Jahon | 20:47 / 24.09.2017
13914
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya kompaniyasi Alp tog‘lari havosini eksport qila boshladi

Foto: pixabay.com

Shveytsariyada tog‘ havosi xorijga sotila boshlandi. Ushbu biznesni yo‘lga qo‘ygan Swiss Alpin Air startapi shunday yo‘l bilan dunyoning eng ifloslangan shaharlarini toza havo bilan ta'minlamoqchi.

"Har yili sayyohlar Shveytsariya Alplariga go‘zal manzaralardan zavq olish va sof tog‘ havosidan nafas olish uchun keladilar. Bu shunchaki bizda bor toza havoning eksport qilinishidir. Biz tog‘ buloqlaridan olingan suvni, shokolad va pishloqni eksport qilmoqdamiz. Nima uchun sof havoni eksport qilmaylik? Bu dunyodagi eng sof havodir", deb aytildi kompaniyada.

Alp havosi startapning sayti orqali 7 litrlik flakonlarda aerozol ko‘rinishida sotilmoqda. Bunday flakon 120 marta nafas olishga yetishi kerak. Bir dona aerozolni 21 dollardan yoki 6 ta flakonli to‘plamni chegirma bilan sotib olish mumkin.

Ishlab chiqaruvchilarning g‘oyasiga ko‘ra, ular eksport qilayotgan havo eng ifloslangan shaharlarda yashovchilarga bir nafas bo‘lsa ham toza kisloroddan bahramand bo‘lishga imkon beradi. Aerozolga, shuningdek, nafas olish uchun maxsus niqob qo‘shib beriladi.

Ayni vaqtda startap o‘z g‘oyasini ilgari surish uchun sarmoyachilar izlamoqda.

Mavzuga oid