6 oktyabr kuni Fransiyaning yangi bosh vaziri Sebastyan Lekornu va uning hukumati iste’foga chiqdi. Bu – Lekornu o‘z kabinet tarkibini e’lon qilganidan atigi bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi va mamlakatdagi siyosiy inqirozni yanada chuqurlashtirdi.

Reuters nashrining yozishicha, kutilmagan va juda tez iste’fo – tarafdorlari va muxoliflari hukumatni qulatish bilan tahdid qilganidan so‘ng yuz berdi.

Xususan, Fransiyadagi o‘ng radikal «National Rally» partiyasi prezident Emmanuel Makronni darhol parlamentni tarqatib, muddatidan oldin saylov o‘tkazishga chaqirdi. Chap radikal «France Unbowed» (Bo‘ysunmas Fransiya) esa Makronning o‘zini iste’foga chiqishga da’vat qildi.

Lekornu – Makron ikki yil ichida tayinlagan beshinchi bosh vazir bo‘lib, lavozimda atigi 27 kun ishladi. Uning hukumati esa atigi 14 soat faoliyat yuritdi. Bu zamonaviy Fransiya tarixidagi eng qisqa umr ko‘rgan hukumat hisoblanadi. Ayni vaqtga kelib, parlament keskin bo‘lingan, mamlakat esa o‘z moliyaviy tartibini tiklashda qiynalmoqda.

Foto: Reuters

«Ishlash uchun zarur sharoit mavjud bo‘lmasa, bosh vazir bo‘lib qolishning imkoni yo‘q», — dedi Lekornu iste’fosidan so‘ng qilgan qisqa chiqishida.

U muzokaralar yuritish va muxolifat bilan murosa topishning imkonsizligini siyosiy partiyalarning «shaxsiy ambitsiyalari va qat’iy pozitsiyalariga» bog‘ladi. Unga ko‘ra, ayrim siyosatchilar o‘z saylov dasturiga ko‘r-ko‘rona yopishib olgan, koalitsiya ichidagi ayrimlar esa allaqachon kelajakdagi prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

«Har doim partiyangizdan ko‘ra yurt manfaatini ustun qo‘ying», — dedi u.

Lekornu – bir necha hafta davom etgan siyosiy maslahatlashuvlardan so‘ng yakshanba kuni o‘zining Vazirlar Mahkamasi a’zolarini e’lon qilgan edi. Reutersʼning yozishicha, yangi hukumat tarkibi ham muholifat, ham tarafdorlar orasida norozilik keltirib chiqardi – kimdir uni «haddan ziyod o‘ng tomonga og‘di», boshqalar esa «yetarlicha qat’iy emas» deb tanqid qildi. Bu esa hukumatning uzoq umr ko‘rmasligi haqidagi shubhalarni kuchaytirdi.