19:05 / 02.09.2017
38190

Or-nomusni pulga sotganlar

Pul, boylik, mol-dunyo ilinjida or-nomusi, g‘ururi, sha'ni va qadr-qimmatini bozorga solib, bu insoniy sifatlarni shahvoniy maqsadlarda arzon chaqaga sotayotgan, halol va haromning farqini mutlaqo unutgan qo‘shmachilar jamiyatimizda uchrab turibdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Hatto, bu kimsalar ulg‘ayayotgan farzandlarining ko‘z oldida tasavvur etib bo‘lmaydigan jirkanch vaziyatlarni yaratib, arzimagan moddiy manfaatni deb go‘daklarning tarbiyasiga ham salbiy ta'sir etmoqdalar. Afsuslanarlisi, ular o‘zlarining yashash xonadonlarini pinhona uchrashuvlar va ko‘ngilxushliklar uchun “ishq maskani”ga aylantirmoqdalar. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilayotgan tezkor tadbirlarda bu kabi kimsalarning qilmishlari fosh etilmoqda.

Poytaxtimiz hududida olib borilgan tadbir davomida yuqori tilga olganimiz kabi yengil-yelpi hayotga ruju qo‘ygan kimsalar ayni xiyonat ustida, ularga sharoit yaratib berayotgan qo‘shmachilar esa haromdan kelgan daromaddan cho‘ntagini qappaytirgan paytda qo‘lga olindi.

Jumladan, o‘tgan yilning sentabr oyida avval ham qo‘shmachilik va fohishaxona saqlash jinoyatini bir necha marotaba sodir etgan Zarina Yo‘lchiyeva (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘zining ijaraga olgan uyida 390 ming so‘m evaziga fuqarolar Akmal Nishonov, Sadir Nurliyev va Rashid Aliyevlarga ko‘ngilxushlik qilishlari uchun fohishalikni o‘ziga kasb qilgan Sabina O‘rinova hamda Dilafro‘z Nishonovalarni topib, ularga sharoit yaratib beradi. Biroq qo‘shmachi maqsadiga yeta olmadi. U “xizmat haqi” uchun kelishilgan pulni olgan paytida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi tomonidan mazkur holatga nisbatan qonuniy baho berilib, Z.Yo‘lchiyevaga nisbatan jazoning muqarrarligi ta'minlandi. Endilikda u umrining bir necha yilini simto‘rlar ortida o‘tkazadigan bo‘ldi. 

Mavzuga oid
Top