Hujjatga ko‘ra, mahkumlarni ko‘chirish uchun asos bo‘lgan materiallar Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (JIED) tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha tegishli xulosa tayyorlanib, u JIED boshlig‘i yoki uning birinchi o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi.

Shuningdek, mahkumni bir muassasadan boshqa shu turdagi muassasaga ko‘chirish JIED Maxsus hisob boshqarmasi tayyorlagan taqsimot asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bunda asos sifatida JIED rahbariyati tasdiqlagan xulosa yoki sud qarori xizmat qiladi.

Loyihada mahkumlar bilan aloqa qilish tartibiga ham o‘zgartish kiritilmoqda. Xususan, amaldagi “telefon orqali” muloqot qilish tartibi “masofaviy video-uchrashuv yoki telefon orqali” shakliga o‘zgartirilishi taklif etilgan.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgartishlar jazoni ijro etish tizimidagi jarayonlarni yanada shaffoflashtirish, qaror qabul qilish tartibini aniqlashtirish va mahkumlarning yaqinlari bilan muloqot imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.