Jahon | 15:52 / 10.09.2017
13736
2 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyev islom olamiga G-20'ga o‘xshash tashkilot tuzishni taklif qildi

Foto: Kazinform / Mukhtor Holdorbekov

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ning 15 ilg‘or mamlakatidan "Katta yigirmatalik" (G-20) formatida forum tashkil qilishni taklif qildi. Bu haqida "Kazinform" xabar berdi

"O‘ylashimcha, islom olamida ilm-fan va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun G-20 kabi norasmiy forumni tashkil qilish kerak. Islom hamkorlik tashkilotining 15 ilg‘or davlatidan IHT-15 tashkilotini tuzish mumkin, chunki ilm-fan va texnologiyalar rivoji biz uchun juda muhim. Shu munosabat bilan biz G‘arb mamlakatlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishimiz kerak. Biz islom dini va boshqa din vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishimiz lozim, shu bois bunday forumlarni muntazam ravishda o‘tkazishimiz kerak. Bu kabi yig‘ilishlar islom olamini G‘arb bilan yaqinlashtiradi", - dedi Nazarboyev Ostonadagi IHT sammitida. 

Nursulton Nazarboyev Sammit ishtirokchilarini tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradigan eskilik sarqitlaridan voz kechishga chaqirdi. Shu munosabat bilan Qozog‘iston davlat rahbari millatlar va dinlararo kelishuvni saqlab qolish borasida o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekanini bildirdi. 

"Bizning mamlakatimizda juda ko‘p etnik guruhlar bo‘lib,  barchamiz tinch-ahil yashab kelmoqdamiz. 14 yildan beri jahon dinlari yetakchilarining s'yezdlarini o‘tkazamiz. Unda turli din vakillari uchrashishadi. Barchangizni 2018 yilda bo‘lib o‘tadigan oltinchi s'yezdga taklif etaman", - deya ta'kidladi Qozog‘iston rahbari. 

Mavzuga oid