O‘zbekiston | 22:53 / 11.09.2017
82289
12 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va boshqa davlatlardagi minimal ish haqi tahlili: Aholi jamg‘armalari yo‘qligi sabablari

Dunyoning ko‘pchilik mamlakatlarida eng kam oylik ish haqi (mehnat haqining eng kam miqdori) turli maqsadlarda qo‘llaniladi va asosan bir kishi yashashi uchun sarflanadigan eng kam xarajat miqdori asos sifatida olinadi. Xo‘sh eng kam oylik ish haqi aslida nima o‘zi?  

Eng kam oylik ish haqi yoki EKOIH — mehnat haqini nazorat qilish uchun qo‘llaniladigan, vaqtincha ishsizlik davridagi nafaqalar miqdorini belgilashda foydalaniladigan, qonuniy tomondan barcha turdagi korxona va tashkilotlar uchun umumiy qabul qilinishi lozim bo‘lgan minimum xarajatlar miqdoridir. EKOIH shuningdek o‘ziga karrali tarzda belgilanadigan soliqlar, yig‘imlar, jarimalar hamda boshqa turdagi to‘lovlarning aniq miqdorini belgilashda ham qo‘llaniladi. 

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq muayyan davr uchun belgilangan mehnat normasini va mehnat vazifalarini to‘liq bajargan xodimning oylik mehnat haqi qonun hujjatlarida Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilangan miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas. Mehnat haqining eng kam miqdoriga qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar, rag‘batlantirish tarzidagi to‘lovlar, normal ish vaqtidan chetga chiqqan holda bajarilgan ishlar uchun oshirilgan miqdorda to‘lanadigan haqlar, shuningdek rayon koeffitsiyentlari qo‘shilmaydi.

Endi biz iste'mol mahsulotlari o‘rtacha narxlari va EKOIHning o‘zi bo‘yicha bir qancha davlatlarni o‘zaro solishtirishga harakat qilib ko‘ramiz. Ko‘pchilik hollarda aynan mana shu solishtirish natijasi uchinchi davlat mamlakatlarining mehnat migratsiyasiga asosiy sabab sifatida qaraladi. 

Turli davlatlardagi iste'mol mahsulotlari hamda eng kam oylik ish haqi miqdorlarining solishtirma tahlili

Dollar kursi (11.09.2017 )

1$ = 57,17 r.

1$ = 334,29 t.

1$ = 3,5 m.

1$ = 8100 s.

1$ = 1129,36 v.

1£ = 1,3 $

$

 

Rossiya

Qozog‘iston

Turkmaniston

O‘zbekiston

Janubiy Koreya

Buyuk Britaniya

AQSh

EKOIH (11.09.2017)

7 800 r.= 136 $

24 459 t. = 73 $

650 m. = 186 $

149 775 c. = 18 $

6470 v. = 5.7 $/912 $

7,5 f. = 9,75 $/1560 $

7,25 $/1160 $

Go‘sht (mol go‘shti) kg.

500 r. = 8,4 $

1400 t. = 4,19 $

18 m. = 5,14 $

28000 c. = 3,5 $

23000 v. = 20,36 $

10 f. = 13 $

11,53 $

Tuxum (tovuq tuxumi) 12 dona (1 dyujina)

57 r. = 1 $

420 t. = 1,25 $

6 m. = 1,7 $

6000 c. = 0,74 $

4404 v. = 3,9 $

1,75 f. = 2,3 $

4,51 $

Sut l.

60 r. = 1,05 $

330 t. = 0.98 $

5 m. = 1,43 $

5200 c. = 0,64 $

2698 v. = 2,39 $

1 f. = 1,3 $

1 $

Guruch kg.

50 r. = 0,87 $

300 t. = 0,89 $

3 m. = 0,86 $

4000 c. = 0,49 $

4174 v. 3,7 $

1,2 f. = 1,56 $

3,9 $

Un kg.

40 r. = 0,69 $

65 t. 0,2 $

3 m. = 0,86 $

4000 c. = 0,49 $

745 v. = 0,65 $

1,36 f.1,77 $

0,5 $

Kartoshka kg.

30 r. = 0,52 $

80 t.0,24 $

3 m. 0,86 $

4000 c.0,49 $

4999 v. = 4,42 $

1,2 f. = 1,56 $

1,4 $

Piyoz kg.

30 r. = 0,52 $

180 t. = 0,54 $

2 m.0,6 $

2500 c. = 0,3 $

3184 v.2,81 $

0,9 f.1,17 $

3 $

Yog‘ (kungaboqar) l.

60 r. = 1,05 $

290 t. = 0,87 $

7 m. = 2 $

10000 c. = 1,23 $

11000 v. = 9,7 $

2 f. = 2,6 $

11 $

Shakar kg.

40 r. = 0,7 $

200 t. = 0,6 $

5 m. = 1,43 $

5000 c.0,62 $

1400 v. = 1,24 $

2,5 f. = 3,25 $

0,7 $

 

Jadval ma'lumotlari (o‘rtacha narxlar) internetdagi rasmiy ochiq ma'lumotlar va 6ta mamlakatda yashovchi fuqarolardan so‘rov o‘tkazish natijasida tuzildi. Ba'zi bir narxlar aynan sizning shahringizda mavjud narxlar bilan mos kelmasligi mumkin. Eng kam ish haqi miqdori Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va AQShda soatbay va o‘rtacha oylik hisobida (bir oyda 160 soat ishlashi inobatga olingan).

Yuqoridagi jadvaldan ko‘rish mumkinki, solishtirilayotgan 6 mamlakat orasidan EKOIH ko‘rsatkichi eng kam miqdori O‘zbekistonga tegishli - 18 dollar, eng yuqorisi esa Buyuk Britaniyada - 1560 dollar. Buni mamlakatlar iqtisodiyotining rivojlanganlik darajasi hamda mehnatga haq to‘lash fondini aniqlash usullarining turlichaligi bilan izohlash mumkin. Biroq biz o‘z navbatida EKOIHga nisbatan iste'mol mahsulotlariga sarflanishi mumkin bo‘lgan eng kam xarajatning ulushini aniqlashni o‘rinli deb topdik. Buning uchun esa yuqoridagi mahsulot turlarining har biridan bir birlik (kg, litr, dyujina) oldik va bir oy uchun shartli ravishda narxlar yig‘indisini hisobladik. Ya'ni, agar yuqoridagi mahsulotlardan bir oyda faqat bir kilogramm/litr/dona olinsa jami, mahsulotlar uchun sarflanadigan mablag‘ EKOIHning necha foizini tashkil qilishini o‘rgandik. Xullas, quyidagicha manzara hosil bo‘ldi:

 

Rossiya

Qozog‘iston

Turkmaniston

O‘zbekiston

Janubiy Koreya

Buyuk Britaniya

AQSh

Iste'mol mahsulotlari bo‘yicha xarajatlar yig‘indisi, $

14.8 

9,76

14,88

8,5

41,9

28,51

37,54

EKOIH (01.07.2017), $

136

73

186

18

912

1560

1160

Xarajatlarning EKOIHdagi ulushi

10.8%

13.3%

8%

47,2%

4,6%

1,4%

3,2%

Jadvaldagi ma'lumotlar shuni ko‘rsatadiki, Buyuk Britaniya aholisi eng kam oylik ish haqining bor yo‘g‘i 1,4 foizini sarflab, yuqoridagi barcha turdagi mahsulotlardan bir birlik xarid qilish imkoniyatiga ega. Bu esa yuqoridagi 6ta mamlakat orasida eng yaxshisi hisoblanadi. Undan keyin AQSh 3,2 foiz, Janubiy Koreya 4,6 foiz va qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin Turkmaniston 8 foiz (Biroq Turkmanistonda qora bozor kurslari mavjudligi natijasida bu ko‘rsatkichlar bozor narxlarida o‘zgaradi). Agar ushbu davlatlarda EKOIHning qolgan qismini boshqa birinchi darajali xarajatlarga sarflansa (taxminan 30 foiz - kommunal to‘lovlari va soliqlarga, 30 foiz - kunlik maishiy buyumlar, kiyim-kechaklarga, 15 foiz - transport, aloqa va boshqa xarajatlarga) u holda qolgan eng kamida 15 foizini jamg‘arishlari yoki kelgusida foyda keltirishi mumkin bo‘lgan sohalarga sarmoya sifatida kiritishlari mumkin bo‘ladi. Eng qizig‘i, bu eng kam oylik ish haqiga ega bo‘lgan insonning imkoniyatlaridir. Rossiya va Qozog‘istondagi vaziyat ham aslida Rossiyaga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar natijasida kelib chiqqanini alohida ta'kidlab o‘tish kerak. Biroq shunday holatda ham ushbu davlatlarda eng kam oylik ish haqining deyarli beshdan bir qismiga yuqoridagi mahsulotlarni xarid qilishlari mumkin.

Endi O‘zbekistonga to‘xtalsak. EKOIHning ancha salmoqli qismi (deyarli yarmisi) 47,2 foiz O‘zbekistonda yuqoridagi mahsulotlarda bir birlik xarid qilishga yetadi xolos. Agar yana boshqa birlamchi xarajatlarni hisobga oladigan bo‘lsak, O‘zbekistondagi EKOIH hattoki eng minimal xarajatlarni qoplashga ham yetmay qolishi mumkin. Bundan xulosa qilish mumkinki, hattoki Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining o‘rtacha miqdorini olsak ham (6 koeffitsiyent) deyarli 900 ming so‘m o‘rtacha ish haqiga teng bo‘ladi, oylikning yarmi aynan iste'mol mahsulotlariga sarflanishi aniq. Oylik ish haqining qolgan qismi esa ko‘pi bilan soliq, kommunal xarajatlar, kiyim-kechak va transport xarajatlarini zo‘rg‘a qoplashi mumkin. Jamg‘arish haqida esa umuman gap so‘zi bo‘lishi mumkin emas. Aynan shu aslida bank-moliya sohasida aholi mablag‘larining kam to‘planishi va chakana xizmatlar bozorining gurkirab rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Banklarda yoki boshqa moliya sohalarida aholi bo‘sh mablag‘larining kam yig‘ilishi o‘z navbatida boshqa sohalarni qo‘shimcha kreditlar va qarz mablag‘lari hisobiga moliyalashtirish imkoniyatini kamaytiradi, yangi sohalar, yangi g‘oyalar amaliyotga tatbiq qilinishida sarmoya kamligiga sabab bo‘ladi va h.k. Bunda ayniqsa daromadlari EKOIHga karrali tarzda belgilangan kam ta'minlanmagan oilalar, nogironlar va qariyalarga hayot kechirish juda mushkul hisoblanadi. Endi o‘rinli bir savol tug‘iladi, EKOIHning miqdorini aniqlashda hukumatning tegishli yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi vakillari qanday parametrlarga e'tibor berishar ekan? Balkim ularda hisoblash metodikasi umuman boshqachadir, unda balkim suzuvchi bozor narxlari o‘rniga barchaning ham olish imkoni bo‘lmagan (sun'iy pasaytirilgan) narxlarni hisobga olishar. Bu esa umuman boshqa mavzu. 

Aslida ko‘plab malakali kadrlarning xorijga ishlashga jo‘nab ketishining asl sabablaridan biri ham shu tahlilda keltirilgan imkoniyatlardan foydalana olishidir. Ya'ni rivojlangan davlatlarning eng kam oylik ish haqi beruvchi sohalarida faoliyat yurita turib ham ular bemalol katta miqdordagi jamg‘armalarni hosil qilish imkoniga ega bo‘lishadi. Jamg‘arilgan puli bo‘lgan har qanday inson esa o‘zini boshqalardan ko‘ra erkinroq va ishonchliroq his qiladi. Chunki, mabodo biror kor hol ro‘y bersa, uning ushbu holatda suyanishi mumkin bo‘lgan moliyaviy mablag‘i bo‘ladi. Shuningdek, ushbu mablag‘larni yanada ko‘proq foyda olib kelishi mumkin bo‘lgan faoliyat va sohalarga investitsiya qilish imkoniyati mavjud. Aksariyat hollarda esa, ma'lum bir miqdordagi mablag‘ni jamg‘arib bo‘lgach, odamlar o‘zining yollanma ishidan qoniqmasdan o‘z mustaqil biznesini yuritishga kirishadi. Bunga ham eng katta turtki bo‘ladigan narsalardan biri jamg‘arilgan boshlang‘ich sarmoya hisoblanadi. Demak, umumiy olganda iqtisodiyotda shunday bir aniq va tizimli jarayonni yo‘lga qo‘yish lozimki, unda ham narxlar barqarorligi, ham jamiyat farovonligini ta'minlash uchun jamg‘arish uchun yetarli mablag‘ ortishi mumkin bo‘lgan ish haqi me'yorlari shakllanishi va amalda qo‘llanilishi kerak.

O‘zbekistondagi eng kam ish haqi miqdorining ushbu miqdori bugungi kundagi bozor talab va taklifi asosida shakllanayotgan narxlardagi mahsulot va xizmatlarga to‘lov qilishda naqadar to‘g‘ri hisob-kitob qilingani haqida esa hali yana bir mavzuda batafsil ma'lumot berib o‘tamiz. (Ma'lumot uchun rivojlangan davlatlarda o‘rtachadan pastroq soatbay ish haqi 15-20 dollarni tashkil qiladi).

Tan olib aytish kerakki, garchi mamlakatimizda ijtimoiy ta'minotga yuqori e'tibor qaratilayotgan bo‘lsa ham, aholining eng zaif qatlamlari ehtiyojlarini hisobga oluvchi davlat xizmati xarajatlari va real iste'mol narxlari tahlili yetishmaydi. Diqqatni qaratish mumkin bo‘lgan eng muhim narsalardan biri, bu yashash minimumi narxlari hisoblanishidir. Biroq, bizni xursand qiladigan natijalardan biri bu Prezidentning 23.06.2017 yildagi PQ-3082-son “Respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari bilan ishonchli ta'minlashga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorining qabul qilinganidir. Bu o‘z navbatida kelgusida EKOIH va aholi oylik ish haqi darajalariga ijobiy ta'sir qilishi mumkin. 

Umid qilamizki, yaqin kelajakda O‘zbekistonda ham aholining oylik ish haqlaridan salmoqli qismi jamg‘arish uchun zaxira sifatida yig‘ila boshlaydi.

Mansur Tangishov, moliyachi-ekspert

Mavzuga oid