Jamiyat | 19:06 / 26.09.2017
7917
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona vodiysining suv ta'minotiga 228,2 mln. dollar investitsiya qilinadi

Foto: Norma.uz

Prezidentning 16.09.2017 yildagi PQ–3282-son qarori bilan Jahon banki ishtirokidagi «Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish. 2-faza» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari qabul qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bergan.
              
Ma'lumot uchun: Jahon bankining Direktorlar kengashi 30.06.2017 yilda O‘zbekistonga 5 yillik imtiyozli davr bilan 25 yil muddatga 144,9 mln AQSh dollari miqdorida kredit ajratilishini ma'qulladi. Loyihani qo‘shimcha moliyalashtirish uchun Yevropa Ittifoqining 16,4 mln AQSh dollari miqdoridagi granti jalb etilmoqda.
 
Loyihaning umumiy qiymati – 228,2 mln AQSh dollari bo‘lib, uning  83,3 mln AQSh dollari –O‘zbekiston hissasi  (36,9 mln AQSh dollari – soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish ko‘rinishida).
 
Loyiha 2017–2024 yillar mobaynida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida amalga oshiriladi.
 
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi loyihani amalga oshirish, kreditlardan maqsadli va samarali foydalanish  hamda barcha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha mas'ul ijro etuvchi organ etib tayinlandi. Loyihaning amalga oshirilishini boshqarish va muvofiqlashtirish Qishloq va suv xo‘jaligida investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi zimmasiga yuklandi.
 
Loyihani amalga oshirish doirasida quyidagi ko‘rinishda soliq va bojxona imtiyozlari amal qiladi:

•  kredit va byudjyet mablag‘lari hisobiga sotib olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) – bojxona to‘lovlaridan (bundan bojxona yig‘imlari mustasno), QQS, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar va yig‘imlardan ozod etish;
•  norezident-yuridik shaxslar daromadlari – yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘idan ozod etish;
•  norezident-jismoniy shaxslar daromadlari – JShDS to‘lashdan ozod etish.
 
Imtiyozlarni berish natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar loyihani amalga oshirishga davlatimiz qo‘shgan hissasi hisoblanadi.
 
Hujjat 25.09.2017 yilda rasman e'lon qilindi va kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid