«Kristal Pelas» 4 turdan so‘ng bosh murabbiyi Frank De Burni iste'foga chiqarib yubordi. Niderlandiyalik mutaxassis klubda atigi 77 kun ishlab, o‘ziga xos liga antirekordini qayd etdi.

Xo‘sh, bu qadar tez qaror qabul qilgan klub rahbarlari to‘g‘ri qilishdimi? Bu ikki oy Frank De Bur uchun muvaffaqiyatsizlik davri hisoblanadimi yoki xato uchun berilgan jazomi?

Avvalo shuni ta'kidlash kerakki, bosh murabbiy uchun to‘g‘ri jamoa va pallani tanlay olish xususiyati ham katta ahamiyat kasb etadi. Aynan mana shu jihatni his qila olish har qanday murabbiy uchun muvaffaqiyat kalitidir. Hamma joyda, har qanday sharoitda ham yaxshi natija qila oladigan murabbiy dunyoda yo‘q bo‘lsa kerak.

Frank De Bur aslida u qadar yomon mutaxassis emas. U Erdiviziyadagi besh mavsumida «Ayaks»ni to‘rt bora chempion qila olganining o‘zi ham ko‘p narsadan darak. Ammo «Inter»da atigi 85 kundan so‘ng iste'foga chiqarilgan murabbiy yangi tanlovlarda ehtiyot bo‘lishi kerak edi, bunday holatning takrorlanishi uning murabbiylik karerasidagi dog‘ni yanada kattalashtirib yuborishi mumkin edi. Ikki marta, ikki joydan juda erta quvilgan murabbiyga bo‘lgan munosabatda, aksariyat hollarda, endi De Burning o‘zi ayblanadi va hatto uning taqdiri yurtdoshlari Marko van Basten, Frank Raykaard, Ruud Gullit kabi erta yakunlanishi ham mumkin.

Foto: «Kristal Pelas»

«Kristal Pelas» – eng odatiy britan klubi. Asosan himoyaga katta e'tibor qaratadigan, uzun paslar orqali o‘ynashni xush ko‘radigan, ijrochilarning jismoniy jihatlariga urg‘u beradigan haqiqiy ingliz jamoasi. Agar bu faktga, klub rahbarlarining so‘nggi 6 yilda 6 marta murabbiyni iste'foga chiqargani qo‘shilsa, Frank qaysi aql bilan bu ishga bel bog‘laganini tushunish qiyin bo‘lib qoladi.

Albatta, shu o‘rinda, De Burning «Kristal Pelas» rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazganini bilamiz, klubning o‘ziga xosligi, Niderlandiya uslubiga begona ekanini u ham bilgan bo‘lishi tabiiy. Bundan kelib chiqadiki, «Kristal Pelas» rahbariyati jamoani tubdan o‘zgartirishga bel bog‘lagan va shubhasiz, Alan Pardyu, Sem Ellardays kabi sobiq murabbiylardan har tomonlama farq qiladigan Frank De Bur varianti ular uchun uzoq muddatli loyiha edi.

Jyeremi Hosking «Kristal Pelas»ni ko‘proq taktik futbol o‘ynaydigan, to‘pni nazorat qila oladigan, Yevropa futboliga yaqinroq va Yevropa uchun maftunkorroq bo‘lgan jamoaga aylantirishni niyat qilgan bo‘lishi tabiiy. Misol tariqasida, «Everton» namoyon bo‘lgani ham ehtimol. Esingizda bo‘lsa, Roberto Martinesning kelishi «Everton»dagi David Moyyes davriga yakun yasagan, natija e'tibori bilan u qadar yuksalish kuzatilmagan bo‘lsa-da, «Everton» oddiy «yugur-tep» britan jamoasidan jozibali jamoaga aylana bordiki, boshqa bir niderlandiyalik mutaxassis Ronald Kuman qo‘l ostida o‘ynashda davom etmoqda.