O‘zbekiston | 17:09 / 13.09.2017
23203
4 daqiqa o‘qiladi

Qanday jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov majburiy hisoblanadi?

Foto: kabar.kg

6.09.2017 yildagi O‘RQ–442-son «Surishtiruv instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun «Xalq so‘zi» gazetasida e'lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda. 

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan tuzatishlarga binoan surishtiruv jinoyat ishini tergov qilishning mustakil shakliga aylandi. Ya'ni, qator jinoyatlar bo‘yicha jinoyat ishlari surishtiruvdan dastlabki tergovga yuborilmaydi.

Natijada ilgari barcha jinoyat ishlari bo‘yicha majburiy bo‘lgan dastlabki tergov endi faqat alohida jinoyat tarkiblari bo‘yicha majburiy tartibda amalga oshiriladi (quyidagi jadvalga qarang).

Jadvalda ko‘rsatilmagan jinoyat tarkiblari bo‘yicha surishtiruv o‘tkaziladi.

Surishtiruvni 4 idora olib boradi, muddati – bir oy
 
Endilikda jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv:

•  ichki ishlar organlari;
•  Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi bo‘linmalari;
•  Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va uning joylardagi bo‘linmalari;
•  Davlat bojxona qo‘mitasi va uning joylardagi bo‘linmalari surishtiruvchilari tomonidan olib boriladi.

Ilgari surishtiruv olib borgan boshqa organlar (JPK 38-moddasining eski tahriri) endi faqat tergovgacha tekshiruv o‘tkazishga haqli. Muayyan holatlarda surishtiruvni prokurorlar va tergovchilar o‘tkazishi mumkin.

Surishtiruv jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan kundan boshlab 1 oydan oshmagan muddatda tugatilishi darkor. Prokuror ushbu muddatni 20 sutkagacha uzaytirishi mumkin. Surishtiruv quyidagi hujjatlardan birini rasmiylashtirish bilan tugatiladi:

•  jinoyat ishini tugatish qarori - jinoyat ishi JPKning 83- va  84-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda tugatiladi;
•  ayblov dalolatnomasi – surishtiruvda aniqlangan holatlar, ayblanuvchining shaxsi to‘g‘risidagi ma'lumotlar, e'lon qilingan ayblovning mazmuni, shuningdek surishtiruv davomida aniqlangan va ushbu jinoyat ishi uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi. Ayblov dalolatnomasi surishtiruvchi tomonidan imzolanadi, surishtiruv bo‘limi rahbari bilan kelishiladi keyin  jinoiy ish darhol prokurorga jo‘natiladi;
•  ishni tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash yoki taraflarning yarashuvi uchun sudga yuborish to‘g‘risidagi qaror;
•  amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish to‘g‘risida taqdimnoma tayyorlash.

Ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishini sudda muhokama qilish muddati ishni muhokama qilish boshlangan kundan e'tiboran 1 oydan oshmasligi kerak.

Ma'lumot uchun: umumiy qoidaga ko‘ra jinoyat ishi bo‘yicha sud ishining davomiyligi u boshlangan vaqtdan boshlab 2 oydan oshmasligi kerak.

Mavzuga oid