O‘zbekiston | 15:20 / 27.09.2017
8902
6 daqiqa o‘qiladi

Tibbiy ta'limni dunyo standartlariga yetkazish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

27 sentabr kuni Milliy matbuot markazida “Tibbiy ta'limdagi islohotlar — mamlakatimiz tibbiyot sohasining taraqqiyot mezonlaridan biri” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari Yusupaliyev Bahodir Qahramonovich, Fan va O‘quv yurtlari bosh boshqarmasi boshlig‘i Ismoilov O‘ktam Safoyevich, Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati raxbari Sanayev Furqat Choriyevich, shuningdek ixtisoslashtirilgan va ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, respublika darajasidagi davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari hamda OAV ishtirok etdi. 

Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbirining ma'lum qilishicha, anjuman Prezident Shavkat Mirziyoyevning tibbiy ta'limni isloh qilish va uni dunyo standartlari darajasiga yetkazish bo‘yicha bergan topshirig‘i yuzasidan olib borilgan ishlar, tizimda kutilayotgan o‘zgarishlar va ularning natijalariga bag‘ishlandi.

Ta'kidlash joizki, har qanday soha rivoji shu yo‘nalishda tayyorlanayotgan kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Xususan, tibbiyot ham. Garchi eng zamonaviy texnikalar, so‘nggi texnologiyalar sohaga kiritilsa-da, binolar rekonstruksiya qilinib, mukammal boshqaruv tizimi shakllantirilsa-da, kadrlar masalasida oqsash bo‘lsa, soha rivojida kutilgan natija bo‘lmaydi. Shu bois davlatimiz rahbari boshchiligida sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan bo‘lgan to‘rt uchrashuvda ham tibbiyot xodimlarini tayyorlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgani bejiz emas.

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta'lim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishda muhim burilish yasab berdi. 

Oliy tibbiy ta'lim muassasalarida bakalavriat bosqichining (davolash ishi) 7 yil davom etishi zamon talablariga javob bermasligi bilan birga, mazkur ta'lim uchun asoslanmagan holda ortiqcha moliyaviy mablag‘larni ham talab etib kelayotgandi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Davlat rahbarining mazkur qarorida aynan tibbiy kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish masalasiga yechim ko‘rsatilgan, ya'ni, hujjatda tibbiy ta'lim yo‘nalishlaridagi bakalavriat tizimida o‘qish muddatlarini belgilash alohida qayd etildi. Unga ko‘ra, 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab davolash ishi, kasbiy ta'lim (davolash ishi), harbiy-tibbiyot ishi (davolash ishi), pediatriya ishi 6 yil, tibbiy-biologik ish 4 yil, tibbiy profilaktika ishi 5 yil etib belgilandi. E'tiborli tomoni, hozirgi vaqtda “davolash ishi”, “kasbiy ta'lim” (davolash ishi), “harbiy tibbiyot ishi” (davolash ishi), “pediatriya ishi” bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha ta'lim olayotgan 2-5-bosqich talabalari ham ta'limni 6 yillik o‘quv dasturi asosida davom ettirishi ko‘zda tutilgan.

Mamlakatimizda yetti oliy tibbiy ta'lim muassasasi hamda ularning hududiy filiallarida har yili 2 mingdan ziyod shifokor tayyorlanmoqda. Ammo joylarga chiqib mavjud holat o‘rganilganda, sog‘liqni saqlash sohasining birlamchi tizimida kadrlar ta'minotida nomutanosibliklar borligi ayon bo‘ldi. Masalan, mamlakatimiz bo‘yicha shifokorlarning umumiy soni 72 ming nafar bo‘lib, har 10 ming aholiga nisbatan 23,5 nafarni tashkil etadi. Ammo Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan, Toshkent, Sirdaryo, Farg‘ona va Navoiy viloyatlarida bu ko‘rsatkich talab darajasida emas.

Shu nuqtai nazardan Prezidentimizning joriy yil 5 maydagi “2017-2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qarori kadrlar ta'minotini yaxshilashda muhim hujjat bo‘ldi. Unga muvofiq, 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab birinchi marta maqsadli qabul yo‘lga qo‘yildi. Endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan tibbiyot kadrlariga talab yuqori bo‘lgan hududlar uchun davlat granti asosida bakalavriat yo‘nalishiga qabul amalga oshirildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘z navbatida, yoshlar ham davlat tomonidan oliy ta'lim tizimini modernizatsiyalashga yo‘naltirilgan islohotlarni katta qiziqish bilan qabul qilib, bu borada yaratib berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, oliy ma'lumotli mutaxassis bo‘lib yetishishga intilayotgani ta'kidlandi. Shu o‘rinda tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga 2017 yilgi qabul har yilgidan-da qizg‘in kechgani qayd etildi. Joriy yil 44 409 nafar yigit-qiz ushbu yo‘nalishdagi oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshirdi. Ulardan 3 445 nafariga talabalik baxti nasib etdi. Bu talabalarning 1 355 nafari davlat granti asosida va 2 090 nafari to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotgani ma'lum qilindi.

Tadbirda ta'kidlanishicha, Prezident tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilayotgan tibbiy ta'limni kompleks rivojlantirish yo‘lidagi sa'y-harakatlar:

  • tibbiyot kadrlari yetishmovchiligi qoplanishini15 foizga tezlashtirish;
  • tibbiy ta'lim tizimini xalqaro standart talablariga moslashtirilish;
  • ta'lim muassasalari kadrlari salohiyatini oshirish;
  • davlat byudjyeti mablag‘larining maqsadli sarflanishi;
  • tibbiyot oliy o‘quv yurti tilabalarining amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash va o‘quv jarayonini samarali tashkil etish orqali yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashga xizmat qiladi.
Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid