Jahon | 22:20 / 10.09.2017
6697
3 daqiqa o‘qiladi

Ostonadagi sammit bo‘yicha siyosiy hujjat qabul qilindi

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitida Ostona deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu haqda Tengrinews.kz muxbiri xabar bergan.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev yakuniy yig‘ilishda deklaratsiya haqida ma'lumot bergan.

«Bugun biz fan va texnologiyalar rivojini har tomonlama muhokama qildik va bu soha biz uchun dolzarbligini bir ovozdan qayd etdik. Bu sohani birgalikda rivojlantirishimiz zarur. Biz buni amalda isbotlashimiz kerak. Buning uchun sammitning yakuniy hujjati - Ostona deklaratsiyasi qabul qilindi», - deya yig‘ilish ishtirokchilariga yuzlangan Qozog‘iston prezidenti.

IHT sammiti ochilishida Nazarboyev bu yig‘ilish islom dini tarixida iz qoldirishiga umid bildirgandi. U qozoq xalqi va islom dini bog‘liqligi uzoq o‘tmishga borib taqalishini e'tirof etgandi. 

«Bizning zaminimizga islom dini ming yillar avval kirib kelgan. Biz islom dini va g‘arb sivilizatsiyasi o‘rtasidagi do‘stona muloqotda bog‘lovchi vazifasini bajardik», - degan Qozog‘iston prezidenti.

U shuningdek, bugungi kunda islom dunyosi to‘qnash kelayotgan tahdidlar va chaqiriqlar mavzusiga to‘xtalgan. 

«Afsuski, keyingi vaqtlarda islom ummati turli murakkab sinovlarga duch kelmoqda. Bular birinchidan, turli ekstremistik va terrorchilik tashkilotlar faoliyati kengayishidir. Ularning terrorchilik xurujlaridan, birinchi bo‘lib islom olami davlatlari jabr ko‘rmoqda. Qolaversa, islomofobiya, musulmonlarga qarshi jinoiy harakatlar yildan-yilga ortmoqda», degan u.

Nursulton Nazarboyev Myanma mavzusiga ham to‘xtalgan.

«Bizni, shuningdek, yaqinda Myanmada yuz bergan mojarolar xavotirga solmoqda. Turkiya tomoni tashabbusi bilan bu mavzu sammitning yakuniy hisobotiga kiritildi. Barcha tomonlarni zudlik bilan zo‘ravonlikni to‘xtatish va BMT doirasida muloqotga chaqiramiz», degan Nazarboyev.

Mavzuga oid