13:21 / 27.09.2017
9614

FXX Durovdan Telegram foydalanuvchilari ma'lumotlari va yozishmalarini taqdim etishni talab qildi

Foto: RIA "Novosti"

Pavel Durov «VKontakte»dagi sahifasida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Telegram’ning London ofisiga yuborgan hujjatlarni e'lon qildi. Ulardan FXX kompaniyaga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma tuzganini anglash mumkin.

Birinchi hujjat – bu Federal xavfsizlik xizmatining 31 avgustdagi bildirishnomasi. Unda Telegram jamoasi «Axborot, axborot texnologiyalari va axborotni himoya qilish to‘g‘risida» gi qonunga muvofiq vakolatli organlarga «qabul qilinadigan, jo‘natiladigan, yetkazib beriladigan va qayta ishlanadigan xabarlar kodini ochish uchun» ma'lumot bermagani aytiladi.
 
28 iyundan boshlab Telegram axborot tarqatish tashkilotchilarining ro‘yxatiga kiritilganligi sababli, hukumat messenjer rahbariyatiga bir nechta talablarni qo‘yish huquqiga ega. «Yarovaya qonuni» bilan birgalikda paydo bo‘lgan normalardan biri, xabarlarni o‘qish uchun maxsus xizmatlarga kalitlarning berilishi edi.

Hukumat talabini bajarmagan kompaniya 800 mingdan 1 million rublga qadar ma'muriy jarimaga tortiladi. Roskomnadzor jarimaga sabab bo‘lgan buzilishni bartaraf etish kerakligi haqida qaror chiqarishi mumkin. Qonun bo‘yicha bunga kamida 15 kun beriladi. Kompaniya qarorni bajarmasa, Roskomnadzor servisni to‘sib qo‘yishi mumkin.

FXX Durovga bayonnomani shaxsan olish uchun Moskvaga vakilini yuborishni taklif qildi. Bayonnoma tuzilgan kun, 14 sentabrda Durovning vakillari FXX qabulxonasida paydo bo‘lmadi, shuning uchun hujjatning nusxasi Londonga yuborildi. Durov tomonidan e'lon qilingan bayonnomaga mahkamaning ilmiy-texnik xizmati boshqarmasi tashkiliy-tahliliy bo‘limi boshlig‘i D.A.Silantev imzo chekkan.

Bayonnomada tushuntirilishicha, 2017 yil 14 iyulda FXX kelgusi besh kun ichida ma'lumot taqdim etish bo‘yicha Telegram’ga murojaat yo‘llagan. Kompaniya uni 21 iyul kuni oldi. 30 avgustgacha maxsus xizmat javob olmadi, messenjer jamoasi esa talablarni bajarmadi.

«Vedomosti» nashriga bergan izohida Durov, ma'muriy huquqbuzarliklar Telegram’ni to‘sib qo‘yishga olib kelishi mumkinligini bilmasligini aytdi. Biroq huquqshunoslar messenjer yaratuvchisini «Rossiya Federatsiyasidan chiqib ketishda qiyinchiliklarga duch kelishi» mumkinligi haqida ogohlantirishgan. Bunga rasmiylashtirilgan bayonnoma sabab bo‘lishi mumkin.

Top