22:13 / 09.09.2017
11892

O‘zbekiston Prezidenti Xitoy hukumati delegatsiyasini qabul qildi

Foto: president.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 sentabr kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi siyosiy-huquqiy komissiyasi kotibi, O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi hamraisi Men Tszyanchju boshchiligida Qo‘shma qo‘mitaning navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi hukumati delegatsiyasini qabul qildi

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro manfaatli, ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi. 

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil may oyida Xitoyga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘targani, mamlakatlarimizning har tomonlama strategik sherikligini mustahkamlashga xizmat qilgani alohida ta'kidlandi. 

O‘zaro savdo hajmi barqaror sur'atlarda o‘sib bormoqda. Shu yilning yanvar-iyul oylarida tovar ayirboshlash hajmi 2,5 milliard dollardan oshdi. 

Xitoyning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari bilan hamkorlikda energetika, neftgaz, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, yengil sanoat tarmoqlari, ishonchli transport-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, turizm va boshqa muhim yo‘nalishlarda ustuvor sarmoyaviy dastur va loyihalar tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda. 

Foto: president.uz

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi amaliy hamkorlik, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi aloqalar istiqbollari muhokama qilindi. 

Oliy darajadagi kelishuvlarning to‘la bajarilishi hamda iqtisodiyotning yuqori texnologiyali tarmoqlaridagi yangi loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi alohida o‘rin tutishi qayd etildi. 

Men Tszyanchju Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirdi, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Xitoy O‘zbekiston bilan har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga tayyor va bundan manfaatdor ekani ta'kidlandi. 

Prezidentimiz farmoniga muvofiq, mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, shuningdek, yirik iqtisodiy va sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Men Tszyanchjuga "Do‘stlik" ordeni topshirildi.

Top