O‘zbekiston | 19:10 / 14.09.2017
23995
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank yaqin kelajakda hech qanday yangi banknota chiqarmaydi

Foto: Kun.uz

Markaziy bank (MB) yaqin kelajakda yangi nominaldagi  banknotalarni chiqarmaydi. Bu haqida 14 sentabr kuni MB vakillarining OAV xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ma'lum qilindi. KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi. 

Markaziy bank rais o‘rinbosari so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda 100 ming so‘mlik banknotalarning muomalaga kiritilishi kutilayotgani haqida xabarlar tarqalayotgani va ularning asossiz ekanini qayd etdi. 

"Markaziy bank hozircha hech qanday yangi banknota chiqarishni rejalashtirmayapti", - dedi MB vakili. 

Shuningdek Markaziy bank rais o‘rinbosari T.Ishmetov "50 ming so‘mlikning muomalaga kiritilishi narxlarning oshishiga ishora qilmaydimi?" degan savolga quyidagicha javob berdi: 

"Katta banknotalarning chiqarilishi inflyatsiyaga olib kelmaydi, bu shunchaki aholiga qulaylik yaratish uchun qo‘yilgan qadamdir". 

Bundan tashqari, MB vakillari valyutaga doir qaror tayyorlanganda eng xavotirga solgan masala - inflyatsiya masalasi bo‘lganini ta'kidlashdi. 

"Narxlarning oshishiga liberalizatsiyaning ta'siri yo‘q. Sababi ko‘p import mahsulotlar bozor narxida belgilangan. Xalq iste'moli mollarining 95 foizi bozor kursida hisoblanib kelingan. Bu borada yaqin orada yangi qaror chiqishi kutilmokda. Keng turdagi tovarlar uchun bojxona to‘lovlarini kamaytirish maqsad qilinmoqda. Prezident komissiyasi narxlarning asossiz oshishini qat'iy nazorat ostiga oladi", - dedi T.Ishmetov.

Mavzuga oid