi.

S.Aliyev o‘zga yurtda qilgan qilmishiga yurtimizda javob berishiga to‘g‘ri keldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshku tuman sudining hukmi bilan S.Aliyevga ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. 

Mavzuga oid
Top