Sport | 18:58 / 08.09.2017
75698
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyligi uchun yana 4 nomzod

7 sentabr kuni O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan iste'foga chiqarildi. Murabbiy ketishi bilan ko‘pchilik turli taxminlarni o‘rtaga tashlay boshladi. Jumladan kecha Tribuna.Uz saytida ham terma jamoamizni boshqarishi mumkin bo‘lgan 6 nafar mutaxassis haqida yozildi. Bugun ushbu maqolaning davomi sifatida terma jamoamizni boshqarishi mumkin bo‘lgan boshqa mutaxassislar haqida so‘z yuritamiz.

O‘tgan galgi mutaxassislardan farqli tomoni, bugun biz sanamoqchi bo‘lgan nomzodlar nisbatan bizga, aniqroq aytadigan O‘zbekiston sharoitida talab kuchli bo‘lgan rus tilini biluvchi mutaxassislardan tuzilgan. Odatda bizda xorijdan mutaxassis yoki futbolchi jalb qilinganda birinchi navbatda uning hech bo‘lmasa rus tilini bilishi inobatga olinadi. «Bunyodkor»ning omon-omon zamonlarida Ziko va Skolarining jalb etilganini hisobga olmaganda (shu jumladan futbolchilarning ham) boshqa deyarli barcha holatlarda aynan yuqorida biz sanagan omil — O‘zbekistonda muomalada bo‘lgan tilda gaplasha olishi inobatga olinadi. Oddiy misol. Yozdan boshlab butunlay yangicha maqsadlar va katta shov-shuv bilan yana katta sahnaga qaytgan «Paxtakor» ham o‘ziga yangi murabbiyni G‘arbiy Yevropada ishlash tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislardan izladi va oxir-oqibatda xuddi shunday nomzodning rus tilini biladigan varianti topildi — Shota Arveladze.

O‘FFga keladigan rahbariyatning oldiga qo‘ygan maqsadi qanday ekanini bilmaymiz. Lekin agar ularda xorijdan mutaxassis jalb qilishni istashsa, ko‘p ehtimol bilan uning rus tilini bilishini muhim ahamiyat kasb etishini kutish mumkin. Shu ma'noda bugun sanamoqchi bo‘lgan mutaxassislar aynan shu talabga mos keladi.


Viktor Skripnik (Ukraina)
Yoshi: 47

O‘tgan yilning sentabrida Germaniyaning «Verder» klubi bosh murabbiyligidan ozod etilgandi. Ungacha esa aynan Skripnik Bremen klubi bundesligada qolishi uchun katta ishni amalga oshirgandi.

Ochig‘ini aytishim kerak. O‘zbekiston terma jamoasiga xorijdan mutaxassis kerak degan o‘y xayolimdan o‘tganidan buyon negadir shu o‘ringa aynan Skripnik eng munosib nomzoddek ko‘rinaveradi. Nega? Birinchidan, yuqorida aytgan sababim Skripnik ukrainalik sobiq himoyachi, rus tilini juda yaxshi biladi va til borasida ortiqcha muammoga duch kelmasligi tayin. Ikkinchidan, u faoliyatining katta qismini aynan Germaniyada, «Verder» tizimida o‘tkazgan. Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, klubning turli yosh toifalaridan boshlab, asosiy jamoa bosh murabbiyligiga qadar yetib kelgan. Oldingi mavsumda aynan u jamoaga kelgach, bremenliklar Germaniya yuqori divizionida jon saqlab qolgandi. Klubning barcha yosh toifalarida ishlagani unga, yoshlarni kashf qilishida qo‘l keladi. Bor imkoniyatdan kelib chiqib (Naqadar O‘FFga mos jumla) jamoani o‘ynata oladigan murabbiy bugungi kunda terma jamoamiz uchun juda zarur bo‘lib turgan «yangi qon» quyish osonroq amalga oshira olishi mumkin. 

Ammo bu taklifning bir qator minuslari ham bor. Skripnik «Verder» tizimidan chiqib kelganiga qaramay, qadrdon jamoasida ham yiliga 600 ming yevro maosh olardi. Agar uni O‘zbekistonga taklif qiladigan bo‘lsak, mutlaqo begona joyga kelishi kamida ikki-uch baravar narx so‘rashini kutishimiz mumkin. O‘FF o‘z oldiga jiddiy maqsad qo‘ygan bo‘lsagina bunday taklif bilan chiqishni kutishimiz mumkin. Yana bir salbiy tomoni, Skripnikning xohishlari. Joriy yil boshida uni Belarus FF terma jamoaga olib kelish uchun qattiq harakat qildi. Lekin negadir Skripnik terma jamoani boshqarishni istamadi. Hozirgacha buning sababi aniq emas. Balki ukrainalik mutaxassis umuman terma jamoa bosh murabbiyi sifatida ishlashni istamagandir.


Pavel Vrba (Chexiya)
Yoshi: 53

Chexiyalik mutaxassis asrimizning ikkinchi o‘n yilligida Yevropa futboliga «Viktoriya Plzen» jamoasi bilan yevrokuboklarda qayd etgan natijalari orqali kirib keldi. Chex klubini o‘z tarixida birinchi marta YeChL guruh bosqichiga olib chiqqan Vrba tez orada shov-shuvli natijalari bilan ham tanildi. Ko‘p o‘tmay uni Chexiya terma jamoasi bosh murabbiyligiga ham taklif etishdi. Terma jamoa bilan u 2016 yilda Yevropa chempionatida ham ishlashga ulgurdi.

Shundan so‘ng u Rossiyaga «Anji» boshqaruviga keldi. Maxachqal'a klubi bilan mavsum startida shov-shuv ko‘targan murabbiy («Zenit»ni bugungi «Anji» 4:0 hisobida yenga olishi katta natija albatta) keyinchalik rahbariyat bilan kelishmovchilik tufayli Chexiyaga ketib qoldi. 7 oy davomida bo‘sh yurgan Vrba yaqinda «Viktoriya»ga qaytgani ma'lum bo‘ldi. Ammo unga yaxshiroq taklif bilan chiqilsa va aniq maqsadli rejalar taqdim etilsa, O‘zbekiston terma jamoasini boshqarishi mumkin. Uning terma jamoa murabbiyi sifatidagi tajribasi ham bizga qo‘l kelishi mumkin.


Predrag Yokanovich (Serbiya)
Yoshi: 48

Futbolchilik faoliyatining asosiy qismini Portugaliyada o‘tkazgan Predrag murabbiylik faoliyatining aksar qismini ham aynan Piriney yarimorolida o‘tkazdi. Kamtar «Nasonal» jamoasi bosh murabbiyi sifatida u klubni ikki marta yevrokuboklarga olib chiqishni uddaladi. Bir marta Madeyra kubogida zafar quchdi. 3 yil oldin Angolada ishlab kelgan mutaxassis 2014 yilda yana «Nasonal»ga qaytdi. Joriy yil yozida u yana iste'foga chiqarildi.

Xorijdan mutaxassisni nisbatan kamxarj varianti zarur bo‘lganda aynan Yokanovichning jamoaga foydasi tegishi mumkin. Uning xorijda ishlash tajribasi ham terma jamoaga qo‘l kelishi mumkin.
 
Valeriy Karpin (Rossiya)
Yoshi: 49

So‘nggi paytlarda Rossiyada murabbiy sifatida qadrlanmayotgan Karpin bizning sharoitda top-murabbiy bo‘la olishi mumkin. Ispaniyadagi futbolchilik faoliyatidan so‘ng murabbiy sifatida ham ishlagan («Malorka»da) Karpin Rossiyada «Spartak» Moskva va «Torpedo» Armavir jamoalaridagi faoliyati orqali tajriba to‘pladi.

So‘nggi bir yilda MATCh TV telekanalida ekspert sifatida faoliyat ko‘rsatgan mutaxassis, bir necha oy muqaddam bu lavozimidan ketdi va hozirda bo‘sh yuribdi. Murabbiylikdagi qisqa muddatli tanaffusdan yana «yonib» turgan Rossiya futbolining o‘tmishdagi yulduzi O‘FFga mos keladigan ish bera olishi mumkin.

Albatta hozircha O‘FF rahbariyatida qanday o‘zgarishlar va qanday maqsaddagi jamoa kelishi noma'lum. Balki ularning maqsadi butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin. Lekin har qanday holatda ham ko‘zga tashlandiki, futbolimizga butunlay yangi davr ibtidosi kerak bo‘lmoqda. Buning uchun esa xorijlik mutaxassisning bo‘lishi juda muhim. Yanglishmayotgan bo‘lsam, O‘zbekiston terma jamoasi keyingi bir yil davomida birorta rasmiy uchrashuvda ishtirok etmaydi. Bu esa xorijdan taklif etilgan mutaxassisning moslashib, yangicha jamoa tuzib olishi uchun yetarlicha vaqt degani. Shundan ham bilib olish mumkinki, xorijdan murabbiyning jalb etilishi uchun hozir eng ayni vaqti.

Qolganini omon bo‘lsak ko‘rarmiz.

Azamat Murodov

Mavzuga oid