Jamiyat | 12:27 / 27.09.2017
12759
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy xavfsizlik xizmati AQShga viza rasmiylashtirishni va'da qilgan firibgarlarni qo‘lga oldi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati turli xil firibgarliklarga, jumladan, viza hujjatlarini soxtalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq qator tadbirlarni amalga oshirmoqda. Huquqni muhofaza qilish idorasi ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil mobaynida tezkor xodimlar go‘yoki huquq-tartibot idoralari, elchixonalarda aloqalarga ega bo‘lgan va noqonuniy ravishda sodda fuqarolardan hujjatlarni rasmiylashtirish evaziga pul talab qilgan bir necha firibgarlarni aniqlashgan va qo‘lga olishgan.

Xususan, MXXning Xorazm viloyati bo‘yicha Boshqarmasi tezkor xodimlari boshqa huquqni muhofaza qilish organlari va tuzilmalarini jalb qilgan holda, AQSh vizasini rasmiylashtirish bilan bog‘liq firibgarlikni amalga oshirishda gumonlanayotgan shaxslarni jinoyat ustida qo‘lga olish bo‘yicha maxsus amaliyot o‘tkazdi.

Tadbir davomida Samarqand viloyatida yashovchi, vaqtincha ishsiz bo‘lgan fuqarolar Alisher Nabiyev va Amirrahmon Rahmatovlar qo‘lga olindi. Ular Xorazm viloyatida yashovchi fuqarodan Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishlash maqsadida borish bo‘yicha viza hujjatlarini rasmiylashtirishda yordam berish uchun 6,3 ming AQSh dollarini olganlar.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining hududiy boshqarmasi tomonidan qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik) va 211-moddalari (pora berish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid