Din Henderson – penaltilar seriyasi qiroli.

Angliya superkubogi, 10 avgust, «Uembli»
«Kristal Pelas» – «Liverpul» 2:2, penaltilar seriyasi – 3:2.
Gollar: Mateta (17, penalti), Sarr (77) – Ekitike (4), Frimpong (21).
«Kristal Pelas» – Henderson, Richards, Lakrua, Gehi (Devenni, 90+4), Munyos, Kamada (Hyuz, 29), Uorton (Lerma, 85), Mitchell (Sosa, 79), Sarr, Eze, Mateta.
«Liverpul» – Alisson, Frimpong, Konate, van Deyk, Kerkez (Roberson, 84), Jons (Endo, 71), Soboslai, Virts (Elliot, 84), Saloh, Gakpo, Ekitike (Makallister, 71).
Ogohlantirishlar: Konate (43), Virts (44), Saloh (87).

Yevropada futbol mavsumi nihoyat ochildi! «Liverpul» va «Kristal Pelas» Angliya Superkubogi uchun «Uembli» stadionida kuch sinashdi.

Bu o‘yinda barchaning e’tibori «Liverpul»ga qaratilgandi. Mersisaydliklar mavsumlar oralig‘ida transferlar uchun 300 million yevrodan ortiq mablag‘ sarfladi — bu klub tarixidagi misli ko‘rilmagan transferlar oynasi bo‘ldi va barcha davrlardagi mutlaq rekord o‘rnatildi. Bunday xarajatdan keyin betaraf muxlislar uchun ham bundan qanday natija bo‘lishini ko‘rish qiziq edi.

Jamoa bosh murabbiyi Arne Slot maydalashib o‘tirmadi va barcha yangi futbolchilarni boshlang‘ich tarkibga kiritdi. Himoya qanotlariga Milosh Kerkez (uning uchun 47 million yevro to‘langan) va Jyeremi Frimpong (40 mln yevro), hujum markaziga Yugo Ekitike (95 mln yevro), maydon markaziga esa eng yulduz debyutant — Florian Virs (125 mln yevro) tashlandi.

Ko‘pchilik tomonidan Angliyada yaxshi o‘ynab ketishiga shubha bildirilgan Ekitike esa to‘rtinchi daqiqadayoq hisobni ochdi. Fransuz futbolchisi chap qanotda Virs bilan devor uslubida o‘ynab, undan to‘pni qabul qilib olgach, markaz tomon yurdi va jarima maydoni tashqarisidan turib, yerlatib aniq zarba yo‘lladi, «Kristal Pelas» darvozaboni Din Henderson bu zarba qarshisida ojiz qoldi.

Tezkor gol londonliklarni to‘pni olib, oldinga o‘tishga majbur qildi. 15-daqiqada mersisaydliklar himoyachilari ofsayd chizig‘ini hosil qilishda xato qildi va Mateta Alison bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi, darvozabon xavfni bartaraf etdi, ammo to‘p Sarrga kelib tushdi, uni esa Virjiyl van Deyk jarima maydoni ichida yiqitdi – hakam 11 metrlik jarima zarbasi belgiladi. Mateta sovuqqonlik bilan kuchli zarba yo‘llab, hisobni tenglashtirdi.

Gol «burgutlar»ni ilhomlantirib yubordi – keyingi daqiqalarda yana bir necha xavfli hujumlar uyushtirildi. Ammo «Liverpul» kutilmaganda o‘yinni o‘zgartirib yubordi – 21 daqiqada jamoaning yana bir yangi futbolchisi Frimpong o‘ng qanotdan hujum uyushtirdi, u katta ehtimol bilan to‘pni jarima maydoni markaziga uzatmoqchi edi, biroq to‘p trayektoriyasi kutilmagan tarzda o‘zgarib, darvoza to‘riga borib tushdi.