Jahon | 09:20
820
3 daqiqa o‘qiladi

G7 sammiti: Rossiya nefti va gaziga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanmoqda

Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida bo‘lib o‘tgan G7 sammiti yakunlariga ko‘ra, «Katta yettilik» davlatlari Rossiyaning neft-gaz sektoriga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish hamda Ukrainaga havo mudofaasi tizimlari, uzoq masofali qurollar va boshqa harbiy texnikalar yetkazib berishni davom ettirishga kelishib oldi.

Foto: REUTERS

17 iyun kuni e’lon qilingan yakuniy bayonotda G7 davlatlari Rossiyaning harbiy iqtisodiyotiga bosimni yanada kuchaytirish niyatida ekanini ma’lum qildi.

«Biz Rossiyaning harbiy iqtisodiyotiga bosimni oshirish majburiyatini olamiz. Shu munosabat bilan neft-gaz sohasiga qaratilgan choralarni o‘z ichiga olgan yangi sanksiyalarni kuchaytiramiz», — deyiladi hujjatda.

Bayonotda ta’kidlanishicha, Rossiyaga qarshi yangi cheklovlarni joriy etish uchun hozir qulay sharoit yuzaga kelgan. Bunga AQSh prezidenti Donald Trampning Eron bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ochiq qolishi bo‘yicha kelishuvga erishgani sabab sifatida ko‘rsatilgan. Mazkur bo‘g‘oz orqali jahon bozoriga katta hajmda neft va gaz yetkazib beriladi.

Sammit ishtirokchilari Ukraina masalasida ham yagona pozitsiyada ekanini bildirib, mamlakatning erkinligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini ma’lum qildi.

«Biz Ukraina xalqi bilan hamjihatligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Mamlakat aholisi muhim infratuzilma obektlari va madaniy merosga qarshi uyushtirilayotgan hujumlardan jabr ko‘rmoqda», — deyiladi bayonotda.

G7 davlatlari Ukraina armiyasi so‘nggi oylarda frontda muayyan muvaffaqiyatlarga erishganini qayd etib, maydonda yangi vaziyat shakllanayotganini ta’kidladi. Shu bois mazkur dinamikani saqlab qolish va kuchaytirish maqsadida Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlari, raketalarni tutib qoluvchi vositalar, uzoq masofali qurol-yarog‘lar hamda boshqa harbiy texnikalar yetkazib berish hajmini oshirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, G7 mamlakatlari Ukraina hududida harbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkonini beradigan litsenziyalar ajratish masalasini ham ko‘rib chiqishga kelishib oldi.

Energetika sohasida ham qo‘llab-quvvatlash davom etadi. Sammit ishtirokchilari Ukrainaga kelayotgan qish mavsumini barqaror o‘tkazish uchun energetika infratuzilmasini saqlab qolish va tiklash bo‘yicha yordam ko‘rsatishlarini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, G7 tarkibiga AQSh, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya va Kanada kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid