Jamiyat | 19:49 / 27.09.2017
47375
3 daqiqa o‘qiladi

6 yildan beri falaj holda qolayotgan Nargiza Ubaydullayevaning ahvoli hozir qanday? 

Foto: KUN.UZ

KUN.UZ sayti orqali farg‘onalik Nargiza Ubaydullayeva 6 yildan beri falaj holda qolayotgani, uning onasi Habibaxon onaning bugungi kundagi ahvoli haqida ma'lum qilingan edi. Yaxshi niyat bilan Habibaxon ona qo‘lida qolgan Nargizaning farzandlari uchun xayriya aksiyasini tashkil etgan edik

O‘tgan davr mobaynida yurtdoshlarimiz mazkur aksiyaga befarq bo‘lishmadi. Imkoni boricha xayriyada ishtirok etishdi. Kimdir ruhiy, kimdir moddiy tomondan yordam berdi. KUN.UZ tahririyati xodimlari Farg‘onaga safar chog‘ida xayriya mablag‘larini Habibaxon ona qo‘liga topshirdi. 

“Sizlar kelib ketganingizdan keyin bankka borib hisob raqam ochdik. Xudoga shukr, sizlarning sa'y-harakatlaringiz bilan yurtimizdagi saxovatli, birovga yordam qo‘lini cho‘zadigan yaxshi odamlarni ko‘rdik. Ularga katta rahmat, sog‘ bo‘lishsin. Sizlar kelib ketganingizdan so‘ng Nargizani ko‘rgani Toshkentdan professor keldi. U qizimning hozirgi holati bo‘yicha aytgan gaplaridan xursand bo‘ldik, tomografiya qilib menga yuboringlar, dedi. So‘ng javobini jo‘natsak, natija yaxshi, deb aytdi. Hozirda uyg‘onish arafasida, dedi. Faqat qizimga travmatolog-massajchi kerak ekan. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bu borada yordam berishni va'da qildi. Bundan tashqari, tomog‘idagi qurilma 2011 yildan beri almashtirilmagan edi, uni ham qilamiz, deyishdi. Lekin hozircha bo‘lgani yo‘q, kutib turibmiz. 

Ahvol hamon o‘sha-o‘sha: ertalab soat 4.00da turib, zonddan o‘tadigan ovqatni tayyorlayman. So‘ng 6.00-6.30larda bu yerga kelaman, kiyim-kechaklarini yuvaman. Bolalarining birini bog‘chaga, ikkinchisini maktabga olib boraman. Allohga shukr, kattasi maktabda a'lo baholarga o‘qimoqda. Endi Xudodan so‘rab, yaxshi o‘zgarishni kutayapman. 

Barcha yordam bergan odamlarni Alloh qo‘llasin. Xudodan qaytsin. 6 yildan beri bir odam ham meni eshitgani yo‘q edi. Bir chamadon xat turibdi, yozaman, bitta gap kelaveradi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan vrachlarga moddiy-ma'naviy tomondan zararni qoplab berish majburiyati yuklatilgandi. Sizlar kelib ketganingizdan keyin viloyat qabulxonasidagilar o‘sha mablag‘ning ma'lum bir qismini to‘lattirdi. Plastik kartaga tushgan pullarning bir tiyinini ham ishlatayotganim yo‘q. Niyatim – Nargizani davolatish uchun chet elga olib chiqish”, - deydi Habibaxon ona.

Ona kun-u tun Allohdan shifo so‘ramoqda. Biz ham barcha yurtdoshlarimiz qatori Nargiza Ubaydullayeva uchun duodamiz. Yaxshilik hech kimni tark etmasin. Xayriyada ishtirok etgan barcha yurtdoshlarimizga mingdan-ming rahmat!

Mavzuga oid