Mirzo Ulug‘bek tumanida aliment to‘lashdan bosh tortgan shaxs 1 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi Ilhom Haitov oilasini ikki nafar farzandi bilan tashlab ketdi. Farzandlariga moddiy yordam – aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab, sakkiz yil davomida izsiz yo‘qoldi. Boquvchisiz qolgan turmush o‘rtog‘i esa ikki norasidaga ham ota, ham ona bo‘ldi, deb yozmoqda O‘zA.
Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Toshkent shifokorlar malakasini oshirish instituti binosida bo‘lib o‘tgan sayyor sudda I.Haitovning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi.
I.Haitov turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan paytda, ya'ni 2006 yil oktabr oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan Rushana (Haitova) Kamolovaga ikki nafar farzandining voyaga yetguniga qadar ish haqi va boshqa daromadlaridan uchdan bir qismi miqdorida aliment to‘lashi belgilangan edi. Ammo u qonuniy burchini bajarishdan ochiqchasiga bosh tortib, qo‘shni Qozog‘iston davlatiga ketib qoldi va oradan sakkiz yil o‘tib qaytib keldi.
R.Kamolova farzandlarining otasi qaytib kelganini bilgach, o‘tgan yillardagi aliment to‘lovidan voz kechdi va bundan buyog‘iga to‘lashini so‘rab sudga yana ariza berdi. Mazkur arizaga asosan 2014 yil fevral oyida I.Haitovga nisbatan aliment to‘lash bo‘yicha sudning yangi buyrug‘i chiqdi. Biroq doimiy ogohlantirish berib turilganiga qaramay I.Haitov bu safar ham aliment to‘lamadi. Buning oqibatida uning aliment qarzi joriy yilning 15 avgustiga qadar 13 million 783 mingni tashkil etdi.
Sayyor sud zalida I.Haitovga aliment qarzini to‘lash taklifi bildirildi. Lekin u pulni to‘lashni istamadi. Voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta'minlashdan bosh tortganligi uchun I.Haitov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga muvofiq bir yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Sudlanuvchidan jabrlanuvchi R.Kamolova foydasiga to‘plangan qarz undirilishi belgilandi.
Sayyor sud majlisida sodir etilgan jinoiy qilmishning kelib chiqish sabablari tahlil qilindi. Bu kabi tadbirlar fuqarolar o‘rtasida huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilishi kerakligi ta'kidlandi.
Mavzuga oid
16:17 / 02.11.2024
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi
17:12 / 30.10.2024
Alimentdan qochib yurgan otani “ilintirgan” xodim – MIB operatsiyasi tafsilotlari
16:56 / 25.09.2024
Bahodir G‘oyibnazarov hokimlikka qaytdi
12:30 / 24.09.2024