O‘zbekiston | 19:12 / 15.09.2017
13077
3 daqiqa o‘qiladi

Soliq maslahatchilari xulosasini oldingizmi - rejali tekshirishlar 5 yilda bir marta o‘tkaziladi

Foto: Norma.uz

Soliq maslahatchilari institutining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tuzatishlar loyihasi QHTBT portalida joylashtirildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Soliq maslahatchilari hisobot tuzishadi va topshirishadi
 
«Soliq maslahati to‘g‘risida»gi Qonunning 5-moddasiga qo‘shimchalar soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar ro‘yxati kengaytirilishini nazarda tutadi. Unga mijoz (ishonch bildiruvchi) nomidan soliq hisobotini tuzish, shuningdek soliq organi va statistika organlariga soliq va moliyaviy hisobotlarni taqdim etishni kiritish taklif etilmoqda.  
 
Soliq kodeksiga tuzatishlardan kelib chiqib soliq maslahatchilari soliq hisobotlarini ishonchnoma asosida topshiradi.
 
Stajga ega soliqchilar maxsus kursdan ozod etiladi
 
Soliq organlarida 10 yildan kam bo‘lmagan ish stajiga ega bo‘lgan nomzodlarni soliq maslahatchilarini tayyorlash bo‘yicha maxsus kursdan ozod etish taklif etilmoqda.
 
Ma'lumot uchun: hozirgi kunda bu soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olish uchun barcha nomzodlarga qo‘yiladigan talablardan biri.
 
Ushbu qoida soliq xizmatidan bo‘shaganlarga ham ishdan bo‘shagan vaqtidan boshlab 3 yil ichida tatbiq etiladi.
 
Rejali tekshirishlar davriyligi oshiriladi
 
Quyidagilarning moliya-xo‘jalik faoliyatini 5 yilda 1 marotabadan ko‘p bo‘lmagan muddatda rejali tekshirish  taklif etildi:

•  halol soliq to‘lovchilarni;
•  soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish, to‘lash, soliq solish bilan bog‘liq obektlarni aniqlash va hisobga olish masalalari bo‘yicha soliq maslahatchilari tashkilotlarining xulosasiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarini.
 
Tadbirkorlik sub'yektlari ro‘yxatga olish joyi bo‘yicha soliq organiga soliq maslahatchilari tashkilotining tegishli xulosasini hisobot yilidan keyingi yilning 1 iyuliga qadar taqdim etishlari kerak bo‘ladi.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid