Parhez hayot davomiyligiga ta'sir ko‘rsatishi ma'lum bo‘ldi
Kamroq ovqatlanish kerak - Filadelfiyada joylashgan Templ Universiteti tadqiqotchilari aynan shu fikrni insoniyatga yetkazishga harakat qilishmoqda. Avvallari olimlar taomning me'yorda iste'mol qilinishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hayot davomiyligini oshirishi taxmin qilingan bo‘lsa, endi ular buni ilmiy isbotlashning uddasidan chiqishdi. Ma'lum bo‘lishicha, jumboqning yechimi uzoq vaqt genlarda yashirin bo‘lgan. Tadqiqot natijalari Nature Communications jurnalida chop etildi.
Olimlar o‘nlab yillar davomida ularni qiynab kelgan jumboqni yechishga muvaffaq bo‘lishdi va tirik mavjudotlar organizmlarida ro‘y beruvchi epigenetik o‘zgarishlarni kam kaloriyali parhez yordamida sekinlashtirish mumkinligi haqidagi xulosaga kelishdi.
Tadqiqotchilar chuqur tartiblash texnologiyasidan foydalanib, yosh o‘tgan sari turli jonivorlar organizmida ro‘y beruvchi epigenetik jarayonlarning o‘zaro aloqasini yaxshilab o‘rganib chiqishdi va natijalarni ularning hayot davomiyligi bilan bog‘lashdi. Ma'lum bo‘lishicha, organizmda epigenetik o‘zgarishlar qancha ko‘p ro‘y bersa, hayot davomiyligi shuncha qisqa bo‘lar ekan. Shundan so‘ng olimlar tajribaning ikkinchi bosqichiga o‘tishdi: ular bu o‘zgarishlar parhez va iste'mol qilinayotgan kaloriyalarning kamaytirilishi bilan bog‘liqmi yoki yo‘q - shuni aniqlashga harakat qilishdi.
Past kaloriyali parhezga yo‘naltirilgan labaratoriya sichqonlari va tajriba ostidagi maymunlar ko‘proq kaloriyali ozuqa bilan boqilgan nazorat guruhiga nisbatan epigenetik o‘zgarishlarning keskin kamayishini namoyish qilishdi. Qon tahlillari xulosalariga ko‘ra, parhezdagi maymunlar odatiy me'yordagi taomlarni iste'mol qilganlarga nisbatan 7 yoshga yoshroq bo‘lgan. Sichqonlarda esa natijalar bundan-da yaqqol namoyon bo‘lgan.
Olimlarning ishonch bilan ta'kidlashicha, parhez odamlarga ham xuddi shunday ta'sir ko‘rsatadi. Taom kaloriyasining pasayishi odamlarga yoshga doir kasalliklarni chetlab o‘tishga, shuningdek hayot davomiyligini oshirishga imkon beradi. Buyog‘iga jiddiy kirishib, yog‘li va zararli taomlarni yeyishdan voz kechish qoldi, xolos.
Mavzuga oid
12:06 / 13.01.2024
O‘zbekistonda aholi uchun parhez ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqiladi
23:24 / 18.08.2023
Olimlar yurak xastaliklari xavfini kamaytiruvchi oltita mahsulotni ma’lum qilishdi
20:14 / 09.02.2022
Olimlar parhez inson umrini 10 yilga uzaytirishi mumkinligini aniqlashdi
15:51 / 30.07.2020