O‘zbekiston | 20:40 / 17.09.2017
16972
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda profilaktika inspektorlariga turar joy va avtomashinalar kalitlari topshirildi

Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi tomonidan Shahrisabz shahrining Amir Temur xiyobonida Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini qasamyodga keltirish, ularga xizmat uylari va imtiyozli ravishda berilayotgan shaxsiy avtomashinalar kalitini tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi.

Boshqarmaning KUN.UZ’ga xabar berishicha, marosimda hukumat a'zolari, davlat boshqaruv organlari va viloyat hokimlik rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari, profilaktika inspektorlarining ota-onalari, oila a'zolari ishtirok etishdi.

Dunyoda insonning hayotidan, uning tinchligidan ham azizroq, muhimroq narsa bo‘lmasa kerak. Bugun ichki ishlar organlari xodimlari, ayniqsa, profilaktika inspektorlari Vatanimiz kelajagi va istiqboli uchun daxldorlik hissi bilan yashashi, yurtiga fidoyilarcha xizmat qilib, o‘z qasamyodiga sodiq qolgan holda jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta'minlashga o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Bu profilaktika inspektoridan kuchli sabr-toqat, mehr-oqibat, matonat, yuksak ma'naviyat talab etadi.

Shu talabdan kelib chiqib, Prezident farmoni asosida joylardagi profilaktika inspektorlari soni oshirilib, ular uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari tayanch punktlari tashkil etildi.

Shuningdek, profilaktika inspektorlari nufuzini oshirish va xizmatni samarali o‘tashlarini ta'minlash maqsadida kommunal-maishiy sharoitlarga ega bo‘lgan, zamon talablariga javob beradigan qulay xizmat uy-joyi bilan ta'minlash maqsadida Prezident qarori qabul qilindi.  Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida shaxsiy avtoulovlar olishlari uchun sharoit yaratildi.

Amir Temur bobomiz oldida, el-yurt tinchligi va osoyishtaligini ta'minlashdek sharafli, shu bilan birga ma'suliyatli xizmatni o‘tashga qasamyod qilish uchun qad rostlab turgan navqiron, mard, jasur profilaktika inspektorlarimizni ko‘rgan har bir kishi ularga havas bilan qarayotgani aniq. Bu esa profilaktika inspektorlarimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlashi bilan birga, mas'uliyatlarini ham oshiradi.

Mana shunday quvonchli va hayajonli damlarda, ichki ishlar organlarining har bir profilaktika inspektori xalqimiz va prezidentga sodiq bo‘lishga mardonavor ravishda qasamyod qildi. Aminmizki, ular zimmasidagi mas'uliyatni chuqur his etib, el-yurt tinchligi, osoyishtaligini himoya qilishdek muqaddas burchni sharaf bilan ado etadilar.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid