Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li Qirg‘iziston iqtisodiyotiga kuchli impuls beradi» - ekspert
«Bu juda keng ko‘lamli loyiha bo‘ladi. Agar u amalga oshirilsa va butun mamlakat bo‘ylab temiryo‘l o‘tkazilsa, u iqtisodiyotimizga kuchli impuls beradi va uni 30 foizga oshiradi», — degan qirg‘izistonlik iqtisodchi Iskandar Sharsheyev CABAR.asia’ga bergan intervyusida.
— So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha muzokaralar yakunlanish arafasida turibdi. Bu loyihaning amalga oshirilishi nechog‘lik haqiqatga yaqin va u Qirg‘izistonga nima beradi?
— Agar Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston har qanday uzunlikdagi, har qanday kenglikdagi temir kesmasini barpo etishni uddalay olsa, shuning o‘zi katta rivojlanish bo‘ladi. Rejalashtirilayotgan trassa atrofidagi uchastkalarning narxi keskin ko‘tariladi. Agar trassa butun mamlakatni — shimoldan janubga qadar qamrab olsa, bu Qirg‘izistonda eksport va importning, asosan eksportning rivojlanishiga kuchli turtki bo‘ladi, chunki xomashyo nisbatan arzon narxlarda kirib keladi, demakki qirg‘iz mahsulotlarining raqobatbardoshligi oshadi. Fikrimcha, bu juda katta loyiha bo‘ladi. Agar u butun mamlakat bo‘ylab o‘tadimi, faqat Botken viloyatidan o‘tadimi — bunga qaramasdan amalga oshirilsa, u iqtisodiyotga kuchli impuls beradi va uning 30 foizgacha o‘sishiga zamin yaratadi. Bu loyiha iqtisodiyotning o‘sish sur'atlari va investitsion kapitallarning jalb etilishi oshiradi.
— O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 sentabr kuni «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslar uchun erkin konvertatsiya joriy qilindi. Bu siyosat qandaydir ko‘rinishda Qirg‘iziston bilan savdo-sotiqda o‘z aksini topadimi?
— Qora bozorning tanazzulga uchrashi va valyuta siyosatining liberallashtirilishi O‘zbekiston Respublikasining bazaviy shart-sharoitlarini bizniki bilan tenglashtiradi. Agar O‘zbekiston bu ishga qo‘l urmaganida, O‘zbekiston bilan savdoda biz ko‘proq foyda ko‘rgan bo‘lar edik. Agar O‘zbekistonda valyuta siyosatining eski konfiguratsiyasi amalda bo‘lib turganida qirg‘izistonlik eksportchi uchun O‘zbekistonga mahsulot eksport qilish va uni O‘zbekiston ichida valyutaga almashtirishdan amaliy foyda ikki barobar bo‘lar edi. Lekin bugungi kunda bo‘layotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, eksportchilarimiz uchun endi bunday imkoniyat bo‘lmaydi. O‘zbekiston tomonidan olib qaralganda esa ikki tomonlama savdo-sotiq ishlarida foyda tenglashmoqda.
— Qirg‘izistonda iqtisodiy holatning rivojlanish prognozlari qanday?
— Biznes reja tuzilayotganda voqealar rivojlanishining bir necha variantlari ko‘rib chiqiladi. Voqealarning birinchi varianti — eng yomon holatdir. Unga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasiga nisbatan xalqaro sanksiyalar e'lon qilinishi munosabati bilan vaziyat og‘irlashib boraveradi va bu urushga yoki RFning holdan toyishiga olib keladi. Biz esa Moskvaning ittifoqchisi va satelliti sifatida inqirozni ular bilan baham ko‘rishimiz lozim bo‘ladi. Bunday ssenariy ham yuzaga kelishi mumkin va shunday bo‘layotgani ham fakt.
Optimistik ssenariyga ko‘ra, neft narxi keskin ko‘tariladi va ma'lum bir optimumga yetib boradi, bu esa mamlakatimiz ichida iqtisodyotning ko‘plab sohalari tannarxi aspektlari qimmatlashuviga sabab bo‘ladi, binobarin ittifoqchilarimizning to‘lov qobiliyati oshadi, biz tomonimizdan reeksport oqimi yuzaga keladi va respublikamiz hududida transchegaraviy savdo-sotiq o‘z mevalarini bera boshlaydi, savdo-sotiq yaxshi rivojlana boshlashi orqasidan mamlakat katta resurslarga egalik qila boshlaydi. Rossiya yana iste'mol qilishga o‘tadi. Optimistik ssenariyga ko‘ra, Eron, Xitoy, Pokistonning yirik, lekin o‘ziga alohida xos jihatlari bo‘lgan bozorlariga yo‘l ochiladi.
Optimal prognoz shundan iboratki, uzoq vaqt — o‘rtacha 6–7 yil mobaynida yiliga 7–8 foiz atrofida inflyatsiya bo‘ladi, xomashyo va boshqa narsalarning narxi o‘sishi va aholi daromadlari o‘sishi 3–5 foiz atrofida bo‘ladi. Bu holatda Xitoy, Eron, Pokiston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan sekin-asta, bosqichma-bosqich savdo aloqalari rivojlantirib boriladi. O‘zbekistonni iqtisodiyotimizga faol jalb qilish, bizning o‘zbek iqtisodiyotidagi ishtirokimiz ro‘y beradi.
Mavzuga oid
20:00 / 09.06.2026
“Markaziy Osiyoda xorijiy davlatlarning harbiy bazalariga ehtiyoj qolmagan” - siyosatshunoslar
12:20 / 04.06.2026
Qirg‘iziston ilk marta BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibiga saylandi. O‘zbekiston qardosh xalqni tabrikladi
19:57 / 30.05.2026
O‘zbekistondan Qirg‘izistonga yuborilgan 21 tonna tarvuzning ortga qaytarilishi sababi ma’lum qilindi
18:31 / 29.05.2026